Pentagon Yevroittifoqdan AQShga bolalar ovqatini yetkazib berishni o‘z zimmasiga oldi

Jahon 11:42 / 23.05.2022 5509

22 may, yakshanba kuni Indiana shtatiga 31 tonnadan ortiq bolalar ovqati ortilgan AQSh harbiy samolyoti qo‘ndi. U Germaniya g‘arbida, Reynland-Pfals federal hududida joylashgan Qo‘shma Shtatlarning «Ramshteyn» aviabazasidan keldi. Olib kelingan bolalar ovqati yarim milliondan ortiq idishchalarni to‘ldirishga yetadi.

AQShda bir necha oydan beri chaqaloqlar ovqatining keskin tanqisligi kuzatilmoqda. Buning sababi bir qator holatlarga bog‘liqdir. Dastlab, bolalar ovqatlari ishlab chiqarish ta’minot zanjiri uzilishi va COVID-19 pandemiyasi tufayli xodimlarning yetishmasligi sababli kamaydi. Keyin, fevral oyida AQShning Abbott farmatsevtika kompaniyasi ikki chaqaloqning o‘limidan so‘ng Michigandagi bolalar ovqatlari zavodini yopishga majbur bo‘ldi. 

Taxminlarga ko‘ra, fojia patogen bakteriyalar bilan kasallanish sababli sodir bo‘lgan. Biroq, Oziq-ovqat va dori-darmonlar sifatini nazorat qilish bo‘yicha sanitar boshqarma o‘tkazilgan tekshiruv mahsulot yaxshi ekanini ko‘rsatdi va o‘tgan hafta Abbott’da ishlab chiqarishni qayta tiklash bo‘yicha kelishuvga erishildi. Ammo, bolalar ovqatining supermarket javonlarida paydo bo‘lishiga bir necha hafta vaqt talab etiladi.

Shuning uchun AQSh prezidenti Jozef Bayden Amerika harbiy transport samolyotlari tomonidan Yevropadan bolalar ovqatini olib kelish topshirig‘ini berdi. Yakshanba kuni kechqurun u Twitter’da Shveytsariyaning Nestlé kompaniyasidan AQShga bolalar ovqatlarini olib keladigan ikkinchi shunday reys haqida e’lon qildi. 

AQSh prezidentining siyosiy va iqtisodiy masalalar bo‘yicha maslahatchisi Brayan Dizning CNN’ga aytishicha, Yevropa ittifoqidan sut aralashmasi birinchi jo‘natmasi favqulodda ehtiyojlarning taxminan 15 foizini qoplagan. Bolalar ovqati Nestlé kompaniyasi markazi joylashgan Indiana shtatiga keltirildi. U yerda mahsulot sifati laboratoriyada tekshiriladi, shundan so‘ng u Qo‘shma Shtatlar supermarketlariga tarqatiladi. 

Ko‘proq yangiliklar: