Xodorkovskiy g‘arbni Ukrainaga og‘ir qurollar yetkazib berishga chaqirdi 

Jahon 08:30 / 28.05.2022 16061

Jamoat arbobi Mixail Xodorkovskiy g‘arb davlatlarini Ukrainani og‘ir qurollar bilan faolroq ta’minlashga chaqirdi. «Agar ukrainaliklar ular so‘ragan qurollar bilan ta’minlanmasa, tez orada Kiyev atrofida yana janglar bo‘ladi», dedi u 27 may, juma kuni e’lon qilingan Bild nashriga bergan intervyusida. 

Xodorkovskiyga ko‘ra, g‘arbdagi ba’zi yetakchilar Putindan qo‘rqadi. «Ular urushga aloqamiz yo‘q, deb o‘ylayapti. Shu sababdan ma’lum qurol-yarog‘larning yetkazib berilishi keskinlashuvga olib kelishi yoki ularni mojaroga tortishi mumkin, deb hisoblaydi», - dedi Xodorkovskiy. «Bu juda ahmoqona munosabat», dedi u va Putin nuqtayi nazaridan g‘arb siyosatchilari va davlatlari allaqachon Rossiya bilan urush holatida ekanligini tushuntirdi. 

Xodorkovskiyning fikricha, agar Rossiya Ukrainaning bir qismini egallashga muvaffaq bo‘lsa, bu urushni qisqa muddatga to‘xtatadi, chunki Kreml Kiyevning qo‘lga olinishini yagona g‘alaba sifatida baholaydi. Urush Putin qudratini kuchaytiradimi yoki zaiflashtiradimi, degan savolga Xodorkovskiy hammasi bosqin natijasiga bog‘liq, deb javob berdi. «Agar Putin urushda g‘alaba qozonmasa, rejim zaiflashadi», dedi u Bild nashriga. 
 
Bir kun avval Ukrainaning Germaniyadagi elchisi Andrey Melnik Germaniyadan og‘ir qurollar yetkazib berilishi haqida gapirar ekan, Germaniya kansleri Olaf Sholsni yetakchilik yo‘qligida va Ukraina manfaatlariga e’tiborsizlikda aybladi. «Harbiy jihatdan Berlin Ukrainani shunchaki tashlab ketdi», dedi Melnik Bild nashriga bergan intervyusida. Uning so‘zlariga ko‘ra, Kiyev Sholsning Davosdagi nutqida «Ukraina bu urushda g‘alaba qozonishi uchun koalitsiya bizni qo‘llab-quvvatlashi borasida qanday aniq qadamlar qo‘yishi»ni eshitishga umid qilgan, biroq bu amalga oshmagan. 

«Ularga yetakchilik va jasorat yetishmasa kerak», - deya xulosa qildi Melnik. Germaniya federal hukumati bir necha bor Ukrainani bundesver zaxiralaridan og‘ir qurollar bilan ta’minlashga tayyorligini e’lon qildi, ammo yetkazib berish hali boshlanmadi.

Germaniya Mudofaa vazirligi kotibi Simte Myollerning so‘zlariga ko‘ra, NATO «Ukrainaga g‘arbda ishlab chiqarilgan jangovar tanklar va bronetransportyorlar yetkazib berilmasligi» borasida «hamma rozi bo‘lgan» kelishuvga ega. Bunday yondashuvning sabablaridan biri alyansning Kreml Ukrainaga g‘arb og‘ir qurollari yoki samolyotlarini yetkazib berishni urushga kirish deb hisoblashi, bu esa mojaroning kuchayishiga olib kelishidan xavotirda ekanidir. 

Ko‘proq yangiliklar: