«Katta yettilik» ko‘mirdan olinadigan elektr energiyasidan voz kechishga kelishib oldi 

Jahon 09:36 / 28.05.2022 9553

«Katta yettilik» (G7) - dunyoning sanoati rivojlangan yettita yetakchi mamlakati - ko‘mir yordamida elektr energiyasi ishlab chiqarishni to‘xtatishga rasman va’da berdi. 27 may, juma kuni Berlinda bo‘lib o‘tgan G7 iqlim va atrof-muhit vazirlari yig‘ilishi yakunida mamlakatlar birinchi marta 2035 yilgacha atrof-muhitga zarar yetkazuvchi karbonat angidridsiz elektr energiyasi ishlab chiqarishni ta’minlashga kelishib oldi.
 
Germaniya iqtisodiyot va iqlimni muhofaza qilish vaziri, ayni paytda Germaniya vitse-kansleri bo‘lgan Robert Habek ushbu majburiyatni «iqlimni yanada himoya qilish uchun kuchli signal» deb atadi. Yakuniy deklaratsiyada yig‘ilish ishtirokchilari, shuningdek, 2025 yilga borib, yanada ulkan iqlim maqsadlarini belgilashga va qashshoq mamlakatlarga tegishli moliyaviy yordam miqdorini ikki baravar oshirishga va’da berdi, dedi Habek. Global isishni orqaga qaytarish mumkin bo‘lmasa-da, endi uni sekinlashtirish dolzarb masalaga aylandi, dedi Germaniya hukumati rahbari o‘rinbosari. 

O‘z navbatida, Germaniya atrof-muhit va yadro xavfsizligi vaziri Shteffi Lemke Germaniya poytaxtida uch kunlik uchrashuv «iqlim himoyasi, tabiatni asrash va atrof-muhitni muhofaza qilish bo‘yicha muvaffaqiyatli o‘tganini» ta’kidladi.
 
Germaniya 2022 yilda Buyuk Britaniya, Italiya, Kanada, AQSh, Fransiya va Yaponiyani o‘z ichiga olgan «Katta yettilik» - G7’ga raislik qilmoqda. Germaniya tashqi ishlar vaziri Annalena Berbok avvalroq iqlim inqirozini birgalikda hal qilishni ushbu raislik davridagi asosiy masalalardan biriga aylantirish niyatida ekanini aytdi. 

Ko‘proq yangiliklar: