Turkiyada taniqli muxolifatchi ayolga chiqarilgan sud hukmiga qarshi namoyish o‘tkazildi 

Jahon 10:09 / 23.05.2022 5753

21 may kuni Turkiyaning taniqli muxolifatchi siyosatchisi, Respublika xalq partiyasi (RXP) Istanbul bo‘limi rahbari, shifokor Canan Kaftanjio‘g‘lu ustidan chiqarilgan sud qarori munosabati bilan minglab odamlar Istanbul ko‘chalariga chiqdi. Namoyishchilar Kaftanjio‘g‘lu bilan birdamlik ko‘rsatib, «huquq, qonun, adolat» talabi yozilgan shiorlar ko‘tarib olishdi. 

O‘n kun oldin Turkiyada sud qarorni o‘z kuchida qoldirgandi, unga ko‘ra Kaftanjio‘g‘lu uzoq muddatga qamoq jazosiga hukm qilindi. Sudyalar hukmni uchta ayblov moddasi bo‘yicha asosli deb topdi. Bu hukmga ko‘ra, 50 yoshli ayol prezidentni haqorat qilish va Turkiya davlatini omma oldida haqoratlashda ayblanib, 4 yil, 11 oy 20 kunga ozodlikdan mahrum etilishi kerak.

2019 yilda Kaftanjio‘g‘lu prezident Rajab Toyyib Erdo‘g‘anni haqorat qilish va terrorizmni targ‘ib qilish kabi bir qator ayblovlar bilan qariyb 10 yillik qamoq jazosiga hukm qilingan edi. Ayblovlar Kaftanjio‘g‘luning 2012-2017 yillar oralig‘ida Twitter’dagi postlariga asoslangan. 
 
Apellyatsiya sudi Kaftanjio‘g‘luning qamoq jazosini salkam besh yilga qisqartirdi. Turkiya qonunchiligiga ko‘ra, besh yillik qamoq jazosi shartli jazoga almashtirilishi va to‘xtatilishi mumkin, bunda muxolifatchi qamoqqa olinmaydi. Biroq uning advokatiga ko‘ra, ayol besh yilga siyosiy faoliyatdan chetlashtiriladi. 

RXPga ko‘ra, hukm 2019 yil iyun oyi oxirida ushbu partiya vakili Ekrem Imomo‘g‘li Istanbul hokimi saylovlarida prezident Rajab Toyyib Erdo‘g‘anning Adolat va taraqqiyot partiyasi (ATP) nomzodi Binali Yildirimni mag‘lub etganiga javob bo‘lgan. Istanbul hokimligi uchun saylovlardagi natija mamlakat rahbari uchun haqoratli mag‘lubiyat bo‘ldi. Turkiyada uzoq vaqtdan beri birinchi marta eng muhim shahar hokimi lavozimini ATP a’zosi emas, balki muxolifatchi egalladi. Kaftanjio‘g‘lu Imomo‘g‘lini qo‘llab-quvvatlab keladi va uning «o‘ng qo‘li» hisoblanadi. 

Ko‘proq yangiliklar: