“Shunchaki, planni bajarishim kerak” - Samarqandda IIB xodimlari sayyohlarga elektroshoker qo‘lladi

O‘zbekiston 12:01 / 23.05.2022 48425

Ichki ishlari organlari xodimlarining fuqarolarga nisbatan noqonuniy xatti-harakatlaridan navbatdagisi Samarqand shahrida ro‘y berdi. Bu galgi jabrlanuvchilar – sayyohlar.

PPX xodimlari Samarqandda Qozog‘istondan kelgan bir necha sayyoh va ularning o‘zbekistonlik hamrohlaridan iborat guruhni, ular pasportlarini ko‘rsatgan bo‘lishlariga qaramay, shaxsini tasdiqlash uchun majburan IIBga olib borishgan.

Biror-bir huquqbuzarlik sodir etmaganiga ishonchi komil bo‘lgan sayyohlar IIBga borishdan bosh tortishgan, bunga javoban xodimlar qo‘shimcha kuchlarni chaqirib, ularga elektroshoker qo‘llashgan.

Hodisa videolari, shuningdek, fuqarolarga yetkazilgan jarohatlar suratlarini Instagram'dagi “Black List Tashkent” kanali e’lon qildi.

Ichki ishlar vazirining matbuot kotibi Shohrux G‘iyosov Samarqand shahar PPX xodimlari xizmat vazifasi va elektroshoker qo‘llash vakolatini suiiste’mol qilganini tan oldi. Holat bo‘yicha IIV Shaxsiy xavfsizlik xizmati va prokuratura hamkorligida tekshiruv boshlangan.

“Tekshiruv yakuniga ko‘ra, qonunchilikka zid harakat qilgan barcha xodimlarning hamda faoliyatga mas’ul rahbarlarining xizmatdan bo‘shatilishi va javobgarlik masalasi ko‘rib chiqiladi”, dedi G‘iyosov.

IIV so‘zchisi o‘z bayonotida PPX xodimlari fuqarolarni tegishli bo‘limga olib borishgani ularga “plan” belgilab berilgani bilan bog‘liqligiga izoh bermagan.

Hodisa videosida xodimlardan biri: “Muammo yo‘q, shunchaki menga plan qo‘yilgan” degani eshitiladi.

Voqea Samarqanddagi Mirzo Ulug‘bek ko‘chasida, 21 mayga o‘tar kechasi soat taxminan 03:30–04:00 oralig‘ida ro‘y bergan. Bu vaqtda esa, xodimlarning da’vo qilishicha, ko‘chada yurish mumkin emas.

“Problemani sizlar qilyapsizlar. Soat 23:00dan keyin Samarqand shahrida “Xavfsiz tun” tadbiri. [Hozir esa] soat o‘ntakam to‘rt”, – degan PPX xodimlaridan biri.

Fuqarolar avvaliga o‘zlarini ancha bosiq tutishgan: yonlarida pasportlari borligini aytib, ko‘rsatishgan; tinchgina qo‘yib yuborishlarini iltimos qilib, turistik politsiyani chaqirishni so‘rashgan – ularning bu iltimoslari qondirilmagan. Xodimlar bir necha marta “o‘tir mashinaga” deya qo‘pol munosabatda bo‘lib, talab qondirilmagach, qo‘shimcha kuchlar chaqirgan.

Fuqarolarni IIBga olib borish elektroshoker qo‘llangan. Ulardan birining telefoni olib qo‘yilgan, ikkinchisining voqeani videoga olishiga faol qarshilik ko‘rsatilgan.

Oxirgi yillarda ichki ishlar tizimida “plan” borligi haqida ijtimoiy tarmoqlarda qator ma’lumotlar sizib chiqayotganiga qaramay, mas’ullar har safar buni rad etib keladi.

Tizimda o‘z kasbiga munosib sharafli xodimlar ham ko‘pligini e’tirof etgan holda, ta’kidlash lozimki, ichki ishlar xodimlarining o‘z vakolatlaridan chetga chiqishi kabi holatlar muntazam ravishda ro‘y berib kelmoqda.

Ma’lumot uchun, “Ichki ishlar organlari to‘g‘risida”gi qonunning 23-moddasiga ko‘ra, ichki ishlar xodimlari elektroshok qurilmalarini faqat quyidagi holatlarda qo‘llashi mumkin:

  • jinoyatga yoki ma’muriy huquqbuzarlikka chek qo‘yishda;
  • qurolli qarshilik ko‘rsatishi mumkin bo‘lgan shaxsni ushlashda;
  • zo‘ravonlik bilan ushlab turilgan shaxslarni, egallab olingan binolarni, xonalarni, inshootlarni, transport vositalarini va yer uchastkalarini ozod qilishda;
  • fuqarolarning hayoti va sog‘lig‘iga, jamoat xavfsizligiga tahdid soluvchi ommaviy tartibsizliklarga hamda boshqa g‘ayriqonuniy xatti-harakatlarga chek qo‘yishda.
Ko‘proq yangiliklar: