Toshkent davlat stomatologiya instituti Yaponiyaning nufuzli “GC” kompaniyasi bilan hamkorlik shartnomasini imzoladi

O‘zbekiston 12:00 / 23.05.2022 5842

Mamlakatimizda amalga oshirilayotgan keng qamrovli islohotlarni xalq manfaatlari yo‘lida izchil davom ettirish Toshkent davlat stomatologiya instituti jamoasi oldida turgan eng muhim vazifalardan biri bo‘lib, iqtisodiyot tarmoqlari va ijtimoiy sohani jadal rivojlantirish, ilmiy-intellektual hamda moliyaviy resurslarni to‘liq safarbar etgan holda ilmiy-innovatsion salohiyatdan keng foydalanish, istiqbolda ilm-fanni muntazam isloh qilib borish, zamonaviy bilimga ega va mustaqil fikrlaydigan yuqori malakali kadrlar tayyorlash kabi yo‘nalishlarda keng qamrovli ishlar olib borilmoqda.

Toshkent davlat stomatologiya instituti tibbiyot sohasida 100 yildan ortiq davrda innovatsion stomatologik ashyolar ishlab chiqaruvchi Yaponiyaning «GC» kompaniyasi bilan hamkorlik shartnomasini imzoladi.

Shartnoma doirasida institutning 50 nafar iqtidorli talabalari uchun Yaponiyada malaka oshirish kurslarida, shuningdek, ilmiy izlanuvchilar uchun grant loyihalarida ishtiroki uchun keng imkoniyatlar yaratildi.

Yaponiyaning «GC» kompaniyasining O‘rta Osiyo mamlakatlari bo‘yicha vakili V. Berezinning ta’kidlashicha, O‘zbekistonda qisqa muddatda innovatsiyaga yo‘naltirilgan iqtisodiyotni shakllantirishga va innovatsiyalarni keng joriy etish uchun shart-sharoitlar yaratishga qaratilgan keng ko‘lamli ishlar amalga oshirildi.

Shartnoma imzolash anjumani doirasida, I. Mechnikov nomidagi Shimoliy – g‘arbiy davlat tibbiyot universiteti professori O. Kravets tomonidan institut talabalari, magistrlar va klinik ordinatorlar uchun terapevtik stomatologiya sohasida zamonaviy tashxislash va davolash usullari bo‘yicha ma’ruza va mahorat darslari tashkil etildi.

Anjuman davomida, Yaponiya korxonasi bilan hamkorlikda ilmiy tadqiqot izlanishlarni keng tatbiq etish, ta’lim jarayonini modernizatsiya qilish ishlarini sifat jihatidan yangi bosqichga ko‘tarish, shuningdek, O‘zbekiston Respublikasining ilm-fanini dunyo hamjamiyatiga tanishtirish va mustahkamlash, xalqaro aloqalarni mustahkamlash kabi istiqbolli rejalar bo‘yicha kelishuvlarga erishildi.

Ma’lumot o‘rnida: Toshkent davlat stomatologiya instituti bugungi kunda O‘zbekiston yetakchi tibbiyot oliy ta’lim muassasalaridan biri bo‘lib, Butun jahon tibbiy ta’lim akkreditatsiyasi va xalqaro ISO 9001:2015 sertifikatsiyasi o‘tgan yagona OTM bo‘lib, akademik va moliyaviy mustaqillikka ega bo‘ldi.

Ilm-fan va innovatsiyalar sohasidagi natijalar oliygohlarning xalqaro darajada tan olinishida muhim ahamiyatga ega bo‘lib, 2022 yilda Toshkent davlat stomatologiya instituti Times Nigher Education (THE) reyting agentligining impakt reytingida (THE Impact Rankings 2022) kuchli 1001+ ro‘yxatiga kirdi. Mazkur reyting agentliklari ro‘yxatiga kirishda muhim ko‘rsatkichlardan biri – bu, oliy ta’lim muassasasi professor – o‘qituvchilarining nashr faolligi hisoblanadi.

Toshkent davlat stomatologiya instituti matbuot xizmatiⓉ

Ko‘proq yangiliklar: