Duterte Ukrainadagi urushni qoraladi

Jahon 18:35 / 24.05.2022 14683

Filippin prezidenti Rodrigo Duterte hukumat a’zolari bilan haftalik telekonferensiyasi vaqtida Rossiyaning Ukrainaga bosqini vaqtida tinch aholi vakillari o‘ldirilgani uchun Vladimir Putinni tanqid qildi. Dutertening so‘zlariga ko‘ra, Putin «maxsus harbiy amaliyot» deb atayotgani aslida — Rossiya suveren davlatga qarshi olib borayotgan keng miqyosli urushdir.

King Rodriguez/ Malacanang Presidential Photographers Division via AP

«Ko‘pchilik biz Putin ikkimiz ham qotil ekanimizni aytadi. Men allaqachon sizlarga, filippinliklarga, men chindan ham odam o‘ldirishimni aytganman. Ammo men jinoyatchilarni o‘ldiraman, bolalar va keksalarni emas. Biz u bilan turlicha dunyolarda yashaymiz», — deya Filippin prezidenti so‘zlarini keltiradi The Independent.

Duterte Ukrainadagi urush dunyoda neft narxi ko‘tarilishiga olib kelgani va bundan ko‘plab davlatlar, jumladan Filippin ham jabr ko‘rganini qo‘shimcha qilgan.

Dutertening prezidentlik muddati 30 iyun kuni yakuniga yetadi. Mamlakat konstitutsiyasiga ko‘ra, davlat rahbari faqat bir marta olti yil muhlatga saylanishi mumkin. May oyida bo‘lib o‘tgan prezidentlik saylovlarida diktator Ferdinand Markosning o‘g‘li bo‘lmish Ferdinand Markos g‘alaba qozondi. Dutertening qizi Sara esa vitse-prezidentlikka saylandi.

Rodrigo Duterte avval bir necha bor Rossiya hukumati va shaxsan Putinni qo‘llab-quvvatlagandi. U RF prezidenti bilan uch uchrashuvidan birida, 2016 yil noyabrida Rossiyani «buyuk mamlakat» deb atagan, G‘arbni «ikkiyuzlamachilik»da ayblagandi.

Duterte giyohvand moddalar savdosiga qarshi eng shafqatsiz metodlar qo‘llash tarafdori hisoblanadi. Amnesty International ma’lumotiga ko‘ra, uning prezidentligining dastlabki olti oyida politsiya va noma’lum qurolli shaxslar yetti mingdan ortiq kishini o‘ldirishgan. Huquq faollari ma’lumotiga ko‘ra, qurbonlar orasida bolalar ham bo‘lgan. Xalqaro jinoiy sud ushbu suddan tashqari qotilliklarni shartli ravishda insoniyatga qarshi jinoyat sifatida baholab, tergov boshlagan.

2021 yil yozida esa Duterte koronavirusga qarshi vaksina qabul qilishdan bosh tortuvchilarni qamoqqa tiqishni va’da qilgandi. Shu bilan birga, u vaksinaga qarshi bo‘lganlar qamoqda emlanishini aytgandi. Undan avvalroq Rodrigo Duterte politsiyachilarga mamlakatda qat’iy lokdaun e’lon qilingan chog‘da karantin qoidalarini buzganlarni otishga ruxsat bergandi.

Ko‘proq yangiliklar: