Xalqaro brend kompaniyalarning o‘zbek paxtasini qaytadan sotib olishni boshlashi kutilmoqda

O‘zbekiston 14:22 / 26.05.2022 8555

2022 yilning mart oyida Cotton Campaign xalqaro koalitsiyasi o‘zbek paxtasini global boykot qilish chaqirig‘i tugatilganini e’lon qildi. The National Interst nashrining yozishicha, bu O‘zbekiston uchun bir qancha imkoniyatlarni taqdim qiladi.

«O‘zbek paxtasiga nisbatan global boykotning bekor qilinishi mamlakatning jahon to‘qimachilik bozoriga qaytishi uchun muhim ahamiyat kasb etadi. Rossiya hamon O‘zbekistonning asosiy savdo sherigi va o‘zbek paxtasining eng yirik importchisi bo‘lib, yiliga 158 million kub metrdan ortiq paxta tolasini sotib oladi. Ammo moliyaviy sanksiyalar, inflatsiyaning o‘sishi va iste’mol bozorining qisqarishi fonida Rossiyaning O‘zbekiston bilan savdosi ham o‘zgaradi. O‘zbekistonning GSP+ tizimiga a’zo ekanligi esa paxtani Yevropa Ittifoqi va AQShga eksport qilish imkoniyatlarini taqdim qiladi», deyiladi maqolada.

Qayd etilishicha, o‘zbek paxtasini sotib olmaslik bo‘yicha boykotga qo‘shilgan 331ta xalqaro brend va chakana savdo korxonalari O‘zbekiston bozoriga qaytishi mumkin. Adidas, Tesco, IKEA, Marks & Spencer, H&M, Zara va Gap kabi yirik brendlar o‘zbek paxtasini qaytadan sotib olishni boshlashi kutilmoqda.

Xalqaro mehnat tashkiloti (XMT) ma’lumotlariga ko‘ra, paxta ishlab chiqarishda majburiy mehnatdan voz kechilishiga tashqi bosim asosiy sabab bo‘lmagan. Bunda qo‘shimcha ish o‘rinlari yaratish va paxta xomashyosi eksportchisidan to‘qimachilik va tikuvchilik mahsulotlari ishlab chiqaruvchisiga aylanishga intilish muhim ahamiyat kasb etgan. Shuningdek, paxta terimchilarining ish haqi sezilarli darajada oshganligi ham keltirib o‘tilgan.

«Muhim qadam tashlanib, klaster tizimiga o‘tilganiga qaramay, xalqaro mehnat tashkilotlari hukumatdan mustaqil kasaba uyushmalari va kasb-hunar birlashmalarini tashkil etishga ruxsat berishni talab qilmoqda», deya qo‘shimcha qilinadi maqolada.

Ta’kidlanishicha, AQSh O‘zbekistonni paxta yetkazib beruvchi sifatida qo‘llab-quvvatlashi mumkin, chunki Shinjondagi majburiy mehnat bilan bog‘liq vaziyat sabab Xitoy mahsulotlaridan voz kechilib, O‘zbekiston paxtasiga e’tibor qaratiladi.

Ko‘proq yangiliklar: