AQSh Ukrainaga yalpi o‘t ochish reaktiv tizimlarini yuboradi 

Jahon 09:31 / 01.06.2022 25045

Vashington Ukrainaga cheklangan miqdorda o‘rta masofaga uchuvchi «ilg‘or raketa tizimlari»ni taqdim qilmoqchi, bu «Ukrainada jang maydonidagi asosiy nishonlarni aniqroq urish imkonini beradi», dedi AQSh prezidenti Jo Bayden The New York Times uchun maqolasida. Maqola 1 iyun, chorshanbaga o‘tar kechasi e’lon qilindi.

Shu bilan birga, Baydenning so‘zlariga ko‘ra, AQSh Ukrainani «o‘z chegaralaridan tashqarida zarba berish»ga undamaydi va bunga yo‘l qo‘ymaydi.

Oq uyning yuqori martabali mulozimlaridan biri anonimlik sharti bilan AQSh Ukrainaga M142 HIMARS (tezkor artilleriya raketa tizimi) mobil raketa qurilmalarini jo‘natishini aytgan, ularda 80 kilometr masofagacha zarba berishi mumkin bo‘lgan yuqori aniqlikdagi o‘q-dorilar ishlatiladi. Nazariy jihatdan, ular yuzlab kilometr masofadagi nishonlarga zarba bera oladi, ammo uzoq masofadan otish uchun o‘q-dorilar Ukrainaga yetkazilmaydi.

«Ushbu tizimlar ukrainaliklar tomonidan Rossiyaning Ukraina hududidagi hujumlarini qaytarish uchun qo‘llaniladi, ammo ular Rossiyaga qarshi (uning hududiga qarata) ishlatilmaydi», deb ta’kidladi amaldor. Yalpi o‘t ochish reaktiv tizimlari Ukrainaga 700 million dollarlik yangi harbiy yordam transhining bir qismi bo‘ladi, u shuningdek, vertolyotlar, tankka qarshi Javelin tizimlari, taktik mashinalar, ehtiyot qismlar va boshqalarni o‘z ichiga oladi.

Avvalroq, 26 may kuni Rossiya tashqi ishlar vaziri Sergey Lavrov G‘arb davlatlarining Rossiya hududiga yetib borishga qodir bo‘lgan qurol-yarog‘lar yetkazib berishi «qabul qilib bo‘lmaydigan eskalatsiya sari jiddiy qadam bo‘lishini» aytgandi. 

O‘z navbatida, Rossiyaning Vashingtondagi elchisi Aleksey Antonov Ukrainaga AQShdan uzoq masofali yalpi o‘t ochish reaktiv tizimlari yetkazib berish imkoniyatidan xavotir bildirdi. «Bunday qurilmalar Rossiya chegaralari yaqinida joylashtirilishi, ukrainaliklar esa Rossiya shaharlariga zarba berish imkoniyatiga ega bo‘lishi xavfi bor», — deb yozdi Antonov Rossiya diplomatik missiyasining Telegram kanalida. 

 

Ko‘proq yangiliklar: