Alisher Sa’dullayev Shaxmat federatsiyasi raisi etib saylandi

Sport 14:47 / 24.05.2022 25142

Yoshlar ishlari agentligi direktori Alisher Sa’dullayev Shaxmat federatsiyasi raisi etib saylandi. Bu haqda O‘zA xabar berdi.

Alisher Sa’dullayev 1994 yilning 11 iyulida Jizzax viloyatining Jizzax tumani (hozirgi Sharof Rashidov tumani)da tug‘ilgan. Toshkent shahridagi Singapur menejmentni rivojlantirish institutini tamomlagan, keyinroq Buyuk Britaniyada tahsil olgan.

2017 yil iyul oyigacha Result o‘quv markazini boshqarib kelgan. 2017 yil iyul oyidan 2018 yil oktabr oyigacha Xalq ta’limi vazirining o‘rinbosari lavozimida ishlagan – o‘shanda u eng yosh vazir o‘rinbosari bo‘lgandi. 2018 yil 27 oktyabrda O‘zbekiston yoshlar ittifoqi Markaziy Kengashi raisining birinchi o‘rinbosari lavozimiga tayinlangan, 2019 yil avgustida Qahramon Quronboyev o‘rniga Yoshlar ittifoqiga rais bo‘lgandi.

2020 yil yanvarida prezident uni senator – O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining yoshlar, fan, ta’lim, sog‘liqni saqlash, madaniyat va sport masalalari bo‘yicha maslahatchisining birinchi o‘rinbosari etib tayinladi va u mamlakat tarixidagi eng yosh Senat a’zosiga aylangandi. 2020 yilning iyul oyidan buyon Yoshlar ishlari agentligi direktori lavozimida ishlab kelmoqda.

Ma’lumot uchun, Shaxmat federatsiyasiga 2021 yil yanvaridan buyon bosh vazir o‘rinbosari Aziz Abduhakimov rahbarlik qilib kelayotgandi.

2021 yil aprel oyida Aziz Abduhakimov rahbarligidagi Turizmni rivojlantirish davlat qo‘mitasi Jismoniy tarbiya va sport vazirligi bilan birlashtirilib, Turizm va sport vazirligi tuzilgan, vazir lavozimiga Aziz Abduhakimov tayinlangandi. 2022 yil fevralida bu vazirlik yana ikkiga ajratilib, Turizm va madaniy meros vazirligi hamda Sport vazirligi tashkil etildi, Abduhakimov turizm vazirligini o‘zida saqlab qoldi. O‘tgan vaqt mobaynida u Shaxmat federatsiyasi rahbarligini ham o‘zida saqlab qolayotgandi.

  • Eslatib o‘tamiz, 2022 yil yanvarida Kun.uz o‘z ixtiyoridagi ma’lumotlarga tayanib, O‘zbekiston Shaxmat federatsiyasining moliyaviy faoliyatiga aloqador masalalar yuzasidan surishtiruv e’lon qilgandi. Maqolada federatsiya o‘z balansidagi Malibu avtomobilini «Markaziy shaxmat klubi» MChJga bozor qiymatidan 3 barobar arzonroqqa sotgani va bu tashkilotga 1,8 milliard so‘mdan ortiq pul mablag‘larini o‘tkazib bergani keltirilgan.
  • 2022 yil fevral oyida Antikorrupsiya agentligi Shaxmat federatsiyasi bilan bog‘liq moliyaviy operatsiyalarni o‘rganib, federatsiyaga 2020-2021 yillarda budjetdan mablag‘lar to‘g‘ridan to‘g‘ri ajratilmaganini aniqladi. Ta’kidlanishicha, federatsiyaga 2020 yil uchun mablag‘ ajratilmagan, 2021 yil davomida esa jami 6 ta tadbir uchun 2 mlrd 834,8 mln so‘m mablag‘ moliyalashtirilgan. Federatsiya tomonidan uning 2 mlrd 208,4 mln so‘mi sarflangan va qolgan 626,4 mln so‘m mablag‘lar vazirlikka qaytarilgan. Agentlik Shaxmat federatsiyasi NNT bo‘lgani bois, uning faoliyatini to‘xtatib qo‘yish uchun hujjatlarni Adliya vazirligiga yuborgan edi.
Ko‘proq yangiliklar: