Aksiz soliq to‘lovchilar faoliyatini raqamlashtirish jarayoni olib borilmoqda

Jamiyat 11:05 / 24.05.2022 7458

O‘zbekiston prezidentining 2022 yil 14 fevraldagi PQ-128-son qarori bilan Moliya vazirligining aksiz solig‘ini to‘g‘ri va o‘z vaqtida hisoblashni nazorat qilish funksiyasi Davlat soliq qo‘mitasiga o‘tkazildi.

Shunga ko‘ra, davlat soliq xizmati organlarida aksiz solig‘ining to‘g‘ri va o‘z vaqtida hisoblanishini nazorat qiluvchi shu’ba tashkil qilindi. Shu’ba xodimlari tomonidan korxonalarda o‘rganish hamda amaliy seminarlar o‘tkazilmoqda.

Jumladan, Yirik soliq to‘lovchilar bo‘yicha hududlararo davlat soliq inspeksiyasi mutaxassislari alkogol mahsulotlari ishlab chiqaruvchi “Hamkor osiyo” MChJda bo‘lib, targ‘ibot-tushuntirish tadbirlarini amalga oshirdi.

Seminar davomida soliqchilar Vazirlar Mahkamasining 2020 yil 31 dekabrdagi 833-son qarori bilan tasdiqlangan “Alkogol mahsulotlarini raqamli identifikatsiya vositalari bilan majburiy markirovkalash xususiyatlari to‘g‘risida”gi nizomda ko‘rsatilgan bandlar ijrosi bilan qiziqdi.

Ma’lumot uchun, mazkur nizomga asosan, 2021 yil 1 yanvardan alkogol mahsulotlarini ishlab chiqaruvchilar va import qiluvchilar (pivo va pivo mahsulotlari 2021 yil 1 apreldan, metall, alyumin idishdagi alkogol mahsulotlari 2021 yil 1 dekabrdan) raqamli identifikatsiyalash vositasi mahsulotning iste’mol qadog‘iga tushirilishini, alkogol mahsulotlarni markirovkalash to‘g‘risidagi ma’lumotlar axborot tizimiga kiritilishini ta’minlashi belgilangan.

Bundan tashqari, spirtli ichimliklar, vino va vinochilik mahsulotlari ishlab chiqaruvchilar 2021 yil 1 dekabrdan alkogol mahsulotlarini agregatsiyalashni ta’minlashi yuqoridagi nizom bilan tasdiqlangan.

Pivo va pivo mahsulotlari 2022 yil 1 martdan, metall idishdagi alkogol mahsulotlari uchun 2022 yil 1 noyabrdan ushbu tartib amaliyotga joriy etilishi nizomda qayd etilgan.

Targ‘ibot tadbirida yuqorida keltirilgan nizomda alkogol mahsulotlari aylanmasi bo‘yicha barcha harakatlar to‘g‘risidagi ma’lumotlarni markirovkalash axborot tizimiga kiritish belgilangani ta’kidlandi.

Shuningdek, ishlab chiqaruvchi va import qiluvchilar bilan ishlovchi ulgurji savdo tashkilotlari ham alkogol mahsulotlarini sotib olishga doir barcha harakatlar to‘g‘risidagi ma’lumotlarni markirovkalash axborot tizimiga kiritish tartibiga 2021 yil 1 dekabrdan o‘tganligi, faqat mazkur tartib pivo va pivo mahsulotlari uchun 2022 yil 1 martdan, metall (alyumin) idishdagi alkogol mahsulotlari uchun 2022 yil 1 noyabrdan etib belgilangani yana bir bor eslatib o‘tildi.

Bu kabi tartib alkogol mahsulotlarining chakana savdosi bilan shug‘ullanuvchilarga ham taalluqli. Bu haqida yuqoridagi nizomda spirtli ichimliklar hamda vino va vinochilik mahsulotlariga 2021 yil 1 maydan, pivo va pivo mahsulotlariga 2021 yil 1 oktyabrdan, shuningdek, metall, shu jumladan, alyumin idishdagi alkogol mahsulotlariga 2022 yil 1 martdan barcha ma’lumotlarni markirovkalash axborot tizimiga kiritish joriy etilishi ko‘rsatilgan.

2021 yil 1 aprelidan pivo mahsulotlarini raqamli identifikatsiyalash vositalari tushirmasdan, qolaversa, alkogol mahsulotlarining ko‘rsatilgan turlarini markirovkalash to‘g‘risidagi ma’lumotlarni tizimga yubormasdan ishlab chiqarish taqiqlandi.

Ushbu sanadan boshlab alkogol mahsulotlarining ko‘rsatilgan turlari chakana savdosiga ularning chakana sotilishi to‘g‘risidagi ma’lumotlar markirovkalash axborot tizimiga kiritilgandagina yo‘l qo‘yilishi belgilangan.

«Prezidentning 2021 yil 4 oktyabrdagi PQ-5252-son qarori bilan 2022 yil boshidan raqamli markirovkalangan mahsulotlar chakana savdosini amalga oshiruvchi tadbirkorlik sub’yektlari uchun onlayn nazorat-kassa mashinasi va virtual kassaga ulanish, shtrix-kodlar hamda raqamli markirovka kodlarini to‘g‘ri o‘qishni va aniqlashni ta’minlovchi maxsus qurilmalardan foydalanish majburiy etib belgilandi.

Bundan tashqari, Prezidentning 2021 yil 30 dekabrdagi PQ-73-son qaroriga asosan, 2022 yil 1 iyuldan e’tiboran, etil spirti va alkogolli mahsulotlarni ishlab chiqarishda soliq organlarining axborot tizimlari bilan integratsiyalashgan elektron hisobga olish va o‘lchash uskunalaridan foydalanish shart hisoblanadi», — deya ta’kidladi seminar ishtirokchisi Yirik soliq to‘lovchilar bo‘yicha hududlararo davlat soliq inspeksiyasi bosh inspektori Jasur Jo‘rayev.

O‘zbekiston Respublikasining 2022 yil 11 martdagi 758-son qonuni bilan MJtKning 166-moddasiga kiritilgan qo‘shimchalarga asosan, ishlab chiqaruvchilar va import qiluvchilar tomonidan identifikatsiya vositalari orqali majburiy raqamli markirovkalash qoidalarini buzish mansabdor shaxslarga bazaviy hisoblash miqdorining yuz baravari miqdorida jarima solishga sabab bo‘ladi.

Seminar davomida fiskal belgilarni aks ettirish, avtomatlashtirilgan hisobga olish o‘lchov vositalari bilan jihozlash yoki soliq organlarining axborot tizimlari bilan integratsiya qilinishini ta’minlash bo‘yicha qonunchilikda belgilangan talablarni yoki tartibni buzish, shuningdek, ishlab chiqaruvchi, import qiluvchilar va sotuvchilar tomonidan identifikatsiya vositalari orqali majburiy raqamli markirovkalash qoidalarini buzish realizatsiya amalga oshirilgan oxirgi hisobot choragida olingan sof tushum miqdorida jarima solishga olib kelishi Soliq kodeksining 227(1-prim)-moddasida ko‘rsatib o‘tilgani ta’kidlanib, targ‘ibot tadbirida soliq to‘lovchilar qonun talablari asosida faoliyat olib borishi lozimligiga alohida urg‘u berildi.

Zero, davlat soliq xizmati organlari — intizomli soliq to‘lovchilarning ishonchli hamkoridir!

Yirik soliq to‘lovchilar bo‘yicha hududlararo davlat soliq inspeksiyasi matbuot xizmati

Ko‘proq yangiliklar: