Ukrainadagi urushning uch oyi: asosiy voqealar

Jahon 23:15 / 24.05.2022 30616

Uch oy muqaddam Rossiyaning Ukrainaga bosqini boshlangandi. Vladimir Putin qisqa maxsus amaliyot sifatida e’lon qilgan va Kreml tezda Kiyevning olishi bilan yakunlashni rejalashtirgan harbiy harakatlar uzoq davom etuvchi va pozitsion urushga aylanib ketdi. BBC rus xizmati harbiy harakatlar va ishg‘olning 90 kunligidagi asosiy voqealarni esladi.

Mariupolning yakson etilishi

Foto: Getty Images

1941 yilda nemis qismlari, 1943 yilda esa sovetlarning Janubiy fronti Mariupolni bir necha kun ichida egallab olishgandi. Azov dengizi bo‘yida yastangan ushbu shaharni mudofaa qilish qiyin deb hisoblanardi. Ammo 2022 yilda ma’lum bo‘ldiki, bu imkoni bo‘lgan ish.

Ukraina harbiylari bir oy davomida raqibni Mariupoldan tashqarida tutib turishdi - Rossiya harbiy bo‘linmalari shaharga faqat 24 martga kelib kira boshlashdi. Ukraina harbiy dengiz piyodalari va «Azov» polki tomonidan mudofaa qilingan «Azovstal» esa ikki oydan oshiq vaqt davomida qamalga bardosh berdi.

Mariupolda «Azovstal» qamali Rossiya armiyasining katta miqdordagi kuchlarini band qildi, bu qismlar Donbassning boshqa hududlaridagi harbiy harakatlarga jalb etilishi o‘rniga shahar ko‘chalaridagi og‘ir janglarda qatnashishga majbur bo‘ldi.

Harbiy harakatlar davom etayotgan mahalda mariupolliklar o‘z yaqinlarini uylar hovlisiga ko‘mishga majbur bo‘lishgan

Qamal davomida Rossiya armiyasi amalda Mariupolni yakson etdi, aviatsiya shaharni bombardimon qildi, bomba tashlangan binolar orasida tug‘uruqxona hamda Mariupol ramzlaridan biri bo‘lgan, yuzlab tinch aholi vakillari yashiringan dramatik teatr binosi ham bor edi. Moskva bunday obektlarga hujumni har safar bu binolar «Azov» polki bazasiga aylantirilganini aytish bilan oqlashga harakat qildi.

O‘n minglab shaharliklarni ish bilan ta’minlab kelgan ikkita yirik korxona - «Azovstal» va Ilich nomidagi zavod ham vayron qilindi.

«Azovstal» himoyachilari faqat may oyi o‘rtalariga kelib o‘z pozitsiyalarini topshirish va taslim bo‘lishga rozi bo‘lishdi. 16 may kuni kechqurun Ukraina Bosh shtabi «Mariupol garnizoni o‘z oldiga qo‘yilgan vazifani ado etganini, oliy qo‘mondonlik tomonidan «Azovstal»dagi bo‘linmalar komandirlariga shaxsiy tarkib hayotini saqlab qolish bo‘yicha buyruq berilgani»ni ma’lum qildi. Ukraina rahbariyati «Azovstal» mudofaasida qatnashgan o‘z harbiylarini rossiyalik harbiy asirlarga almashishni mo‘ljallagan.

Bu ikki zavodni (shahardagi turar joy binolarining 20 foizini ham) tiklashning imkoni yo‘q. Ukraina hukumati baholariga ko‘ra, Mariupolni tiklash kamida 10 mlrd dollarga tushadi.

Mariupol mudofaasida qatnashgan «Azov» polki jangchilari taqdiri qanday kechishi noma’lum - ular asirlikdagi rossiyalik harbiylarga almashtirilishi yoki Rossiyada sud qilinishi mumkin. Rossiya bosh prokuraturasi 17 may kuni «Azov»ni terrorchi tashkilot sifatida tan olishni so‘ragandi. RF oliy sudi bu murojaatni 26 may kuni ko‘rib chiqishi kerak.

Boshqa vayrongarchiliklar

Mariupol qamali va deyarli to‘la yakson etilishi urushning ilk uch oyida OAVdagi asosiy mavzu bo‘ldi. Ammo bu davr mobaynida Ukrainaning boshqa ko‘plab shaharlari ham jiddiy jabr ko‘rdi.

Rossiya qo‘shinlarining Mariupolga yurishi yo‘lida Volnovaxa shahri deyarli yer yuzidan supurib tashlandi. «Volnovaxa shahar sifatida ortiq mavjud emas», degandi Donetsk oblasti harbiy ma’muriyati rahbari Pavel Kirilenko.

Volnovaxa janglardan keyin. Foto: Getty Images

Bir oy davom etgan qamaldan keyin Lugansk oblastidagi Popasnaya shahrining ham kuli ko‘kka sovurildi. Severodonetsk va Lisichansk shaharlari qamali oqibatlari qanday yakunlanishini taxmin qilish qiyin: urushga qadar bu aglomeratsiya aholisi 340 ming kishidan oshardi.

Ikki oy davomida o‘qqa tutilgan Xarkovda qariyb ikki ming uy vayron qilingan va faqat aprel oyi oxiriga kelib ukrain kuchlari front chizig‘ini shahardan uzoqlashtirishga muvaffaq bo‘lishdi.

«Shaharda vayrongarchilik ko‘lami ulkan, bu nafaqat turar joylar, ko‘p qavatli uylar - balki shifoxonalar, maktablar, jamoat binolari, transformator podstansiyalari, suv quvurlari, qozonxonalar ham», degan shahar meri Igor Terexov.

Xarkovda tinch aholi vakillari metroda jon saqladi - bolalari va uy jonivorlari bilan birgalikda.

Chernigov shahri rahbari Vladislav Atroshenko rossiyaliklar shahardan chekinishidan keyin vayrongarchiliklar ko‘lamini 70 foizga baholagandi. Kiyev oblastidagi Irpen shahrida binolarning 71 foizi, Gostomelda - 58 foizi shikastlangan.

Bucha

Rossiya harbiylari chekingach, Bucha ko‘chalarida aniqlangan tinch aholi vakillari jasadlari. Foto: AFP

36 ming kishi yashagan, Kiyevning yo‘ldosh shaharchasi bo‘lgan Bucha Rossiyaning Ukrainaga bosqinidan oldin Kiyevning o‘rta sinf vakillari uchun prestij joy hisoblanardi. Hozirda Bucha - Rossiyaning Ukrainaga qarshi urushdagi eng dahshatli harbiy jinoyatlari sinonimiga aylangan.

Mart oyi boshida Bucha Rossiya harbiylarining Kiyevga hujumini rivojlantirish uchun muhim strategik nuqtaga aylanib qoldi - bu yerdan Ukraina poytaxti markaziga qadar masofa 30 kilometrni tashkil etadi. Shaharda janglar 24 fevral kuniyoq boshlangan, shahar mart oyi boshidan Rossiya harbiylari ishg‘olida qolgan.

Kiyevni o‘rab olishga bo‘lgan urinishlar muvaffaqiyatsizlikka uchragach, mart oyi oxirida Rossiya armiyasining Kiyev yo‘nalishidagi yurishlari to‘xtatildi.

Buchada ommaviy qabrlarga ko‘milganlarni eksgumatsiya qilish jarayoni, 14 aprel. Foto: Getty Images

Aprel oyi boshlarida shahar ko‘chalarida, hovlilarda, birodarlik qabrlaridagi tinch aholi vakillarining jasadlari aks etgan foto va videolar paydo bo‘ldi. Rossiya nashrlari barcha s’yomkalarni feyk deb atashga shoshildi, keyin ko‘chalarda aslida jasadlar emas, aktyorlar yotganiga ishontirmoqchi bo‘lishdi, oxirida esa tinch aholi vakillari o‘ldirilishida ukrainlarning o‘zini ayblay boshlashdi.

Rossiyaliklarning «versiyalari»dan birortasi amalda tasdig‘ini topmadi. Lekin tinch aholi vakillari shahar aynan Rossiya harbiylari okkupatsiyasida bo‘lgan davrda o‘ldirilganiga oid qator dalillar paydo bo‘ldi.

Yablonskaya ko‘chasida halok bo‘lganlarning jasadlari (u yerda eng ko‘p jasad topilgandi) ko‘chada kamida shahar hali rossiyaliklar okkupatsiyasida bo‘lgan mart oyi o‘rtalaridan buyon yotgani ma’lum bo‘ldi - bu Maxar agentligining sun’iy yo‘ldosh orqali olingan tasvirlari bilan tasdiqlandi.

Bundan tashqari, xuddi shu sun’iy yo‘ldosh tasvirlari ko‘rsatdiki, mart oyining birinchi yarmida halok bo‘lgan tinch aholi vakillarini birordarlik qabristonlariga ko‘ma boshlashgan - kosmosdan olingan fotosuratlarda yangi qabrlar sezilib turardi.

Mart oyini Rossiya harbiylari ishg‘oli ostida o‘tkazgan yoki urushning ilk kunlarida evakuatsiya bo‘lishga ulgurgan aholi vakillari qurolsiz odamlar rossiyalik harbiylar tomonidan otib tashlangani, ayollar zo‘rlangani va shahar bo‘ylab talonchilik harakatlari sodir etilgani haqida guvohliklar berishdi. Ularning hikoyalarini videoyozuvlar ham tasdiqlaydi - bir necha qotillik dron orqali s’yomka qilingan.

New York Times nashri may oyi oxirida videokuzatuv kameralari orqali olingan tasvirlarni taqdim etdi, unda rossiyalik harbiylar avtomat tiragan holda sakkiz nafar mahalliy aholi vakillarini ko‘chadan olib o‘tayotgani aks etgan, keyinroq bu odamlarning jasadlari Buchadagi «Agrobudpostach» bazasi hududidan topildi - bu rossiyalik harbiylarning vaqtincha dislokatsiya hududi bo‘lgandi, ular bu yerda o‘zlarining yarador harbiylarini va asir olingan mahalliy aholi vakillarini saqlashgan.

Zelenskiy 4 aprel kuni Buchaga keldi va barchasini o‘z ko‘zi bilan ko‘rdi

May oxirigacha Buchaga prezident Volodimir Zelenskiy va dunyoning qator davlatlari rahbarlari va boshqa jahon yetakchilari, masalan, BMT bosh kotibi Antoniu Gutteresh ham keldi. Rossiya armiyasi harbiy jinoyatlar sodir etishda ayblandi.

BMTning Haagadagi xalqaro jinoiy sudi bosh prokurori Karim Xon Buchadagi qirg‘in bo‘yicha ish «belgilangan tartibda ko‘rib chiqilishi»ga va’da berdi. 21 mayga kelib Kiyev oblasti politsiyasi hududda Rossiya bosqini vaqtida o‘ldirilgan tinch aholi vakillari soni 1290 dan oshganini xabar qildi.

«Moskva» kreyseri cho‘ktirilishi

«Moskva» kreyseri Qora dengiz floti flagmani edi va tez-tez turli paradlar va tashriflarda qatnashardi. Arxiv fotoda u - 2013 yil Kubada

22 aprel kuni Markaziy harbiy okrug qo‘shinlari qo‘mondoni o‘rinbosari, general-mayor Rustam Minnikayev Uralga safari vaqtida kutilmaganda Ukrainadagi harbiy amaliyotning ikkinchi bosqichidagi maqsad Dnestr bo‘yiga qadar yo‘lak ochish, ya’ni amalda Ukraina janubini egallash bo‘lishini aytdi. Kreml o‘shanda generalning bayonotini izohlashdan bosh tortdi, tahlilchilarning esa boshi qotdi - Minnekayev xayolparastlik qilmoqdami yoki qo‘mondonlikning istagini sizdirdimi?

Nima bo‘lmasin, bu reja amalga oshishi uchun rus qo‘shinlari Qora dengiz sohilidagi Odessa va Nikolayev kabi yirik shaharlarni egallashi talab etilardi.

Bu ikki shahar ham urushning ilk kunlaridan o‘qqa tutila boshlagan va ko‘plab ekspertlar Ochakov hududida qayerdadir Rossiya Qora dengiz floti hamda yil boshida Qora dengizga o‘tkazilgan Shimoliy va Boltiq floti desant kemalari orqali desant tushirilishi mumkinligi haqida gapira boshlashdi.

Urushning ilk haftasidayoq Rossiya floti ukrainlarning Odessadan 140 km masofadagi Zmeiniy oroliga hujum qilgandi - o‘shanda bu urushdagi asosiy memlardan biri paydo bo‘lgandi: «Russkiy voyennyy korabl, idi na …».

23 may kuni Ukrainada «Russkiy voyennyy korabl — vse» yozuvli yangi pochta markasi sotuvga chiqarildi. Markaziy pochtamt oldida uni sotib olishni istagan yuzlab kishilar to‘plandi. Foto: Christopher Furlong / Getty Images

Ammo Rossiya floti uchun bu urush g‘olibona kechmadi. Harbiy harakatlarning uch oyi davomida Qora dengiz floti bir necha desant katerlari va «Raptor» tipidagi patrul katerlaridan ayrildi. Okkupatsiya qilingan Berdyansk shahri portida turgan yirik «Saratov» desant kemasi Ukraina qurolli kuchlari tomonidan cho‘ktirib yuborildi, hujum vaqtida yana ikkita yirik desant kema shikastlangan.

14 aprel kuni esa Qora dengiz floti flagmani, «Moskva» raketali kreyseri ham cho‘kib ketdi. Ukraina qo‘mondonligi kreyserga «Neptun» raketasi bilan zarba berilganini ma’lum qilgan. Moskvadagilar «Moskva»da bo‘ron sharoitida yong‘in chiqqani, Sevastopolga shatakka olib ketish chog‘ida kreyser barqarorligini yo‘qotib, cho‘kib ketganini ma’lum qilgan.

Cho‘kib ketgan «Moskva» bilan birga qancha dengizchi halok bo‘lgani shu vaqtga qadar noma’lum. Ma’lumi shuki, ekipajning bir qismini muddatli harbiy xizmatga chaqirilganlar tashkil etgan. Sohilga qaytmagan matroslarning qarindoshlariga ular bedarak yo‘qolgani aytilgan - hamon ularning o‘limi tasdiqlanmagan. Muddatli harbiy xizmatga chaqirilgan va bedarak yo‘qolganlardan birining otasi Dmitriy Shkrebets esa hatto Qora dengiz floti qo‘mondonligi raketa zarbasiga uchragan kreyserni ataylab cho‘ktirib yuborgani, chunki u Sevastopolga yetkazib borilsa, kema bilan aslida nima ro‘y bergani va yo‘qotishlar ko‘lami fosh bo‘lib qolgan  bo‘lishi haqida gapirgan

Ukraina hududlari okkupatsiyasi

Rossiya tomonidan okkupatsiya qilingan Xersondagi ko‘cha, 2022 yil may. Foto: SERGEI ILNITSKY/TASS

Rossiya Donbassning bir qismidan tashqari Ukrainaning Xerson va Zaporojye oblastlaridagi katta hududlarni ham egallab olgan. Ishg‘ol etilgan eng yirik shaharlar - Mariupol va Xerson bo‘lib turibdi.

2014 yilda bo‘lgani kabi egallab olingan hududlarda Rossiya hukumati tomonidan «xalq merlari» tayinlanmoqda. Ammo, 2014 yildagidan farqli ravishda, amaldagi amaldorlar yoppasiga Rossiya tomoniga o‘tishi kuzatilmadi.

Yakunda, masalan, Berdyansk shahriga tog‘ muhandisi va shahar kengashi deputatligiga saylana olmagan Aleksandr Saulenko mer bo‘ldi, Xerson oblastidagi rahbarlardan biri esa - Ukrainadagi vaksinatsiyaga qarshi harakat yetakchilaridan biri bo‘lgan Kirill Stremousov hisoblanadi.

13 mart kuni Xerson aholisi «Xerson - bu Ukraina» nomi ostida aksiya o‘tkazishgandi. Foto: Reuters

Ammo bu odamlar - faqat xo‘jalik masalalari bilan shug‘ullanishadi. Egallab olingan shaharlardagi muhim ishlar rossiyalik harbiy komendantlar zimmasida. Katta ehtimol bilan, bular Rosgvardiya ofitserlaridir.

Ular «xalq merlari» bilan birgalikda «harbiy-fuqarolik ma’muriyatlari» shakllantirmoqda - joylarda mahalliy hokimiyat organlari aynan shunday atalmoqda. Bu yerda «harbiy» so‘zi kalit so‘z: masalan, joylarda ukrain bayroqlarini rusparast mahalliy faollar emas, qo‘lida avtomat tutgan rossiyalik harbiy xizmatchilar yechib olmoqda.

Harbiy-fuqarolik ma’muriyati grivna o‘rniga rublni muomalaga kiritishga urinmoqda, qayerlardadir hatto Rossiyaning «TsMRBank» filiallari paydo bo‘lgan, bu bank Qrimda ham faoliyat olib boradi.

Mart oyida va aprel oyi boshlarida okkupatsiyaga qarshi namoyishlar bo‘lib o‘tdi, ammo ularni kuch bilan bostira boshlashdi, o‘nlab jurnalistlar va faollar o‘g‘irlab ketilgani qayd etilgan. May oyi oxirida Energodarda «xalq meri», Zaporojye AES yetakchi muhandisi Andrey Shevchikning hayotiga suiqasd uyushtirildi. Shundan keyin shahar harbiy komendanti avtomobillar egalaridan mashinalari oynalaridan tonirovkani olib tashlashni talab qilishdi, aks holda transport vositalari shunchaki musodara qilinadi.

Donbass uchun janglar

Hozirda asosiy va eng shiddatli harbiy harakatlar Donbassda kechmoqda, bu yerda Rossiya armiyasi Ukraina qurolli kuchlarining yirik guruhini qurshab olishga intilmoqda. Frontdan kelayotgan xabarlarga ko‘ra, Rossiya ikki halqali qurshov hosil qilishga harakat qilgan.

U yerda front chizig‘i yoy shaklini hosil qilgan - avvaliga Izyumdan sharqqa Yampol orqali o‘tib, keyin Rubejnoye hududida janubga yo‘naladi, so‘ng Severodonetsk va Lisichanskni aylanib o‘tadi va keyin Popasnaya, Gorlovka va Donetsk orqali janubi-sharq tomon yo‘naladi.

Front chizig‘i Ukraina hududiga ikki nuqtada ichkariga yorib kirgan - shimolda Izyum rayonida va janubda Gorlovka atrofida - bu bo‘rtiqlar Donbassdagi yirik sanot markazi Kramatorskda tutashishi ko‘zda tutilgan. Bu shuni ko‘rsatadiki, Rossiya qo‘mondonligi kamida Donbassdagi Ukraina qurolli kuchlarining eng yirik guruhini o‘rab olishni o‘ylagan.

Ammo so‘nggi vaqtlarda rossiyalik harbiylar yana ikkita kichik yo‘nalishda oldinga siljiyotgani haqida xabarlar bor - shimolda Yampol hududida va janubda Popasnayada. Ular muhim yo‘llar o‘tgan ikki yirik shahar tomon yo‘nalgan: shimolda Yampol orqali Slovyansk tomonga, Popasnayadan esa Baxmut tomonga hujum qilinmoqda. Bu ikki shahar M03 avtomagistrali bilan bog‘langan.

Ukraina Bosh shtabining 23 may kuni bergan ma’lumotiga ko‘ra, Rossiya qo‘shinlari Baxmutga yorib kirishga harakat qilmoqda, ammo hozircha urinishlar muvaffaqiyatsizlikka uchramoqda. Ukraina Bosh shtabiga ko‘ra, Rossiya shimoldagi yo‘nalishdan Yampol va Seversk tomon yurish qilishga tayyorlanmoqda, bu yerda qo‘shinlar Shimoliy Donni kechib o‘tishi talab etiladi, so‘nggi ma’lumotlarga ko‘ra, hozircha qo‘shinlar harakati boshlanmagan. Daryo bu ikki shahar o‘rtasidan oqib o‘tadi.

Severodonetskka 17 may kuni berilgan zarbalar vaqtida rafiqasini yo‘qotgan kishi ikki yoshli egizak qizlari bilan Lisichanskdan evakuatsiya bo‘lishini kutmoqda.
Aris Messinis / AFP / Scanpix / LETA

Nihoyat, rossiyalik harbiylar oldinga intilayotgan yana bir yo‘nalish - Severodonetsk va Lisichansk hududlarida. Bu ikki aholi punkti - amalda bir shahar. Va bu Donbass yoyidagi muhim nuqta. Rossiya qo‘shinlari bu yerda ham hujum qilishni davom ettirmoqda va janubi-g‘arb tomon yo‘nalgan bu sa’y-harakatlar ukrain qismlarini surib chiqarishga qaratilgan.

Ammo rossiyalik harbiylarning harakatlarini muvaffaqiyatli va tez sur’atlarda ketmoqda, deyish qiyin. Shimoliy Donni kechib o‘tishda muammolar bor, bu daryodan o‘tishda Rossiya armiyasi katta yo‘qotishlarga uchramoqda.

Urush Rossiya hududiga ham o‘tgan

24 fevral kuni rossiyalik harbiylar Ukraina hududiga o‘zaro davlat chegarasining barcha hududlari bo‘ylab, shuningdek, annexia qilingan Qrim va Belarus orqali hujumga o‘tdi. Ammo g‘alabali blitskrigga erishilmadi, ukrain kuchlari bosqinchini qattiq qarshilik bilan kutib oldi.

Mart oyi oxirida Istanbuldagi muzokaralardan keyin Rossiya o‘z qo‘shinlarini Kiyev, Sumi va Chernigovdan olib ketishga qaror qildi, may oyi o‘rtalarida esa rus qo‘shini Xarkov atrofidan ham chekina boshladi, Ukraina armiyasi taktik qarshi hujum boshladi.

1 aprel kuni Belgorodda neft bazasi yonib ketdi. Belgorod gubernatori Vyacheslav Gladkov bu Ukraina tomonidan berilgan zarba oqibatida bo‘lganini aytgan. Foto: Getty Images

Endilikda Rossiya hududidagi infratuzilmalar va harbiy obektlar ham o‘qqa tutila boshladi - Belgorod, Bryansk va Kursk oblastlarida. Gubernatorlar Vyacheslav Gladkov, Aleksandr Bogomaz va Roman Starovoyt ular boshqaruvidagi hududlarda har haftada yangi portlashlar, yong‘inlar va vayrongarchiliklar kuzatilayotgani to‘g‘risida xabar berib kelishmoqda. Chegara hududlarida bir necha rossiyalik harbiy xizmatchilar halok bo‘lgani tasdiqlangan.

Ukraina hukumati va harbiylari Rossiya hududiga berilgan zarbalar va chegaradagi portlashlarga aloqadorligini rasman tasdiqlamagan.

Ko‘proq yangiliklar: