Janubiy Osetiyaning Rossiya tarkibiga kirishi bo‘yicha referendum qoldirildi 

Jahon 08:43 / 31.05.2022 14371

17 iyulga belgilangan, tan olinmagan Janubiy Osetiya respublikasining Rossiya Federatsiyasi tarkibiga kirishi bo‘yicha referendum «referendumga qo‘yilgan masalaning huquqiy oqibatlari noaniqligini inobatga olgan holda» qoldirildi. Bu haqda o‘zini mustaqil deb e’lon qilgan Janubiy Osetiya rahbari Alan Gagloyevning 30 may, dushanba kuni e’lon qilingan farmonida aytilgan.

24 may kuni inauguratsiyadan so‘ng lavozimga kirishgan Gagloyev o‘z farmoni bilan avvalgi prezident Anatoliy Bibilovning 13 maydagi referendum o‘tkazish haqidagi farmonini bekor qildi. Gagloyevning farmonida, shuningdek, Janubiy Osetiya va Rossiya Federatsiyasining integratsiyasi bilan bog‘liq «barcha masalalar bo‘yicha Rossiya tomoni bilan maslahatlashuvlar o‘tkazish» zarurligi aytilgan.

Avvalroq, 24 may kuni Rossiya prezidenti matbuot kotibi Dmitriy Peskov Moskva Janubiy Osetiya referendumini tashkil etish bo‘yicha hech qanday chora ko‘rmayotganini ma’lum qilgandi. Referendum o‘tkazish tashabbusi qonuniy yo‘l bilan yakunlanishi kerak, shu jumladan, «qonun-qoidalarni o‘ylab ko‘rish» kerak, dedi Peskov. 

2008 yil 26 avgustda Gruziyadagi «besh kunlik urush»dan ko‘p o‘tmay, Rossiyaning o‘sha paytdagi prezidenti Dmitriy Medvedev Rossiya Federatsiyasi tomonidan Janubiy Osetiya va Abxaziya mustaqilligini tan olish to‘g‘risidagi farmonni imzoladi. O‘shandan beri Janubiy Osetiya rahbariyati Rossiyaga qo‘shilish bo‘yicha referendum o‘tkazish rejasini bir necha bor e’lon qilgan. Janubiy Osetiyaning Gruziyadan mustaqilligini Rossiyadan tashqari dunyoning bir necha davlatigina tan olgan. 

Ko‘proq yangiliklar: