Namangan viloyatida 14 yoshli bola tomonidan sodir etilgan yo‘l-transport hodisasi boshqa bir o‘quvchi o‘limiga sabab bo‘ldi. Kosonsoy tumanining Kushon mahallasida yashovchi 14 yoshli maktab o‘quvchisi «Vaz-2106» rusumli avtomobilda harakatlanayotib, boshqaruvni yo‘qotishi oqibatida yo‘l chetida ketayotgan tengdoshini urib yuborgan.
Afsuski, bir oilaning ne-ne umidlar bilan o‘stirayotgan jigarbandi fojiali tarzda nobud bo‘ldi.
Albatta, bu taqdiri azal. Ammo marhumning yaqinlari uchun masalaning bir alamli tomoni bor – bu holatda aybdorni – mashina haydovchisini javobgarlikka tortib bo‘lmaydi. Chunki u – voyaga yetmagan bola.
Garchi hodisa yuzasidan Jinoyat kodeksining 266-moddasi ikkinchi qismi (Transport vositalari harakati yoki ulardan foydalanish xavfsizligi qoidalarini buzish odam o‘lishiga sabab bo‘lishi) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari olib borilayotgan bo‘lsa-da, uning yakunini bilsa bo‘ladi – aynan mazkur modda bo‘yicha aybdorga jazo yo‘q.
Boisi Jinoyat kodeksining 17-moddasiga ko‘ra, kodeksning 266-moddasi (Transport vositalari harakati yoki ulardan foydalanish xavfsizligi qoidalarini buzish) bilan ayblash uchun shaxs 16 yoshga to‘lgan bo‘lishi shart.
To‘g‘ri, tergov davomida ishning tafsilotlari sinchkovlik bilan o‘rganiladi. Hodisaga sabab bo‘lgan barcha holatlar tahlil qilinadi va ularga huquqiy baho beriladi. Avtomobil boshqaruvi bolaning «qo‘liga tushib qolgani»ga sababchi bo‘lgan shaxslar doirasi ham aniqlanadi. Ammo fakt shuki, jinoyat qonunchiligida bu qilmish uchun jazo mavjud emas.
Hodisadan jabrlanganlar yetkazilgan (moddiy hamda ma’naviy) zararni voyaga yetmagan «haydovchi»ning ota-onasidan fuqarolik tartibida talab qilishga haqlidir, xolos. Jumladan, Fuqarolik kodeksining 993-moddasiga ko‘ra, o‘n to‘rt yoshgacha bo‘lgan voyaga yetmagan (kichik yoshdagi bola) tomonidan yetkazilgan zarar uchun uning ota-onasi (farzandlikka oluvchilari) yoki vasiylari, agar zarar ularning aybi bilan yetkazilmaganini isbotlay olmasalar, javobgar bo‘ladilar.
Shu yerda bir muhim gapni aytib o‘tmasa bo‘lmaydi.
Milliy mentalitetimizda shunaqa bir jihat bor – avtomobilga ega aksariyat otalar farzandining bo‘yi cho‘zilishi hamon uni rulga o‘tqazgisi kelib qoladi. Hatto endigina 10 yoshdan oshgan bolalarga rul berib qo‘ygan oilalar haqida eshitamiz.
Jamiyatda bunday illat mavjud ekan, bunday otalarni jinoiy jazoga tortishni joriy qilmoq kerak – bila turib, mas’uliyatsizlik ila yosh bolasiga avtomashina boshqarishni topshirgan, alaloqibat avtohalokat sodir bo‘lgan holatda bunday otalarni (yoki buni qilgani isbotlangan boshqa kattalarni) jinoiy javobgarlikka tortish kerak.
Yana bir holatga e’tibor qaratish lozim. JKning og‘irligi jihatdan 266-moddasiga teng bo‘lgan boshqa qator moddalarida javobgarlikka tortish yoshi 14 yosh etib belgilangan. Masalan JKning 263 (Temir yo‘l, dengiz, daryo, havo transporti vositasi yoki aloqa yo‘llarini yaroqsiz holatga keltirish) va 267-moddalarida (Transport vositasini olib qochish) sub’yekt yoshi 14 yosh. Balki shu jihatdan ham Jinoyat kodeksining 266-moddasida ko‘rsatilgan qilmish uchun jazoga tortish yoshini 14 yosh etib belgilash kerakdir.
Shoyad shunda kattalar voyaga yetmagan bolalarga mashina boshqaruvini berishdan oldin o‘ylab ko‘rishadi, insonlar hayoti saqlab qolinadi, hali voyaga yetmagan bolalar «qotil» tamg‘asini ko‘tarib yurishmaydi.