Germaniyada inflatsiya darajasi oxirgi 50 yildagi rekord ko‘rsatkichga yetdi 

Jahon 22:46 / 30.05.2022 13789

Germaniyada may oyida inflatsiya tezlashib, 7,9 foizlik tarixiy maksimumga yetdi, deb ma’lum qildi mamlakat federal statistika byurosi.

Bu oxirgi 50 yildagi eng yuqori ko‘rsatkich hisoblanadi, deya qayd etdi Reuters. Aprelda mamlakatdagi iste’mol narxlari 7,4 foizga yetgandi.

«2022 yil may oyidagi kabi inflatsiya darajasi oxirgi marta 1973/74 yil qishida, neft narxi keskin oshib ketganida qayd etilgandi», — deyiladi Destatis press-relizida.

Ukrainada urush boshlanganidan keyin energiya narxlarining oshishi inflatsiyaning umumiy darajasiga sezilarli ta’sir ko‘rsatdi.

Aprelda energiya importi 2021 yil aprelidagiga nisbatan 154,7 foizga qimmatlashdi. Import tabiiy gaz narxi bir yil ichida to‘rt baravarga (301,2 foiz), toshko‘mir 322 foiz, neft mahsulotlari 106,6 foizga oshdi.  

Natijada may oyida mamlakatda energiya narxi o‘tgan yilning shu davriga nisbatan 38,3 foizga, oziq-ovqat mahsulotlari narxi 11,1 foizga qimmatlashdi.  

Germaniya moliya vaziri Kristian Lindner inflatsiya iqtisodiyot uchun «jiddiy xavf»ligini e’tirof etdi.

«Iqtisodiy inqiroz yuz bermasligi uchun bunga qarshi kurashishimiz kerak», — dedi u. 

 

Ko‘proq yangiliklar: