Ukrainaga yangi yordam paketi: «Garpun» va «Ekskalibur»lar nimalarga qodir?

Jahon 18:40 / 30.05.2022 46870

May oyining ikkinchi yarmida AQSh Ukraina uchun 40 milliard dollarlik yordam paketini ma’qulladi, uning bir qismi to‘g‘ridan to‘g‘ri og‘ir qurollar yetkazib berish uchun yo‘naltiriladi, bir qismi - bilvosita yetkazib beriladigan qurol hajmini oshirish uchun sarflanadi, masalan, o‘z qurollarini ukrainlarga beruvchi davlatlarga kompensatsiya sifatida.

Paketning harbiy-texnik qismi nafaqat qurollar yetkazib berishni, balki personalni tayyorlash va o‘qitish, harbiy texnika hamda qurollarga moddiy-texnik xizmat ko‘rsatish va boshqalarni ham o‘z ichiga oladi.

Bu paket avvalgilaridan farqli o‘laroq, nisbatan uzoq muddat uchun mo‘ljallangan. Vashingtondagi Xalqaro strategik tadqiqotlar markazi (CSIS) katta ilmiy xodimi Mark Kanchianning hisobotida yozilishicha, bu yordam joriy moliya yili davomida ko‘rsatiladi.

Shu bilan birgalikda, agar urushning ilk bir yarim oyida Ukrainaga harbiy yordam miqdori kuniga o‘rtacha 30 mln dollarni tashkil etgan bo‘lsa, aprelda bu ko‘rsatkich kuniga 100 mln dollargacha o‘sdi, hozirgi paketga ko‘ra esa kunlik hajm 135 mln dollarga yetadi.

23 may kuni Ukraina mudofaa vaziri Aleksey Reznikov amerikalik hamkasbi Lloyd Ostin bilan muzokara o‘tkazib, unga ayni vaqtda Kiyevga ko‘proq qaysi qurollar zarurligini ma’lum qilgan.

Kiyev olishni istayotgan qurollarning ayrimlarini Ukrainaga yetkazib berish boshlangan.

Odessa uchun «Garpun»lar

28 may kuni Odessa oblasti harbiy ma’muriyati rahbari Sergey Bratchuk Ukraina kemalarga qarshi qanotli raketalarni (Harpoon) qabul qilib olganini ma’lum qildi.

«Bizga shunchalik ko‘p «garpunlar» yetkazib berishdiki, endi RF Qora dengiz flotini butunlay cho‘ktirib yuborishimiz mumkin. Nega unday bo‘lmasin», deya yozdi Bratchuk.

Harpoon dengiz kompleksi sifatida yaratilgan, ammo Ukrainaga quruqlikdagi mobil qurilmalar yetkazilmoqda. Foto: AFP

Avvalroq Buyuk Britaniya, Daniya va Niderlandiya Ukraina harbiy-dengiz kuchlarini Amerikada ishlab chiqarilgan «Garpun» raketalari bilan ta’minlashi xabar qilingandi. O‘nlab ukrain harbiy xizmatchilari xorijda ushbu raketa majmualarini qo‘llashni o‘rganishgan.

Ukraina mudofaa vaziri Aleksey Reznikov «Garpun» raketalari Ukraina sohil mudofaasini mustahkamlaganini qayd etgan. «Ishonchim komilki, «Garpun»lar va bizning «Neptun»larimizning birlashuvi Odessaning ishonchli himoyasini ta’minlash, Qora dengizni ozod etish va uni yana xavfsiz qilishga yordam beradi», — degan Reznikov.

Ukrainaga raketalarning aynan qanday modifikatsiyasi yuborilgani ma’lum emas. «Garpun» - raketalarning butun bir oilasi, u ko‘p bor modernizatsiya qilingan. Jane's Defense nashriga ko‘ra, Daniya katta ehtimol bilan RGM 84L Block II modifikatsiyasini yuborishini yozgan.

«Garpun»ning bu modifikatsiyasi nafaqat ochiq dengizdagi nishonlarga, balki sohil yaqinidagi kemalar va hatto quruqlikdagi obektlarga hujum qilishi mumkin.

«Garpun» yoki «Moskva» kreyserini cho‘ktirib yuborgan ukrainlarning «Neptun» rusumli kemalarga qarshi raketalari oldindan nishonni belgilab berish orqali yo‘naltiriladi - nishon koordinatalari ularning bort kompyuterida saqlanadi va nishonga yaqinlashgach, raketa radar orqali boshqariladi.

Bunday radar ochiq dengizda yirik metall obektni osonlik bilan aniqlaydi, ammo quruqlikda nishonni topish biroz murakkablashadi. Quruqlikdagi kichik nishonlarga dengiz raketalari bilan zarba berish yanada qiyinroq - qattiq sirtlarni ajratib belgilash qiyinlashadi. Aynan shu tufayli portda turgan harbiy kema ochiq dengizdagidan ko‘ra xavfsizroq sharoitda bo‘ladi.

Ammo «Garpun» kemalarni port yoki sohildagi qurilmalardan farqlay oladigan qilib takomillashtirilgan.

«Garpun»ning bu modernizatsiyasida yo‘naltirish tizimini yaxshilash uchun inersiya bilan ishlaydigan navigatsiya tizimidan tashqari (raketa «xotira bo‘yicha» uchayotganida ma’lum nuqtada o‘z trayektoriyasini o‘zgartiradi), GPS priyomnigidan ham foydalanilgan.

«Garpun»ning harakatlanish masofasi ukrainlarning «Neptun»inikidan kamroq - 280 kilometrga qarshi 140 kilometr. Ammo jangovar kallak sezilarli darajada kuchli - ukrainlarning 150 kilogrammiga qarshi 221 kilogramm.

NavalNews nashri yozishicha, bunday majmualarni boshqaruvchi personalni o‘qitish uchun taxminan 14 kun ketadi. Qayd etilishicha, bu vaqt raketa uchirishni o‘rganish uchun yetarli, ammo texnik xizmat ko‘rsatish, xatolarni aniqlash va bartaraf etish hamda boshqa ko‘nikmalarni egallash uchun qo‘shimcha mashg‘ulotlar o‘tash kerak bo‘ladi.

«Garpun» majmualari Odessa hududiga joylashtiriladi, bu orqali ukrain portlarini deblokada qilish va rossiyaliklar tomonidan desant tushirish ehtimoliga qarshi turish ko‘zda tutilgan.

NavalNews nashri qayd etishicha, Qora dengiz floti kemalari uchun o‘ziga xos «havo hujumidan mudofaa tizimlari soyaboni» vazifasini o‘tab kelgan «Moskva» kreyseri cho‘ktirilgach, Rossiya dengiz kuchlari Qrim sohillariga yaqinroq joylashishga harakat qilmoqda.

Birinchidan, bu yerda ularni sohildagi havo hujumidan mudofaa tizimlari himoyalaydi, ikkinchidan, sohilning o‘zi ularni kemalarga qarshi raketalardan saqlaydi - yuqorida aytilganidek, bu yerdagi turli obektlar raketalarni chalg‘itadi.

Chex vertolyotlari va tanklari

So‘nggi yetkazib berilgan qurollar qatorida - Mi-35 vertolyotlari bor, ularni Ukrainaga Chexiya jo‘natgan.

Ukraina harbiy havo kuchlari bunday vertolyotlardan qancha qabul qilib olganiga aniqlik kiritilmagan, Military Balance nashri ma’lumotiga ko‘ra, 2021 yilda Chexiyada 17 dona Mi-24D va 10 dona - Mi-35 (Mi-24’ning yangilangan versiyasi) vertolyotlari bo‘lgan.

Chexiya harbiy-havo kuchlarining Mi-24 vertolyotlari. Foto: GETTY IMAGES

2019 yil yozida Chexiya ushbu vertolyotlardan, shuningdek Mi-8MTV harbiy-transport vertolyotlaridan voz kechgandi, ularni Amerikaning zarbdor vertolyotlari bilan almashtirishga qaror qilingan.

Military Balance ma’lumotiga ko‘ra, Ukraina 2021 yilda Mi-24 rusumli 35 ta vertolyotga ega bo‘lgan. Ayni vaqtga kelib ularning qanchasi omon qolgani noma’lum. Harbiy harakatlar sharoitida yo‘qotishlar ko‘lamini aniq baholash imkonsiz.

Zarbdor vertolyotlar - zamonaviy urushlar sharoitida quruqlikdagi kuchlarni qo‘llab-quvvatlashda muhim vositalardan biri hisoblanadi. Ularning o‘rnini uchuvchisiz uchish qurilmalari bosa olmaydi, vertolyotlar ko‘proq o‘q-dori olib yuradi va nishonlar tanlashda ko‘proq imkoniyatlarga ega hisoblanadi. Ammo qo‘shinlar ko‘plab havo hujumiga qarshi vositalarga ega bo‘lgan sharoitda vertolyotlar urib tushirilishi ehtimoli sezilarli darajada yuqori bo‘ladi.

Masalan, ukrain qo‘shinida ko‘plab ko‘chma va mobil zenit-raketa majmualari paydo bo‘lganida, Rossiyaning zarbdor vertolyotlar guruhi katta yo‘qotishlarga uchragan va urushning ilk kunlaridagiga qaraganda ehtiyotkorlik bilan harakatlana boshlagan.

Rossiya harbiylari ham ko‘plab zenit vositalariga, jumladan «Pansir-S» raketa-artilleriya qurilmalari va ukrainlarning taktik aviatsiyasi harakatini qiyinlashtirishi mumkin bo‘lgan boshqa qurilmalarga ega.

Pentagon rahbari Lloyd Ostinning bayonotiga ko‘ra, Chexiya Ukrainaga tanklar va baravar o‘t ochish tizimlari yuborishi ham ko‘zda tutilgan.

Vazir bu borada hech qanday tafsilotlarni keltirmagan, ammo avvalroq Chexiya Ukrainaga bir necha o‘n dona RM-70 (sovetlarning BM-21 «Grad» tizimining mahalliylashtirilgan varianti) raketa qurilmalari va T-72M1 tanklari jo‘natgandi.

M777 – «aqlli» yoki oddiysi?

Avvalroq AQSh Ukrainaga 90 ta M777 gaubitsalari yetkazib bergandi. Avstraliya va Kanada shunday vositalardan yana 10 tasini yuborishni va’da qilgan.

M777 gaubitsalari Ukrainaga jo‘natish arafasida. Foto: DEFENSE.GOV

Ammo gaubitsalarning jo‘natishga tayyorlanayotgandagi va Ukrainaga yetib kelgandagi tasvirlari paydo bo‘lganida, harbiy ekspertlar ularning korpuslarida yuqori aniqlikdagi snaryadlarni otish uchun zarur bo‘lgan raqamli bloklar yo‘qligiga e’tibor qaratishdi.

Bunday bloklar - amalda bort kompyuterlari - nafaqat gaubitsa korrdinatalarini, balki snaryadning boshlang‘ich tezligi va boshqa ko‘plab jihatlarni hisoblaydi. Bundan tashqari, ular yo‘naltirish jarayonini tezlashtiruvchi ma’lumot almashish bloklariga ega. Bu bloklar stvolning o‘rta qismida o‘rnatilgan kichik po‘lat quti ko‘rinishida bo‘ladi (yana bir blok stvol ostida joylashadi va tashqaridan qaraganda ko‘rinmaydi).

Ukraina mudofaa vazirligi tarqatgan videoda ham M777 gaubitsalarida bunday bloklar yo‘qligini ko‘rish mumkin.

Bunday qutilar yo‘qligini ko‘rgan ko‘plab sharhlovchilar ukrainlarga yetkazib berilgan M777 zambaraklari M982 Excalibur tipidagi yuqori aniqlikda yo‘naltiriluvchi o‘q-dorilardan foydalana olmasligi haqida ayta boshlashdi.

Shu bilan birga, Telegram’da Polsha va Ukraina chegarasida olingani aytilgan yana bir video paydo bo‘ldi. Unda elektron bloklar o‘rnatilgan M777 gaubitsalarini olib ketayotgan shatakchilar aks etgan. Videoda boshqa tafsilotlar keltirilmagan.

Yuqori aniqlikdagi snaryadlar

Ukrainaga yangi yordam paketi M777 gaubitsalari uchun Kanada tomoni yetkazib berayotgan 20 ming snaryadni ham o‘z ichiga oladi. Ular orasida yuqori aniqlikdagi o‘q-dorilar ham bor-yo‘qligi ma’lum emas.

M982 Excalibur snaryadlari ikkita galma-gal ishlovchi navigatsiya tizimlaridan - o‘t otish nuqtasidan nishongacha trayektoriyani hisoblovchi GPS va inersiyaga asoslangan tizimlardan foydalanadi. Inersial tizim tashqi axborot manbalariga, masalan, sun’iy yo‘ldosh signaliga bog‘liq bo‘lmaydi, u faqat snaryad parvozi trayektoriyasini hisoblaydi.

Bunda snaryad manyovr qilish va yetib borish masofasini 40 kilometrgacha oshirishga yordam beruvchi yig‘iladigan «qanotlar»dan foydalanadi. M982 Excalibur’ning nishondan chetga og‘ish ehtimoli besh metrdan oshmaydi.

Rossiyaliklarning Ukrainada qo‘llanayotgan yuqori aniqlikda harakatlanuvchi «Krasnopol» snaryadlari esa nishon tashqaridan belgilab berilishiga muhtoj - u lazer nuri orqali yo‘naltiriladi. Bunday tizim, nishonni belgilab beruvchi qo‘shimcha vositadan tashqari ob-havo sharoitlariga ham (tuman, tutun va boshqalar) bog‘liq.

Ijtimoiy tarmoqda paydo bo‘lgan fotosuratlardan birining muallifi uzoq masofaga uchuvchi va qudratli M795 hamda M549A1 snaryadlari Ukrainaga yetkazib berilganini aytadi. Bular uchish masofasi yaxshilangan o‘q-dorilardir, M795’ning aniqligi ham kuchaytirilgan, ammo u ham Excalibur’niki kabi yuqori darajada emas.

Yuqori aniqlikdagi snaryadlar Ukrainaga shuning uchun kerakki, endilikda harbiy harakatlarda artilleriya eng asosiy zarba berish vositasiga aylandi. Rossiyada artilleriya tizimlari ko‘proq - o‘ziyurar, shatakka olinuvchi, stvollli va reaktiv tizimlar. Ukraina qurolli kuchlari son ustunligiga sifat bilan qarshi turishga intilmoqda. Bundan tashqari, ukrainlar rossiyaliklarning ko‘p sonli artilleriya tizimlariga qarshi kurash sharoitida yuqori aniqlikdagi snaryadlar bilan samaradorlikni oshirishni istashmoqda.

Gaubitsalar odatda yuqorilatib o‘q uzadi va ularning stvollari yuqoriga qarab turadi. Foto: DEFENSE.GOV

Shilliqurtdagi patron

Ukraina o‘zi istagan barcha qurollarni ololmayapti.

Xususan, Amerika hamon uzoq masofaga zarba beruvchi baravar o‘t ochish tizimlarini yetkazib berishga ikkilanmoqda. Stvolli artilleriya bilan bo‘lgani kabi bunday tizim ham Ukraina qurolli kuchlari uchun masofa borasida ustunlikka ega bo‘lishda juda muhim.

Kiyev Amerikadan 300 kilometr masofadagi nishonga zarba bera oluvchi M142 HIMARS hamda 80 kilometrga otuvchi M270 MLRS baravar o‘t ochish tizimlarini so‘ramoqda.

Ukraina qurolli kuchlari bosh qo‘mondoni Valeriy Zalujniy 5 may kuniyoq feysbukdagi sahifasida bunday tizimlar Ukraina armiyasi uchun juda zarur ekanini yozgandi.

18 may kuni Politico nashri AQSh prezidenti ma’muriyatidagi manbasiga asoslangan holda, Vashington bunday kuchli tizimlarni Kiyevga berishni istamayotgani haqida xabar tarqatdi. Manba buni ma’muriyat ukrainlarga bunday tizimlardan kam miqdorda yetkazib berishdan ko‘ra, ko‘proq M777 gaubitsalari va ular uchun snaryadlar yetkazib berishni ma’qul ko‘rayotgani bilan izohlagandi.

Shuningdek, Vashingtondagilar ukrainlar bunday tizimlar bilan Rossiya hududiga zarba berishi mumkinligi va mojaro yanada keskinlashuvidan xavfsirayotgani aytildi.

27 may kuni CNN Bayden ma’muriyati uzoq ikkilanishlardan keyin Ukrainaga M270 MLRS baravar o‘t ochish tizimlarini yetkazib berishga rozi bo‘lganini xabar qildi.

29 may kuni Ukraina prezidenti ofisi maslahatchisi Mixail Podolyak mamlakat armiyasi 100 kilometrdan ortiq masofaga zarba beruvchi MLRS tizimlarini olayotganini ma’lum qildi.

20 may kuni Reuters agentligi Vashington Kiyevga «Garpun» raketalaridan tashqari Norvegiya tomonidan ishlab chiqilgan Naval Strike Missile rusumli kemalarga qarshi raketalar ham yetkazib berish imkoniyatini ko‘rib chiqayotgani haqida xabar bergandi.

185 kilometr masofaga yetib boruvchi va 125 kilogrammlik jangovar kallakka ega bo‘lgan bunday raketalar «Garpun»lardan boshqacharoq qilib ishlangan. Uning yo‘naltirish tizimi infraqizil datchik va bort kompyuteridagi nishonlar haqidagi ma’lumotlar bazasidan foydalanadi. Bunday opsiya evaziga NSM nafaqat dengizdagi, balki sohildagi yoki yer yuzasidagi nishonlarga ham hujum qila oladi. Bundan tashqari, raketa nishonga qarab uchish chog‘ida o‘zining urib tushirilishini qiyinlashtirish uchun manyovrlar amalga oshira oladi.

Amerika matbuoti Ukrainaga 40 milliard dollarlik yordam paketini tayyorlash chog‘ida Ukrainaga Patriot zenit-raketa majmualarini yetkazib berish masalasini ham keng muhokama qildi. Bu tizim keng radiusda harakat qilib, ballistik va qanotli raketalar, shuningdek, harbiy samolyotlarni urib tushirishga qodir. Hozirda ochiq manbalarda bunday tizimlar yetkazib berish rejasi bo‘yicha tafsilotlar yo‘q.

Qolaversa, Germaniyadan og‘ir qurollar yetkazib berilishi masalasiga ham hal qilingani yo‘q. Avvalroq Berlin Kiyevga yettita PzH 2000 rusumli (yana beshtasini Niderlandiya beradi) o‘ziyurar artilleriya qurilmalari, shuningdek Leopard 1 tanklari shassisiga o‘rnatilgan 70 ta Gepard zenit-raketa tizimlari yuborishi xabar qilingandi. Bundan tashqari, nemis nashrlariga ko‘ra, Rheinmetall kompaniyasi hukumatga Ukrainaga 88 ta Leopard-1A5 tanklari va yuzga yaqin Marder jangovar piyodalar mashinalari (BMP) yetkazib berish taklifi bilan murojaat qilgan.

UNIAN agentligi ma’lumotiga ko‘ra, ukrain harbiylari PzH 2000 o‘ziyurar artilleriya qurilmalaridan foydalanish uchun Germaniyada tahsil olmoqda. 20 may kuni Germaniya mudofaa vaziri Gepard zenit tanklari ham Ukrainaga yetkazilishi, ammo ularning soni 15 dona bo‘lishi va bu yetkazma faqat iyul oyida amalga oshirilishi mumkinligini aytdi.

«Leopard» va «Marder»lar masalasi hali hal bo‘lmagan. Ukraina tashqi ishlar vaziri Dmitriy Kuleba Davos forumida BMPlar yetkazib berilishi ehtimoli yuqori ekani, tanklar bo‘yicha esa hozircha faqat orzu qilish mumkinligini aytdi.

Boshqa bir diplomat, Ukrainaning Germaniyadagi elchisi Andrey Melnik tvitterdagi sahifasida yelkasiga bir dona patron ortmoqlagan shilliqurt suratini joylashtirdi va «Germaniyaning Ukrainaga yordami allaqachon yo‘lda» deya izoh qoldirdi. Melnikning so‘zlariga ko‘ra, u bu suratni Kiyevdagi hukumat a’zolaridan biridan qabul qilgan.

Avvalroq Melnik o‘z intervyularidan birida qurollar yetkazib berilishini Olaf Shols kanselyariyasi sekinlashtirayotgani haqida aytgandi.

Ko‘proq yangiliklar: