Baydenning maslahatchilari maxfiy ravishda Saudiya Arabistoniga bordi – OAV

Jahon 16:27 / 26.05.2022 12468

AQSh prezidenti Jo Baydenning ikki maslahatchisi qator masalalarni muhokama qilish uchun maxfiy ravishda Saudiya Arabistoniga tashrif buyurdi, deb xabar berdi Axios o‘z manbalariga tayanib.

Ularning so‘zlariga ko‘ra, Yaqin Sharq va Shimoliy Afrika bo‘yicha koordinator Brett Makgerk va davlat departamentining global energetika xavfsizlik masalalari bo‘yicha katta maslahatchisi Amos Xoxshteyn 24 may kuni Ar-Riyodga kelgan.

Nashrning yozishicha, AQSh Saudiya Arabistoni, Isroil va Misr o‘rtasidagi muzokaralarda vositachilik qilmoqda. Gap Qizil dengizdagi Tiran va Sanafir orollarini Isroilning roziligi bilan Misrdan Saudiya Arabistoni suverenitetiga o‘tishi to‘g‘risida bormoqda. 

Vashington shuningdek, Saudiya Arabistonidan neft qazib olishni ko‘paytirishni so‘raydi. 

Qayd etilishicha, Bayden iyunda Yaqin Sharqqa safari doirasida Saudiya Arabistoniga tashrif buyurish imkoniyatini ko‘rib chiqmoqda. 

The Wall Street Journal nashrining ma’lumot berishicha, mart oyida Oq uy Bayden va Saudiya Arabistoni hamda Birlashgan Arab Amirliklari yetakchilari o‘rtasida telefon orqali muzokaralar tashkil etishga uringan. Saudiya Arabistoni valiahd shahzodasi Muhammad bin Salmon va BAA shayxi Muhammad bin Zoid Ol Nahayon Bayden bilan muloqot qilishni istamagan.

Ko‘proq yangiliklar: