Samarqandda YPX xodimi haydovchiga elektroshoker qo‘llamoqchi bo‘ldi

Jamiyat 16:17 / 24.05.2022 1825

Ijtimoiy tarmoqlarda Samarqand viloyatida YPX xodimi haydovchiga elektroshoker qo‘llamoqchi bo‘lgani tasvirlangan videolavha tarqaldi. Holat yuzasidan viloyat IIB axborot xizmati munosabat bildirdi.

Munosabatda ma’lum qilinishicha, 2022 yil 20 may kuni Jomboy tumani Galakapa ko‘chasida xizmat olib borayotgan viloyat IIB JXX YPXB 1-otryadi inspektori M.Otaboyev tomonidan shu ko‘chada harakatlanib kelayotgan Spark mashinasi to‘xtatilib tekshirilganda, haydovchi L.A. uni me’yoriy hujjatlarsiz boshqarib, yo‘l harakati qoidasininig tegishli bandini buzib kelayotganligi aniqlangan.

Ushbu holat yuzasidan haydovchiga nisbatan ma’muriy bayonnoma rasmiylashtirilib, inspektor mashinani vaqtinchalik saqlash uchun jarima maydonchasiga qo‘yishini aytib, uni boshqarib bormoqchi bo‘lganida haydovchi unga qarshilik qilib, inspektordan evakuator chaqirishini so‘ragan.

Inspektor haydovchini agarda uning qonuniy talablariga bo‘ysunmasa, elektroshoker qurilmasini qo‘llashi bo‘yicha ogohlantirgan hamda mashina evakuator yordamida vaqtinchalik saqlash uchun jarima maydonchasiga joylashtirilgan.

Qayd etilishicha, holat yuzasidan xizmat tekshiruvi o‘tkazilmoqda.

Avvalroq Samarqand shahrida PPX xodimlari qozog‘istonlik sayyohlarga qo‘pol muomala qilib, shaharda soat 23:00 dan keyin yurish mumkin emasligini aytib, bo‘limga borishga rozi bo‘lmagan mehmonlarga elektroshoker qo‘llagandi. O‘shanda, sayyohlarga bo‘limga borishni taklif etgan xodim “reja” borligini pisanda qilgan.

Hodisa yuzasidan munosabat bildirgan Ichki ishlar vazirligi matbuot xizmati rahbari Shohrux G‘iyosov sayyohlarga qo‘pol munosabatda bo‘lib, eletroshoker qo‘llagan xodimlarga nisbatan xizmat tekshiruvi tayinlangani haqida ma’lum qilgandi. 

“Tekshiruv yakuniga ko‘ra, qonunchilikka zid harakat qilgan barcha xodimlarning hamda faoliyatga mas’ul rahbarlarining xizmatdan bo‘shatilishi va javobgarlik masalasi ko‘rib chiqiladi”,  deyilgandi munosabatda.

Ko‘proq yangiliklar: