«Real» - yana Yevropa qiroli, Kurtua - final superqahramoni. Mavsumning so‘nggi katta o‘yini haqida

Sport 11:06 / 29.05.2022 44730

Tashkilotchilikdagi sharmandalik

Chempionlar ligasi — bayram, uni buzishning o‘zi qiyin. Jamoalardan biri «avtobus» qo‘yib o‘ynashi, sifatsiz futbol namoyish etilishi, hatto sevimli jamoaning mag‘lubiyati — o‘yindan olgan taassurotni buza olmaydigan mayda jihatlardir. Chunki final kunida asosiysi — aynan o‘yin bo‘lishidir. Uni bir yildan keyin ham eslashadi va muhokama qilishadi.

Ammo UYeFA final haqidagi taassurotlarni buzishning «uddasidan chiqdi». Parijdagi o‘yin starti qariyb 40 daqiqaga kechiktirildi, chunki arena va uning tashqarisida tartibsizlik boshlandi. Muxlislar to‘siqlardan oshib o‘tib stadionga kirib ketgan, o‘n minglab kishilar stadionning yopiq eshiklari ostonasida soatlab turib qolishgan. Ma’lum bo‘lishicha, o‘yinga juda ko‘p soxta chiptalar sotilgan va rostakam chiptaga ega bo‘lgan ko‘plab muxlislar o‘yinga kira olmagan.

O‘yinning Sankt-Peterburgdan Parijga ko‘chirilishining rasmiy sababi sifatida — xavfsizlik keltirilgandi. Lekin bu yerda «Hillsboro»dagi vaziyat takrorlanish xavfi yuzaga keldi. Muxlislarga ko‘zdan yosh sizdiruvchi gaz qo‘llandi.

Kechiktirilgan start

Aytish mumkinki, UYeFA sharmanda bo‘ldi. O‘yin Toshkent vaqti bilan soat 00:36 da boshlandi, bu vaqtda stadion tashqarisida g‘azabga mingan o‘n minglab fanatlar turishardi. Ularning ko‘pchiligi «Stad de Frans»ga keyin ham kira olishmadi.

Tabiiyki, start kechiktirilishi futbolchilarga ham ta’sir ko‘rsatdi. Oddiy psixologiya: sen hayotingdagi asosiy o‘yinlardan biriga tayyorlangansan, his-hayajonga to‘lgansan va o‘yin boshlanishini sabrsizlik bilan kutmoqdasan. Keyin esa o‘yin yoqimsiz sabab tufayli kechiktiriladi.

Ammo UYeFA jamoalarga o‘yinni o‘tkazishga buyruq berdi va futbolchilar maydonga chiqib kelishdi. Tarkiblar optimal edi — bunday tarkibni ikki hafta oldin ham aytish mumkin edi. «Liverpul»da faqat markaziy himoyada van Deykka kim sherik bo‘lishi (yakunda Matip emas, Konate chiqdi) va Tiagu Alkantaraning sog‘ligi savol ostida edi. «Real»da esa kimlar boshlang‘ich tarkibda paydo bo‘lishini to‘liq oldindan topish mumkin edi.

Parijda «qaymoqranglilar» zayavkasidan hatto Garet Beylga o‘rin topildi – u «Real»ning 2018 yilda «Liverpul»ga qarshi final o‘yinida dubl muallifi bo‘lgandi. O‘shanda Madrid uelslik futbolchining gollari evaziga 3:1 hisobida g‘alaba qozonib, sovrinni qo‘lga kiritgandi, ammo bu safar usiz ham uddalashdi.

«Liverpul»dan passiv pressing

O‘yin arafasidagi tanaffus «Liverpul» futbolchilariga qay darajada ta’sir ko‘rsatganini aytish qiyin. Buni jamoa birinchi bo‘limni shoshmasdan boshlagani bilan ham bog‘lash mumkin, ammo 2019 yilda «Liverpul» — «Tottenhem» finali arafasida hech qanday favqulodda holat bo‘lmagan bo‘lsa-da, butun o‘yin juda zerikarli kechgandi.

Qizillar taxmin qilinganidek to‘pga egalik qilish borasida katta ustunlikka ega bo‘lishdi — dastlabki 20 daqiqada ularning ustunligi 63 foizni tashkil etdi. «Real» tashqaridan qaraganda xotirjamlik bilan himoyalandi, ammo vaqti-vaqti bilan o‘z darvozasi yaqinida xavfli vaziyatlar yaratilishiga yo‘l qo‘yib berdi: «Liverpul» ko‘pincha o‘rta va uzoq masofalardan zarbalar yo‘lladi, bir necha holatda madridliklarni Kurtua qutqarib qoldi. Manening zarbasi ayniqsa yodda qolarli bo‘ldi — belgiyalik darvozabonning reaksiyasidan keyin to‘p darvoza ustuniga tegdi.

Bunga ishonish qiyin, ammo «Liverpul» faol yuqori pressingdan voz kechdi. Ba’zida Mane raqibga oldingi chiziqdayoq bosim uyushtirgan holatlar bo‘ldi (ko‘proq to‘p Eder Militaoga kelib tushganida — aftidan, senegallik hujumchiga shunday ko‘rsatma bo‘lgan), bu ishni ba’zida Henderson, ba’zida Saloh bajardi. Ammo yoppa pressing kuzatilmadi. Ehtimol, Klopp «Real»ga qarshi pressingdagi muvaffaqiyatsiz urinishlardan keyin o‘z darvozasi oldida xavfli vaziyatlarga duchor bo‘lgan «Chelsi» va «Manchester Siti»ning xatolaridan shunday saboq olgandir.

VAR «Real»ga qarshi

«Real» birinchi bo‘limda birinchi uzatmaga ega chiqish uchun o‘ynadi. Bu ham kutilgan holat edi — pley-offdagi o‘yinlarda madridliklar muvaffaqiyati uchun so‘nggi daqiqalarda o‘yinni kuchaytirish yetarli bo‘lganiga guvoh bo‘ldik. Natijada «Liverpul»ga qarshi o‘yinning birinchi bo‘limida «Real» atigi bir bor zarba yo‘lladi. Bu zarba gol bilan yakunlandi — ammo bekor qilindi.

«Liverpul» himoyachilari tanaffus arafasida Benzemani bo‘sh qoldirishdi, ammo u zarba bermasdan, to‘pni markazroqdagi Valverdega uzatishga qaror qildi. Ispaniyalik futbolchi darvoza tomon zarba yo‘llagandek bo‘ldi — to‘p himoyachilar tomonidan to‘silgach, yana Benzemaga yetib keldi va darvoza ishg‘ol etildi. Lekin bu holatda fransuz ofsaydda qolgani ma’lum bo‘ldi. «U zarba bergandek ko‘rindi», chunki videotakrorlarda Valverde to‘pga tegingani aniq ko‘rinmagan. Ammo Kleman Tyurpenning videoassistentlari vaziyatni uch daqiqa o‘rganib chiqishgach, baribir o‘yindan tashqari holatni qayd etishdi.

Uch daqiqa videotakrorni ko‘rib chiqish uchun sarflash — bu juda ko‘p. Ayrim ligalarda hakamlar VAR uchun bundan ham ko‘p vaqt sarflashiga guvoh bo‘lish mumkin, ammo YeChL finalini boshqarish darajasidagi hakamlarda emas.

Tanaffusga qadar «Liverpul»ning statistik ko‘rsatkichlarga ko‘ra ustunligi juda yuqori bo‘ldi. Zarbalar soni – 10:1, darvoza sohasiga aniq yetib borgan zarbalar – 5:1. Maydonning uchinchi qismidagi uzatmalar nisbati – 126:39. Lekin hisob ochilmadi. Anchelotti o‘yinning ikkinchi qismida o‘z shogirdlari «Real» va «Liverpul»ning taqvimidan kelib chiqqan holda tetikroq o‘ynashidan umid qilishi kerak edi.

Vinisiusning goli

Tanaffusdan keyin «Liverpul» pressing qilishda faollashdi — jamoa xuddi tanaffusga qadar kuch tejab harakat qilgandek taassurot uyg‘otdi. Umuman olganda, o‘yin boshlanguniga qadar «Liverpul»ning pressingi tuzilishi va intensivligi asosiy mavzulardan bo‘lgandi. Standart vaziyatlarda «Real» himoyasi qanday harakat qilishi, Vinisius va Aleksandr-Arnold dueli qanday kechishi mavzulari ham.

Trent — hujumga qo‘shilishdagi ustunliklari baholansa, dunyoning eng kuchli himoyachilaridan biridir. U ajoyib assistent ekanini yaxshi biladi, ammo mudofaada u idealdan ancha yiroq va raqib futbolchilarini tez-tez o‘z ortida bo‘sh qoldiradi. Vinisius — juda xavfli raqib. Pley-off o‘yinlari davomida u Kristensen va Fernandinoni dog‘da qoldirdi, final arafasida «Real»ning ko‘plab muxlislari u Trent bilan duelni qanday hal qilishini kutishdi.

Gol urilgan vaziyatda TAA unga erkin harakatlanish uchun katta hududni ochiq qoldirdi va chopag‘on Vinisius bundan unumli foydalandi. Bu «Real»ning o‘yindagi ikkinchi zarbasi edi — darvoza sohasiga aniq borgan birinchisi.

Tibo dahosi

Bunaqasi pley-off o‘yinlarida kuzatilmagandi — «Real» hisobda ortda bormadi. Birinchi raqam ostida o‘ynagan «Liverpul» ham buni kutmagandi, garchi hisobda ortda borishga ko‘nikkan bo‘lsa-da: qizillar APLning so‘nggi uch turida birinchi bo‘lib gol o‘tkazib yuborgan, ammo g‘alabaga erishgandi.

Anchelotti birinchi almashtirishni amalga oshirishidan oldin Klopp maydonga uch yangi futbolchini tashlash orqali o‘yin borishini o‘zgartirmoqchi bo‘ldi, ammo bu natija bermadi.

«Liverpul»da vaziyatlar bo‘ldi. Ikkinchi bo‘lim boshida Salohning ajoyib zarbasi guvohi bo‘ldik, Diogu Jota to‘pni darvozaga kiritishiga bir baxya qoldi, Saloh birga bir vaziyatga ega bo‘ldi. Ammo bu uch epizodning barchasida Kurtua g‘olib bo‘ldi.

Karim Benzema pley-offda o‘nga yaqin gol urdi va «Oltin to‘p» masalasini deyarli hal qildi, Vinisius Junior aql bovar qilmas darajada samarali o‘ynadi, Karlo Anchelotti kelgach, uning yuqori tezligi va driblingiga o‘yin intellekti va gol ura olish qobiliyati qo‘shildi. Luka Modrich yoshi o‘tayotganini sezdirmayapti, Rodrigo pley-offda eng yaxshi jokerga aylandi. 

Ularning barchasi g‘olib, ammo «Real»ga bu safargi Chempionlar ligasi g‘olibligini Tibo Kurtua olib berdi. Uning qutqarishlarisiz — «Manchester Siti»ga qarshi epik to‘qnashuvda Jyek Grilishning zarbasini to‘xtatishi yoki Leo Messining 1/8 final boshida penaltidan yo‘llagan zarbasini to‘sishisiz — jamoa finalga yetib kelmasdi. Belgiyalik posbon finalda ham shunchaki fenomenal o‘yin o‘tkazmadi — bu o‘yinda u o‘zini afsonaviy darvozabon sifatida namoyish etdi. «Liverpul» nima o‘ylab topmasin, belgiyalik «Real» darvozasida devordek turib berdi. Jami 9 ta seyv bilan YeChL finallari rekordini o‘rnatdi.

Bu o‘yinda Kazemironing o‘yinini ham alohida qayd etish mumkin, ushbu tayanch yarimhimoyachisi jamoa safida yana bir top-o‘yin o‘tkazdi.

«Liverpul»ga o‘yin oxirida kuch yetmay qolgandek bo‘ldi. Mashaqqatli mavsum o‘z ta’sirini ko‘rsatdi — jismoniy tomondan ham, ruhiy tomondan ham. Kurtua darvozasiga boshqa xavf solinmadi — aksincha «Real» ikkinchi golni urishi mumkin edi. Yakunda 1:0 — «Real» qanday yo‘l bilan bo‘lmasin asosiy yevrokubokni 14-bor o‘ziniki qildi. Anchelotti esa yana bir bor daho murabbiy ekanini isbotladi.

 

Ko‘proq yangiliklar: