Dunyoning 33 mamlakatidagi 600dan ortiq bolalarda noma’lum turdagi o‘tkir gepatit aniqlandi

Jahon 14:18 / 28.05.2022 11382

Apreldan buyon dunyoning 33 mamlakatidagi 650 nafar bolada noma’lum turdagi o‘tkir gepatit aniqlandi. Bu haqda Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti ma’lum qildi.

JSST ma’lumotiga ko‘ra, eng ko‘p kasallanganlar Buyuk Britaniya (222 nafar) va AQShda (216) qayd etilgan.

Infeksiya Argentina, Avstriya, Belgiya, Bolgariya, Kanada, Kipr, Daniya, Fransiya, Gretsiya, Indoneziya, Irlandiya, Isroil, Italiya, Yaponiya, Maldiv, Meksika, Moldova, Niderlandiya, Norvegiya, Falastin, Panama, Polsha, Portugaliya, Janubiy Koreya, Ruminiya, Serbiya, Singapur, Slovakiya, Sloveniya, Ispaniya va Shvetsiyada aniqlangan.

Yevroittifoq mamlakatlarida kasallanganlarning 75dan ortig‘i besh yoshdan kichik bolalardir. JSST xabarida aytilishicha, bemor bolalarda o‘tkir jigar yetishmovchiligi rivojlanmoqda.

Olti foiz holatda bolalarda jigar transplantatsiyasi o‘tkazish talab qilingan, to‘qqiz nafar bola vafot etgan.

Mutaxassislar kasallik yuqish manbasi va qo‘zg‘atuvchining yuqish yo‘llarini hozircha aniqlay olmagan. 

Noma’lum turdagi o‘tkir gepatit bilan kasallanish dastlab aprel boshlarida qayd etilgandi. 5 aprelga kelib Shotlandiyada o‘nta holat aniqlangan, 8 aprelda esa Buyuk Britaniya bo‘yicha kasallik yuqtirish holatlari 74taga yetgan.

23 aprel kuni JSST bir oylikdan 16 yoshgacha bo‘lgan 169 nafar bolada kasallik qayd etilgani haqida ma’lum qildi. Bu holatlarning birortasida ham gepatitning A, V, S, D va E turlari aniqlanmagan.

Ko‘proq yangiliklar: