Tehronda islom inqilobi qo‘riqchilari korpusi zobiti o‘ldirildi 

Jahon 11:18 / 23.05.2022 7905

Islom inqilobi qo‘riqchilari korpusi (IIQK) polkovnigi Sayyod Xodaiy 22 may, yakshanba kuni kechqurun Tehrondagi uyi yonida otib o‘ldirildi. Tashkilot ma’lumotlariga ko‘ra, u mototsikllarda kelgan ikki kishining qurolli hujumi natijasida halok bo‘lgan. IIQK buni «terrorchilik harakati» deb atadi. Rasmiy IRNA agentligiga ko‘ra, polkovnikka uyiga qaytayotganida besh marta o‘q uzilgan.

Xodaiy «muqaddas joy himoyachisi» edi, deya ma’lum qildi inqilob soqchilari. Bu belgi Suriya yoki Iroqda davlat nomidan harakat qiladigan eronliklar uchun qo‘llaniladi. Eron davlat televideniyesi esa Xodaiyni Suriyada «yaxshi tanilgan» deb ta’kidladi, lekin tafsilotlarni keltirmadi. Eron Suriyadagi fuqarolar urushida prezident Bashar Asadning asosiy ittifoqchisi hisoblanadi. 

Xodaiyga amalga oshirilgan hujumdan bir necha soat oldin, IIQK bir qator jinoyatlarda, jumladan, «hujumlar, odam o‘g‘irlash va vandalizm»da ishtirok etgan «Isroil razvedka xizmati bilan aloqasi bo‘lgan jinoyatchilar» guruhining hibsga olinganini e’lon qildi. 

Xodaiy 2020 yil noyabr oyida Tehrondagi Imom Husayn universitetining yadro fizikasi bo‘yicha yetakchi mutaxassisi va o‘qituvchisi, Islom inqilobi qo‘riqchilari korpusi zobiti Muhsin Faxrizoda o‘ldirilganidan beri Eronda amalga oshirilgan hujumning eng taniqli qurboniga aylandi. Tehron Isroilni Faxrizoda mashinalari karvoniga Eron poytaxti yaqinida hujum qilganlikda aybladi. 

2020 yil yanvar oyida eronlik general Qosim Sulaymoniy Iroqda AQShning uchuvchisiz uchoqlari hujumi natijasida halok bo‘lgandi. Sulaymoniy Erondan tashqarida operatsiyalar o‘tkazish uchun mas’ul bo‘lgan Islom inqilobi qo‘riqchilari korpusining nufuzli «Al-Quds» maxsus bo‘linmasiga qo‘mondonlik qilgan. U Yaqin Sharqda eng nufuzli eronlik generallardan biri sifatida ko‘rilgan.

Ko‘proq yangiliklar: