Nepalda yo‘lovchi samolyot qulab tushdi, uning bortida 22 kishi bo‘lgan

Jahon 13:14 / 30.05.2022 15381

Kanada samolyotsozlik kompaniyasi de Havilland tomonidan ishlab chiqarilgan ikki motorli kichik samolyot 29 may kuni mahalliy vaqt bilan soat 09:55 atrofida sayyohlar orasida mashhur bo‘lgan Pokxara shahridan Himolay tog‘idagi Jomsom aholi punkti tomon parvoz qilgan. Bu parvoz 20 daqiqa vaqt oladi, samolyot esa qo‘nishga taxminan besh daqiqa vaqt qolganida quruqlik bilan aloqani yo‘qotgan.

Halokat joyida qutqaruv amaliyoti o‘tkazilmoqda. «14 kishining jasadi aniqlandi, qolganlarni qidirish ishlari davom etmoqda. Ob-havo juda yomon, ammo biz qutqaruvchilar guruhini halokat joyiga yetkaza oldik», degan «Frans press» agentligiga Nepal fuqaro aviatsiyasi bo‘yicha agentlik rasmiysi Deo Chandra Lal Karn.

Nepal armiyasi vakili Narayan Sival dushanba kuni tvitterdagi sahifasida qulab tushgan samolyot tasvirlarini e’lon qildi. Uni qidirish ishlari taxminan bir kun davomida olib borilgan.

Nepalda aviatsiya halokatlari - kamyob hodisa emas, ularning aksari ob-havo tez o‘zgarishi bilan bog‘liq bo‘ladi. Bundan tashqari, bu tog‘li mamlakatda uchish-qo‘nish polosalari ko‘p hollarda murakkab relefli hududlarda joylashadi.

Qutqaruvchilar Tara Air aviakompaniyasi samolyoti qulagan joyni qidirishga yo‘l olmoqda. Foto: EPA

2018 yil boshida US-Bangla aviakompaniyasi samolyoti Bangladesh poytaxti Dakkadan uchib, Nepal poytaxti Katmanduga qo‘nish chog‘ida yonib ketgan, natijada uning bortida bo‘lgan 71 kishidan 51 nafari halok bo‘lgandi.

2019 yil aprelida Nepal sharqidagi Lukla shahrida samolyot uchish-qo‘nish yo‘lagidan chiqib ketib, vertolyotga urilishi oqibatida uch kishi halok bo‘lgan.

Ko‘proq yangiliklar: