Alamzada Italiya 3 yildan buyon mag‘lub bo‘lmayotgan Argentinaga qarshi. 29 yil kutilgan Finalissima oldidan

Sport 19:01 / 01.06.2022 23547

Bugun, 1 iyun oqshomida muxlislar e’tibori Londondagi «Uembli» stadioniga qaratiladi. Unda Yevropa chempioni sanalmish Italiya milliy jamoasi Janubiy Amerikada tengsiz bo‘lgan Argentinaga qarshi saf tortadi. 29 yillik tanaffusdan so‘ng UYeFA va KONMeBOL chempionlari o‘zaro to‘qnash keladigan Finalissima JCh-2022dan chetda qolgan alamzada Italiya va mag‘lubiyat nimaligini unutayozgan Argentina uchun muhim qarama-qarshilikka aylanishi kutilmoqda.

Finalissima qanday o‘yin?

Finalissima – Yevropa va Janubiy Amerika qit’asining amaldagi chempionlari o‘rtasidagi hal qiluvchi bahs bo‘lib, UYeFA va KONMeBOL o‘rtasida 2021 yilning 15 dekabr kuni imzolagan memorandum bo‘yicha o‘tkazilmoqda.  

Finalissima bir o‘yindan iborat bo‘lib, asosiy vaqt durang hisobda yakunlansa, jamoalar g‘olib nomini penaltilar seriyasida aniqlashadi. G‘olib jamoa vazni 8,5 kilogram, bo‘yi 45 santimetrlik sovringa ega chiqadi. 

Foto: Finalissima

Qit’a chempionlarining 3-to‘qnashuvi

Qayd etish joiz, bu – Yevropa va Janubiy Amerika qit’asi g‘oliblarining ilk uchrashuvi emas. Bungacha ikki konfederatsiya kelishuviga binoan 1985 yilda Yevropa chempioni Fransiya va Kopa Amerika g‘olibi Urugvay o‘rtasida bahs (2:0) o‘tkazilgan bo‘lsa, 8 yil o‘tib, 1993 yilda Argentina Mar-del-Platada Yevro-1992 g‘olibi Daniyani penaltilar seriyasida mag‘lub etgandi. Italiya va Argentina o‘rtasidagi bahs bu borada uchinchi to‘qnashuvga aylanadi. 

Kellini uchun xayrlashuv o‘yini

Yevro-2020 g‘olibi Italiyaning mundialsiz qolishi JCh-2022 saralash bosqichining sensatsion voqeasiga aylandi. «Skuadra Adzurra» o‘tgan yarim yildan ko‘proq vaqt davom etgan tushkun kayfiyatni «Uembli»dagi g‘alabani takrorlagan holda bayramona atmosferaga aylantirish imkoniga ega. Ushbu bahs italiyaliklar sardori Jorjio Kellini uchun ham o‘ziga xos ahamiyatiga ega – 37 yoshli himoyachi Londondagi o‘yindan so‘ng xalqaro faoliyatiga yakun yasaydi. Bosh murabbiy Roberto Manchini Argentinaga qarshi bahsda Yevro-2020 qahramonlarini asosiy tarkibda maydonga tushirishi ehtimoli katta. Shuningdek, Alessandro Bastoni, Sandro Tonali, Nikolo Dzanolo va Janluka Skamakka singari yosh o‘yinchilar ham o‘yinga shay. 

Foto: Getty Images

Argentina milliy jamoasi esa qariyb uch yildan buyon mag‘lubiyat nimaligini bilmay kelmoqda. Messi yetakchiligidagi «Albiseleste» mag‘lubiyatsiz seriyalar evaziga o‘tgan mavsum Kopa Amerika g‘olibiga aylanib, JCh-2022 saralash bosqichini ham muvaffaqiyatli yakunlagan holda Qatarga yo‘llanma oldi.  

Lionel Skaloni shogirdlari 2019 yildan buyon ilk marta Yevropa qit’asi vakiliga qarshi saf tortishadi. Uch yil avval argentinaliklar Germaniyaga qarshi o‘rtoqlik bahsida 2:2 hisobini qayd etishgandi.  

O‘yin oldidan kim qanday fikrda?

Foto: Getty Images

Roberto Manchini (Italiya bosh murabbiyi): «Italiya – Argentina uchrashuvi – jahon futboli klassikasidir. Bunday to‘qnashuvlar bahonasida butun dunyo bu jamoalardagi afsonaviy o‘yinchilarni eslaydi. Afsuski, bu bahsda Keza, Immobile, Berardi va Verratti bizga yordam bera olmaydi. Ammo ularning o‘rnini to‘ldira oladigan o‘yinchilar bor. Finallisimadan so‘ng milliy jamoada ma’lum bir davrga yakun yasaladi. Bu bilan tarkibni 15-20 nafar o‘yinchi tark etadi, demoqchi emasman, shunchaki tarkibni yoshartirish jarayoni boshlanadi». 

Lionel Skaloni (Argentina) bosh murabbiyi: «Futbolchilik faoliyatimda Italiya singari raqiblarga qarshi o‘yindan rohatlanganman. Biz Yevropaning eng kuchli jamoalariga qarshi ko‘proq maydonga tushishni istaymiz. Uzoq davom etayotgan mag‘lubiyatsiz seriyamiz – shunchaki statistika. Bu biz uchun muhim ahamiyatga ega emas. Argentina libosida maydonga tushar ekansan, istalgan o‘yin eng muhim bahsga aylanadi. Italiyaga qarshi bitta o‘yin bilan sovringa ega chiqish mumkin ekan, jamoamdagi barcha o‘yinchi borini ko‘rsatishi aniq». 

Foto: Getty Images

Finalissima. 1 iyun (chorshanba)

ITALIYa – ARGeNTINA

Stadion: London, «Uembli»

O‘yin boshlanish vaqti: 23:45

TV-translatsiya: Sport

Taxminiy tarkiblar:

Italiya: Donnarumma; Di Lorenso, Bonuchchi, Kellini, Emerson; Barella, Jorjino, Pessina; Bernardeski, Belotti, Insine

Argentina: E. Martines; Foyt, Romero, Otamendi, Akunya; De Paul, Rodriges, Lo Chelso; Di Mariya, Messi, Lautaro Martines. 

Usmon Ibodov tayyorladi.

Ko‘proq yangiliklar: