Oshadigan maosh-u jarimalar, yangi stipendiya turi va qoplab beriladigan turizm xarajatlari - 1 iyundan qonunchilikda qanday o‘zgarishlar kuchga kiradi?

O‘zbekiston 13:30 / 26.05.2022 76404

Budjet tashkilotlari xodimlarining ish haqi miqdori oshiriladi

Prezident farmoni bilan budjet tashkilotlari xodimlarining ish haqi miqdori 12 foizga oshiriladi.

Shuningdek, 2022 yil 1 iyundan boshlab O‘zbekiston Respublikasi hududida:

  • mehnatga haq to‘lashning eng kam miqdori — oyiga 920 000 so‘m;
  • bazaviy hisoblash miqdori — oyiga 300 000 so‘m etib belgilanadi.

Davlat tibbiyot muassasalari xodimlarining ish haqi oshiriladi

Prezident farmoniga asosan davlat tibbiyot muassasalari tibbiyot, farmatsevtika va boshqa xodimlarining oylik lavozim maoshlari:

  • oliy va birinchi malaka toifalariga ega bo‘lgan tibbiyot va farmatsevtika xodimlari uchun — 15 foizga;
  • ikkinchi malaka toifasiga ega bo‘lgan va toifaga ega bo‘lmagan, shuningdek, boshqa tibbiyot va farmatsevtika xodimlari uchun — 10 foizga;
  • tibbiyot muassasalarining boshqa xodimlari uchun — 15 foizga oshiriladi.

Bunda, tibbiyot muassasasi xodimlarining tarif stavkalarini hisoblash amaldagi mehnatga haq to‘lash razryadlari bo‘yicha tarif koeffitsiyentlarini tegishincha 1,15 va 1,1 barobarga ko‘paytirish orqali amalga oshiriladi.

Xodimlarga ichki turizm xarajatlarining bir qismi qoplab beriladi

Prezident qaroriga ko‘ra, «O‘zbekiston bo‘ylab sayohat qil!» dasturi doirasida:

  • jamoa shartnomalariga ish beruvchilar tomonidan xodimlar uchun yiliga bir marotaba mahalliy sayohatga chiqish imkonini yaratish qoidalari kiritiladi;
  • sayohat xarajatlarining bir qismi ish beruvchilarning budjetdan tashqari jamg‘armalari mablag‘lari va qonunchilikda taqiqlanmagan boshqa manbalar hisobidan qoplab beriladi.

Ayrim xorijiy davlatlarda Tashqi mehnat migratsiyasi agentligining vakili ish boshlaydi

Xorijda vaqtinchalik mehnat faoliyatini amalga oshirayotgan O‘zbekiston Respublikasi fuqarolarining huquqiy himoyasini yanada kuchaytirish hamda ularning oila a’zolarini ijtimoiy-iqtisodiy qo‘llab-quvvatlash tizimini kengaytirish maqsadida Rossiya Federatsiyasi, Turkiya Respublikasi va Qozog‘iston Respublikasining bir qator hududlarida Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi huzuridagi Tashqi mehnat migratsiyasi agentligining vakillik instituti joriy qilinadi.

Davlat buyurtmasi asosida xotin-qizlarni kasbga o‘qitishning yangi tartibi joriy etiladi

Prezident farmoni bilan davlat va nodavlat ta’lim muassasalarida davlat buyurtmasi asosida xotin-qizlarni kasbga o‘qitishning yangi tartibi joriy etiladi. Bunda:

  • Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahridagi «Ishga marhamat» monomarkazlari huzurida malakani baholash markazlari tashkil etiladi;
  • malakani baholash markazlari kasbiy malaka talablarini ishlab chiqadi va salohiyatli ta’lim muassasalariga davlat buyurtmasini beradi;
  • o‘quv kurslarini tugatgan xotin-qizlar bilimi darajasi malakani baholash markazlari tomonidan aniqlanadi va shu asosda ularga malaka sertifikatlari beriladi;
  • malaka sertifikatini olgan xotin-qizlarga mehnat faoliyatini boshlashi uchun o‘qish xarajatlariga teng miqdorda malakani baholash markazlari tomonidan subsidiyalar beriladi;
  • malakani baholash markazlari tomonidan umumiy o‘rta ta’lim maktablari, kasb-hunar maktablari, akademik litsey va kollejlarning bitiruvchi sinf o‘quvchi-qizlarini axborot texnologiyalari yo‘nalishlarida qo‘shimcha kurslarda o‘qitish bo‘yicha davlat buyurtmasi beriladi.

Shuningdek, farmonga asosan mahallalarda xotin-qizlarning bandligini ta’minlash va salomatligini mustahkamlash markazlari tashkil qilinadi.

«Yosh vatandoshlar reyestri» ish boshlaydi

Hukumat qaroriga binoan yosh vatandoshlarning ma’lumotlarini o‘z ichiga oladigan «Yosh vatandoshlar reyestri» avtomatlashtirilgan axborot tizimi ish boshlaydi hamda xorijiy davlatlarda faoliyat yuritayotgan yosh mutaxassis va yosh vatandoshlarning unda ro‘yxatdan o‘tishi tashkil etiladi.

Volontyorlar elektron platformasi ishga tushiriladi

Hukumat qaroriga asosan tashkil etilayotgan platforma quyidagilarni amalga oshirish imkonini beradi:

  • volontyorlarning ijtimoiy ahamiyatga molik tadbirlar, loyihalar va aksiyalardagi ishtiroki, shuningdek, davlat organlari faoliyatiga ko‘maklashgan davrini qayd etib borish;
  • volontyorlar guruhiga kiritilgan volontyorlarni hisobga qo‘yish;
  • hududlar va faoliyat yo‘nalishi bo‘yicha volontyorlik yordamini jalb qilishga qiziqish bildirayotgan davlat organlari ro‘yxati hamda ularning tadbirlari, loyihalari va aksiyalarini joylashtirish;
  • davlat organlarining volontyorlar bilan ishlashiga oid metodik tavsiyalarni joylashtirish;
  • volontyorlik faoliyatini chet elda amalga oshirish.

Jismoniy shaxslarga shaxsiy identifikatsiya raqamini berish bo‘yicha davlat xizmatini ko‘rsatish yo‘lga qo‘yiladi

Vazirlar Mahkamasining qaroriga ko‘ra, O‘zbekiston Respublikasi fuqarolari, O‘zbekiston Respublikasi hududida vaqtincha yoki doimiy yashayotgan chet davlatlar fuqarolari va fuqaroligi bo‘lmagan shaxslar, xorijiy davlatda doimiy yashaydigan chet davlat fuqarolari hamda fuqaroligi bo‘lmagan shaxslarga, shuningdek, O‘zbekiston Respublikasi hududida vaqtincha bo‘lib turgan yoki o‘z faoliyatini ishonchli vakili orqali amalga oshirayotgan chet davlat fuqarolariga shaxsiy identifikatsiya raqamlarini berish bo‘yicha davlat xizmatlarini ko‘rsatish yo‘lga qo‘yiladi.

«Yoshlar daftari»ga kiritilgan yoshlar OTMga kirish testlarida qatnashganlik uchun undiriladigan to‘lovdan ozod etiladi

Prezident farmoni bilan «Ijtimoiy himoya yagona reyestri» axborot tizimida ro‘yxatga olingan shaxslar va ularning farzandlari hamda «Yoshlar daftari»ga kiritilgan yoshlar oliy ta’lim muassasalariga o‘qishga qabul qilishda o‘tkaziladigan kirish test sinovlarida ishtirok etish uchun undiriladigan to‘lovlardan ozod etiladi.

Shuningdek, davlat xizmatidan foydalanishda undiriladigan to‘lovlarni Markazlarda joylashgan tijorat banklari shoxobchasidan amalga oshirganda ikki foizgacha bo‘lgan tijorat bankining komissiya summasi uchun alohida to‘lov undirilmaydi (bundan davlat boji to‘lovlari mustasno).

YaIDXP orqali bir qator davlat xizmatlarini ko‘rsatishda elektron raqamli imzo talab etilmaydi

Prezident farmoniga asosan 38 turdagi davlat xizmatlari Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali orqali ko‘rsatilganda elektron raqamli imzo bilan tasdiqlash talab etilmaydi.

Oilaviy poliklinika xodimlarining kunduzgi ish vaqti uzaytiriladi hamda ularga qo‘shimcha ustama haqi to‘lanadi

Prezident qaroriga ko‘ra, oilaviy shifokor punktlari, oilaviy poliklinika va tuman (shahar) ko‘p tarmoqli markaziy poliklinikalarida kunduzgi statsionar ish vaqti soat 20:00 ga qadar uzaytiriladi hamda ularda ishlovchi tibbiyot xodimlari uchun qo‘shimcha ustama haqi belgilanadi.

Shuningdek, qon bilan bevosita ishlayotgan davlat tibbiyot muassasalari xodimlarini gepatit «V» kasalligiga qarshi bepul emlash amaliyoti joriy etiladi.

Kasb-hunarga o‘qitilayotgan nogironligi bo‘lgan shaxslarga har oylik stipendiya to‘lanadi

Prezident qaroriga asosan «Ishga marhamat» monomarkazlarida inklyuziv ta’lim asosida kasb-hunarga o‘qitilayotgan nogironligi bo‘lgan shaxslarga nogironlik nafaqasi bilan bir vaqtda, Bandlikka ko‘maklashish davlat jamg‘armasi mablag‘lari hisobidan BHMning 2 baravari miqdorida har oylik stipendiya to‘lab beriladi.

Abbos Salaydinov tayyorladi.

Ko‘proq yangiliklar: