Qiziq, bu narx qilingan xarajatni qoplarmikan? Mehnat qilgan dehqon qandaydir daromadga ega bo‘larmikan? Bu savollarga javob olish uchun yurtimizning bodring eng ko‘p yetishtiriluvchi uch hududi – Andijon viloyati, Farg‘onaning Oltiariq tumani, Xorazm viloyati mirishkorlari bilan suhbatlashdik.
Sabohiddin Yo‘ldoshev, oltiariqlik dehqon: “Bodringdan odam boyib ketmaydi, lekin ro‘zg‘orlik pul chiqib turadi”
– Bizning Oltiariq tumanimiz bodringning asl koni hisoblanadi. Sevimli shoirimiz Anvar Obidjon bejiz bu ne’mat haqida asarlar yozmagan. Eng erta yetishtiradiganlar ham, eng ko‘p va sifatli yetkazadiganlar ham biz tomondagi dehqonlar, desam maqtanish bo‘lmaydi.
Bodringning oldini uzganimizda ulgurji 11-12 ming so‘mdan sotdik. Bugungi kundagi narx 3 ming so‘m atrofida, bu yana ko‘tarilgani. Chunki o‘rtada kunlar isib ketgan paytlarda 2 ming so‘mgacha ham tushib ketdi.
Lekin hozir narx arzon bo‘lsa ham, hosilga baraka kirgan, ortiqcha xarajat qilinmaydigan payt. Ikki-uch kunda bir suv quyib, kunora hosilni yig‘averasiz, 4-5 sotix joydan 5-6 qop uzaverasiz. Narx arzon bo‘lsa ham, hosil mo‘l. Qimmatligida ham mehnati ko‘p, ham oz hosil olasiz.
– Savol shunda-da, bugungi narxlar o‘zini, qilingan mehnatni qoplaydimi?
– Bodring o‘zi “boyib ketaman”, deb tomorqaga ekilmaydi. Bu asosan kundalik xarajatlarga yarab turadigan ekin. Aprel-may oylarida, xalqimiz tili bilan aytganda ayni “ilik uzildi” paytida kunlik daromad berib turadi. Lekin shu ozi ham ko‘p korimizga yaraydi, masalan, yaqinda to‘plab Toshkentda o‘qiyotgan qizimning kontraktini to‘lab keldim. Ro‘zg‘orga yaraydigan barakali narsa-da bu. Katta daromadni asosan birvarakayiga uziladigan va sotiladigan uzumdan olamiz.
Husanboy Aliyev, Asaka: “Bizda Qirg‘iziston bozori ta’siri kuchli”
– Bodring shunday narsaki, vaqti kelsa uzishga ham erinib qolasiz. Chunki o‘rtacha ikki oygacha tinimsiz hosil berib turadigan boshqa ekin turini men ochig‘i bilmayman. Hozir 2700-2800 so‘mdan sotyapmiz. 5 sotixli issiqxonamdan kunora 150-200 kg hosil chiqarib turibman. To‘g‘ri, arzon tuyulishi mumkin. Lekin tez-tez sotib turganingizdan keyin xursand bo‘lasiz-da. Shukr, nolisak uyat bo‘ladi.
Bir jihatni aytib o‘tsam – bizda Qirg‘iziston bozorining ta’siri katta. Qo‘shni davlatdan kelib ko‘p olib ketishadi. Ularning biror kun kelmay qolishi yoki ko‘proq olib ketib qolishi darhol bozorga ta’sir qiladi.
– Bodring narxi tushsa-da, pomidor u qadar arzonlamayapti. To‘g‘ri, chakana narx 20 ming so‘mdan 10 ming so‘mga, ya’ni yarmiga tushgandir. Lekin bodring singari 4-5 barobar tushib ketmayapti.
– Sababi, pomidor ekish kamayib ketdi. Pomidor nisbatan injiq, kamhosil va ko‘p mehnat talab qiladigan o‘simlik. Oldinlari bizning hududdagi tomorqalarda asosan pomidor yetishtirilardi. Chunki ko‘k pomidor katta miqdorda Rossiyaga tashilardi va yaxshi daromad keltirardi. Hozirgi kunda eksport bilan asosan katta issiqxonalar shug‘ullanishyapti. Biz kabi kichik maydonda dehqonchilik qiladiganlarga bodring qulay bo‘lib qoldi.
Rahimboy Durdiyev, Xorazm: “Allohga shukr, bodring uchun eng zo‘r yil bo‘ldi”
– Bodringning ilk hosilini 13-14 mingdan sotdik. Hozir 3 ming so‘m atrofida olib ketishyapti. Bu juda barakali ne’mat hisoblanadi. Bizning hududlarda erta bahorda ekilgani tabiiy issiqlik bilan 45-50 kunda hosilga kiraveradi. Ana shundan keyin o‘rtacha 50-60 kun hosil beraveradi. Bu yil Allohga shukr hosildorlik, suv, narx va boshqa jihatlardan haqiqiy bodring yili bo‘ldi. Daromadimiz ko‘ngildagidek, biz dehqonlar oldingi yillarda ham nolimaganmiz. Xudo xohlasa suv yaxshi bo‘lib, sholimizdan ham umidimiz katta.
– Nega pomidorni ko‘proq ekmaysizlar, narxi yaxshi-ku?
– Yuqorida aytganimdek, bodring 45 kundayam hosilga kirishi mumkin. Pomidorga esa ikki barobar ko‘p vaqt sarflanadi. Keyin pomidor tez hosildan qoladi, mehnati nisbatan og‘irroq. Bodring ko‘z o‘ngingizda ko‘payib ketaveradigan ne’mat, uzib sotib tursangiz bas. Keyin bodringning iste’moli ham ko‘p. Arzonligi uchun odamlar og‘rinmay sotib oladi, istaganicha yeydi.
Aslida narxlar bu qadar tafovut qilishi dehqonchiligimiz juda tavakkalga asoslanganligidan. Chunki biz yil boshida biror ekin qadayotganimizda hech bo‘lmasa viloyatimizda necha kishi yoki xo‘jalik shu ekinni ekayotganini bilmaymiz. Bir yil bodring yoki pomidor yaxshi daromad bersa, keyingi yil hamma shuni eka boshlaydi, narx birdaniga tushib ketadi. Ya’ni hamma mahsulotni bir me’yorda yetishtirish bo‘yicha hisob-kitobdan bexabarmiz.
Ma’lumot uchun: Bugungi kunda poytaxt bozorlarida bodringning chakana narxlari 4-6 ming, do‘konlarda o‘rtacha 5-7 ming so‘m. Viloyatlardagi, tumanlardagi narx nisbatan pastroq. Eng arzon chakana narxlar Farg‘ona va Andijon viloyatlarida 3,5-4 ming so‘m atrofida.
Dehqonlardagi ulgurji bahodan bu qadar farqlanishi sababini to‘g‘ri tushunish lozim – logistika, saqlash, sotish xarajatlari, ish haqlari mahsulot narxidan qat’i nazar, o‘sha 1 kg uchun taqsimlanaveradi. Ya’ni keladigan transport sabziga ham, bodringga ham, gilosga ham deyarli bir xil yo‘lkira oladi. Saqlovchi ham, sotuvchi ham har bir kg mahsulotdan o‘zining minimal foydasini ko‘rishi lozim. Shunday paytda eng arzon mahsulotga qo‘yilgan ustama foiz hisobida katta bo‘lib ketadi.
Abror Zohidov