Dunyoda allaqachon post-JST erasi. Iqtisodiy diplomatiyamiz faollashishi zarur

Iqtisodiyot 17:37 / 25.05.2022 31988

May oyining so‘nggi o‘n kunligida Janubiy Koreya va Yaponiyaga tashrif buyurgan AQSh prezidenti Jo Bayden safari davomida “Farovonlik yo‘lidagi Hind-Tinch okeani havzasi iqtisodiy doiraviy hamkorligi”ni (Indo-Pacific Economic Framework for Prosperity) e’lon qildi.

Bunda, AQShga do‘stona kayfiyatdagi davlatlar bu doiraviy hamkorlikka qo‘shilib, ta’minot zanjiri (supply chains) kabi iqtisodiyotning muhim sohalarida hamkorlik qilishadi.

Ta’minot zanjiri – zamonaviy biznesda ishlab chiqarish va mahsulotni yakuniy iste’molchiga yetkazib berish o‘rtasidagi barcha zarur jarayonlarni bog‘lovchi tizimdir. Koronavirus pandemiyasi butun jahon bo‘ylab ushbu tizimning asosiy tarkibiy qismlarini izdan chiqardi.

Biroz avval Yaponiya yetakchiligida 11 davlat 2018 yil so‘ngida Tinch okeani havzasidagi keng qamrovli va progressiv hamkorlik bitimini (CPTPP) tuzishgandi. Xitoy boshliq Janubi-Sharqiy Osiyo davlatlari ham 2020 yil so‘ngida RCEP nomli savdo hududini barpo etishdi.

Yevropa Ittifoqi ham o‘zining hamkorlari bilan ko‘plab chuqurlashtirilgan savdo va investitsiya hamkorlik bitimlarini tuzgan bo‘lib, ittifoq bundan keyin ham ularning sonini yangi davlatlar hisobiga kengaytirishni reja qilmoqda.

Bunga, xususan, 1995 yilda tuzilgan Jahon savdo tashkilotidagi savdo muzokaralarining odimlamayotgani ham sabab bo‘lyapti. JSTdagi muzokaralar o‘zining chegarasiga yetib kelib qolgani sezilmoqda – 164 davlatning barchasini rozi qiladigan chuqurlashtirilgan savdo raundlarini o‘tkazish qiyinligi oydinlashib qoldi. Shu sabab dunyodagi yirik iqtisodiyotlar o‘zlariga yaqinroq hamkor mamlakatlar bilan yanada chuqurlashtirilgan savdo va investitsiya bitimlarini tuzishni so‘nggi yigirma yildirki, jadallashtirib yuborgan.

Dunyo ma’lum darajada 2-Jahon urushidan oldingi bloklashgan iqtisodiyotlarni eslatib yuboruvchi iqtisodiy bloklarga bo‘linishni boshlagandek.

O‘zbekiston bu yo‘nalishda faollashishi lozim.

Yangi bosqichga chiqish zarurati

Tashqi siyosatimizning bosh yo‘nalishi – iqtisodiy diplomatiya. Shavkat Mirziyoyev hokimiyatga kelgach bu yo‘nalishni oldinga surdi. Bu, albatta, to‘g‘ri siyosat. Keyingi 5 yil davomida butun davlat organlari, vazirliklar, davlat korxonalari va elchixonalarimiz aynan ushbu yo‘nalishda ishlab, xorijda yangi bozor topish va ularni egallash ishlariga zo‘r berishdi, berishyapti.

Biroq, huquqiy qoidalar bilan ihotalangan dunyo savdo tizimida milliy mahsulot va xizmatlar uchun shunchaki diplomatik yo‘llar bilan katta miqdorda potensial bozorlarni ochish mushkul. Dunyo bilan kuchli huquqiy qoidalar – chuqurlashtirilgan savdo va investitsiya bitimlari orqali integratsiyalashish zarur.

Tan olishimiz lozim bo‘lgan muhim fakt – O‘zbekiston mintaqa va dunyoda savdo-ta’minot zanjiri va savdo bloklariga eng kam integratsiyalashgan davlatlardan biri.

Va tezroq integratsiyalashmasa – dunyodagi savdoga oid ta’minot zanjirlariga faol qo‘shilmasa, bundan keyin iqtisodiyotini bir maromda yuritishi va hamkorlariga mahsulot va xizmatlarni o‘z vaqtida topshirishda katta qiyinchiliklarga uchraydi.

Shubha yo‘q, bu masalada birinchi muhim qadam – bir necha yildan beri davom etib kelayotgan JST muzokaralarini tezroq tugatib, unga a’zo bo‘lish. Chunki dunyodagi ta’minot zanjiriga qo‘shilishning ilk muhim talabi – JSTga a’zolik.

Eslasak, 2022 yil mart oyida bo‘lib o‘tgan Toshkent xalqaro investitsiyalar forumida chiqish qilgan JST direktori o‘rinbosari Chjan Syanchen ham, tashkilot a’zolari O‘zbekistonning JSTga qo‘shilishiga xayrixohligini, bu borada O‘zbekiston tomonidan aniq qadamlar tashlanishini kutayotganini bildirgandi.

12-15 iyun kunlari Jyenevada JSTning ko‘pdan buyon kutilayotgan 12-Vazirlar konferensiyasi bo‘lib o‘tadi. O‘zbekiston ushbu muhim yig‘ilishda yaxshi natijalarni qo‘lga kiritishi lozim.

O‘zbekiston iqtisodiy diplomatiyasini keyingi bosqichga ko‘tarishi davri keldi. JSTdan keyin Yevropa Ittifoqi, Janubiy Koreya, Yaponiya va Turkiya kabi yirik savdo sheriklar bilan ham bitimlar tuzish lozim bo‘ladi.

JSTga a’zolik esa bizga mana shunday bitimlarni muzokara qilish uchun tayyorgarlik platformasini taqdim etadi.

Alisher Umirdinov,
Yaponiyaning Nagoya iqtisodiyot universiteti professori,
huquq fanlari doktori

Ko‘proq yangiliklar: