NATO ittifoqning sharqiy tomonini mustahkamlash huquqi haqida e’lon qildi 

Jahon 10:31 / 31.05.2022 11555

Rossiyaning Ukrainada harbiy harakatlar boshlaganidan so‘ng NATO endi o‘z kuchlarini Sharqiy Yevropaga joylashtirmaslik majburiyatiga ega emas. Bu haqda 29 may, yakshanba kuni Shimoliy Atlantika alyansi bosh kotibi o‘rinbosari Mircha Joane AFP agentligiga ma’lum qildi

«Rossiya qo‘shnilariga hujum qilmaslik va NATO bilan muntazam maslahatlashuvlar o‘tkazish majburiyatini o‘z zimmasiga olgandi, buni esa hozir amalga oshirmayapti», - deya tushuntirdi Joane.

Moskvaning o‘zi Ukrainada harbiy harakatlar boshlab va alyans bilan muloqotni to‘xtatib, Rossiya-NATO asosiy aktini har qanday mazmundan mahrum qildi», dedi alyans bosh kotibi o‘rinbosari.

«Endi bizda sharqiy tomonda mustahkam pozitsiyaga ega bo‘lish uchun hech qanday cheklovlar yo‘q. Biz NATO hududining har bir kvadrati 5-modda va ittifoqchilar orqali himoya qilinishini ta’minlay olamiz», dedi u. 

Mircha Joane NATOning Sharqiy Yevropada o‘z kuchlarini joylashtirish bo‘yicha aniq rejasi bor-yo‘qligiga aniqlik kiritmadi, u faqatgina alyansning mintaqada «ishonchli, moslashuvchan va barqaror ishtiroki» kutilayotganini aytdi. 

1997 yilda Rossiya va NATO tomonidan imzolangan asosiy aktda tomonlar bir-birini dushman deb hisoblamasligi, boshqa davlatlarning hududiy yaxlitligini hurmat qilish majburiyatini olishi va Yevropa davlatlarining o‘z xavfsizligini ta’minlash yo‘lini tanlash huquqini tan olishi belgilab qo‘yilgan. 

Hujjat, shuningdek, o‘zaro maslahatlashuvlar, harbiy doktrinalar, budjetlar va harbiy strategiyalar bo‘yicha ma’lumot almashish, qo‘shma amaliyot va mashg‘ulotlar o‘tkazish mexanizmlari hamda tamoyillarini belgilab bergan. 

Tomonlar «Yevropaning kelishilgan mintaqalarida, shu jumladan, Markaziy va Sharqiy Yevropada odatiy qurollarni har qanday potensial xavf tug‘diradigan darajada kengaytirilishining oldini olishga» kelishib olgan. 

Fevral oyida, Rossiyaning Ukrainada harbiy harakatlar boshlashidan bir necha kun oldin, NATOga a’zo 30 ta davlat mudofaa vazirlari harbiy rahbariyatga alyansning sharqiy tomonini mustahkamlash rejalarini ishlab chiqish uchun mandat bergan edi. 

Shundan so‘ng, tashkilot bosh kotibi Yyens Stoltenberg gap «Sharqiy va Janubi-Sharqiy Yevropadagi yangi taktik guruhlar» haqida ketayotganini aytdi. Yakuniy qaror iyun oyi oxirida Madriddagi sammitda qabul qilinishi mumkin. 

Ko‘proq yangiliklar: