Ukrainada urush paytida nomusga tegish bo‘yicha birinchi ish sudga yuborildi 

Jahon 08:48 / 31.05.2022 19950

Ukraina bosh prokurori Irina Venediktova Rossiya harbiy harakatlari boshidan beri rossiyalik harbiylar tomonidan tinch aholini zo‘rlash bo‘yicha birinchi ish sudga topshirilganini ma’lum qildi. «Rossiya Federatsiyasining 90-Vitebsk-Novgorod gvardiya tank diviziyasining 239-polki harbiy xizmatchisi Mixail Romanov fuqaroni o‘ldirganlik va uning xotiniga nisbatan jinsiy zo‘ravonlik sodir etganlikda ayblanib sudlanadi», — deb yozdi u Facebook’da dushanba, 30 may kuni.

Kiyev oblasti prokuraturasi va Ukraina Xavfsizlik xizmati Romanov mart oyida Rossiya kuchlari tomonidan Kiyev oblastining Brovarskiy tumani bosib olinishi chog‘ida qishloqlardan biridagi uyga bostirib kirib, uy egasini otib o‘ldirgani va uning xotinini boshqa harbiylar bilan birga bir necha marotaba zo‘rlaganini aniqladi, dedi Venediktova. «Ular ayolni qurol va hatto o‘sha paytda yonida bo‘lgan bolasiga ham zo‘ravonlik qilish bilan qo‘rqitgan», dedi u. Bosh prokurorning so‘zlariga ko‘ra, ayblanuvchi hozircha qo‘lga olinmagan.

Bayonotda rossiyalik harbiyning boshqa jinoyatlarga aloqadorligi haqida qo‘shimcha ma’lumotlarga ega bo‘lganlar foydalanishi taklif etilayotgan aloqa ma’lumotlari ham mavjud. «Zo‘rlashdan urush quroli sifatida foydalanishga qarshi kurash jarayonining eng muhim tarkibiy qismi - bu jabrlanganlarning huquqni muhofaza qilish organlari bilan hamkorligi. Jabrlanganlar tayyor bo‘lganda va o‘zlarini xavfsiz his qilishganda, ular doimo yordam va himoya so‘rab bizga murojaat qilishlari mumkin» - dedi Venediktova.

Fevral va mart oylarining oxirida Kiyev oblastining ayrim hududlari Rossiya qo‘shinlari nazorati ostida edi. Ular chekinganlaridan so‘ng, bu hududlarda ommaviy qotillik va boshqa harbiy jinoyatlar haqida dalillar topildi. Rasmiylarga ko‘ra, o‘ldirilgan 1300 ga yaqin tinch aholining jasadi aniqlangan.

Ko‘proq yangiliklar: