JSST maymun chechagi tarqalishiga qarshi choralar ko‘rishga chaqirdi

Jahon 08:39 / 23.05.2022 10855

Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti (JSST) maymun chechagining yanada tarqalishiga qarshi qator choralar ko‘rishga chaqirdi. 

«Ko‘plab mamlakatlarda endemik hududlarga safar qilmagan kishilarda maymun chechagining tasdiqlanishi noodatiy holatdir. Shuning uchun maymun chechagi kasalligi haqida xabardorlikni oshirish va kasallikni keng qamrovli aniqlash hamda izolyatsiya qilish (qo‘llab-quvvatlovchi terapiya bilan), aloqalarni qidirish va yuqishini cheklash bo‘yicha keng qamrovli ishlarni amalga oshirish lozim», deyiladi JSSTning 22 may, yakshanbaga o‘tar kechasi e’lon qilingan bayonotida. 

Tashkilot ma’lumotlariga ko‘ra, hozirgacha Yevropa, Shimoliy Amerika va Avstraliyada, asosan erkaklarda maymun chechagi bilan kasallanish holatlari aniqlangan. Biroq, kuzatuvlarning hali ham cheklanganligi sababli, kasallik boshqa mamlakatlardagi aholida ham qayd etilishi mumkin. 21 mayga kelib, JSST hisob-kitoblariga ko‘ra, dunyoda maymun chechagi infeksiyasining 90 ga yaqin tasdiqlangan holatlari qayd etilgan. 30 ga yaqin odam ushbu kasallikka chalinganlikda gumon qilinmoqda. Hozircha o‘lim holatlari qayd etilmagan.

Maymun chechagi birinchi marta 1970 yilda Kongo Demokratik Respublikasida odamda aniqlangan. Kasallikning alohida holatlari Markaziy va G‘arbiy Afrika mamlakatlarida kuzatilgan. 

Yaqin kelajakda maymun chechagi bilan kasallanish sonining ko‘payishi kutilayotganiga qaramay, mutaxassislar hali jiddiy tashvishlanish sabablarini ko‘rmayapti. «Biz yangi pandemiyadan qo‘rqmasligimiz kerak», dedi Myunxendagi Lyudvig va Maksimilian universiteti virusologi Gerd Zutter Germaniyaning Die Zeit Online nashriga bergan intervyusida. 

Uning qayd etishicha, maymun chechagi hayvonlardan odamga yuqadigan zoonoz kasallikdir. Uning odamdan odamga yuqishi bilan ikkilamchi tarqalishi cheklangan. 

22 may kuni Jyenevada ochilgan 75-Jahon sog‘liqni saqlash assambleyasida sog‘lom va osoyishta sayyora qurishga e’tibor qaratiladi. 2019 yildan beri birinchi marta bir joyda yig‘ilgan holda o‘tkazilayotgan JSSTning yillik asosiy forumida tashkilotga a’zo 194 davlat, jumladan, Rossiya vakillari ishtirok etmoqda. Forum mavzularidan biri maymun chechagi virusining tarqalishi bo‘ladi. 

Bundan tashqari, assambleya JSST bosh direktorini yana besh yillik muddatga tasdiqlashi kerak. Avvalroq ushbu lavozimga tashkilotning amaldagi rahbari Tedros Adxanom Gebreyyesus nomzodi ilgari surilgandi. 

Ko‘proq yangiliklar: