«Pushaymonlikdan o‘zga qo‘shimcha yo‘q». Ukrainada yana ikki rossiyalik harbiy sud qilinmoqda

Jahon 21:20 / 26.05.2022 22000

Ayblanuvchilarning advokatlari sakkiz yillik qamoq jazosi berilishini so‘ragan. Sudlanuvchilarning ikkisi ham sudda o‘z aybiga iqror bo‘lgan. Sud hukmi 31 may kuni e’lon qilinishi belgilangan.

Tergov ma’lumotiga ko‘ra, Bobikin va Ivanov «Grad» qurilmasi haydovchisi va navodkachisi (nishonga oluvchi) bo‘lgan hamda urushning ilk kunlarida Xarkov oblastidagi janglarda ishtirok etishgan.

Ular Xarkov oblastidagi Kazachya Lopan va Veterinarnoye posyolkalarida fuqarolik obektlariga qurol qo‘llashda ayblanmoqda.

Prokuraturaning ma’lum qilishicha, Bobikin va Ivanovga buyruq bergan komandirlarining shaxsini aniqlash ishlari olib borilmoqda.

«Qo‘shimcha qiladigan gap yo‘q»

Sudlanuvchilar aybiga to‘la iqror bo‘lishgan.

«Men o‘zim ayblanayotgan jinoyatlar bo‘yicha aybimni to‘liq tan olaman. Barchasi haqiqatan ham shunday bo‘lgan. Biz Rossiya va Ukraina hududida turib o‘t ochganmiz. Pushaymonligimdan o‘zga qo‘shimcha yo‘q. Men to‘la aybdorman, shunchaki hukmdan shikoyat qila olmayman», degan sudda Bobikin.

«Men tavba qilaman va yengilroq jazo berilishini so‘rayman», degan Ivanov.

Bobikinning advokati suddan o‘z himoyasi ostidagi sudlanuvchi o‘z aybiga iqror bo‘lib, tavba qilgani uchun unga jazoni 8 yilga qisqartirishni so‘ragan.

Ivanovning himoyachisi ham sakkiz yil so‘ragan. U o‘z himoyasi ostidagi shaxs shunchaki ijrochi bo‘lgani va zarba berish to‘g‘risida qarorni u qabul qilmagani, «yomon hayotdan qutulish» uchun Rossiya armiyasi safiga kirganini aytib o‘tgan.

«Mening mijozim chin dildan pushaymon. U yaxshi bo‘lmagan hayotdan qutulish uchun RF armiyasi bilan shartnoma imzolagan. U oddiy askar bo‘lgan, qaror qabul qilmagan, nishonni tanlamagan, shunchaki buyruqni bajargan. Bu oldindan til biriktirgan shaxslarning jinoyati edi. Mening himoyamdagi shaxs - shunchaki ijrochi. Agar sakkiz yillik qamoq jazosi tayinlansa, hukm asosli bo‘ladi, deb hisoblayman», degan advokat Kovalchuk.

Ukrainada bu kabi jinoyatlar uchun 8 yildan 12 yilgacha ozodlikdan mahrum etish jazosi ko‘zda tutilgan, muddat vaziyat, og‘irlik darajasi va jinoyatchining shaxsiga qarab turlicha bo‘lishi mumkin.

Oldinda - yangi ishlar

23 may kuni Kiyevdagi sud Rossiya armiyasi serjanti Vadim Shishimarinni qurolsiz tinch aholi vakilini o‘ldirishda aybdor deb topib, umrbod qamoq jazosiga hukm qildi.

Shishimarin o‘z aybini tan olgan, ammo himoya sud hukmiga apellyatsiya bermoqchi. Uning ustidan sud Ukrainada rossiyalik harbiylar tomonidan sodir etilgan harbiy jinoyatlar bo‘yicha ilk sud jarayoni bo‘ldi.

Ukraina prokuraturasiga ko‘ra, yana minglab shu kabi da’volar ko‘rib chiqish uchun tayyorlanmoqda.

Ko‘proq yangiliklar: