Mbappe «PSJ»ning millionlarini tanladi. «Real» o‘zini aldangan deb hisoblamoqda

Sport 11:03 / 22.05.2022 41498

Uchinchi urinish

Uning bolalikdagi xonasi devorlarida Krishtianu Ronaldu aks etgan posterlar yopishtirilgandi, u o‘z kumiri bilan 14 yoshida Madrid klubi bazasida birga suratga tushishga muvaffaq bo‘lgan. Bu ilk ko‘rik vaqtida edi, bunday e’tibordan lol qolgan bolakayni o‘sha vaqtda «Qirollik klubi» sport direktori lavozimida bo‘lgan Zinedin Zidan o‘z avtomobilida madridliklar klubi bazasiga olib borgan.

Aftidan, Mbappe va «Real» bir-biri uchun yaralgandek edi, ammo fransuz forvardining ushbu klubga o‘tish uchun uchinchi imkoniyati ham barbod bo‘ldi. 2017 yilda hali 19 yoshligida u «Monako»dan «PSJ»ga o‘tishni ma’qul ko‘rgandi, bir yil oldin esa futbolchi ispanlar poytaxtiga jon-jahdi bilan intilgan, ammo fransuz superklubi «Real» taklif etgan 200 million yevrodan bosh tortgandi.

Hozirgi fiasko — eng og‘riqlisi. Aytish mumkinki, Ispaniya chempionlarining qattiq jahli chiqdi. Madriddagilar barcha og‘zaki kelishuvlar kuchda bo‘lishiga ishonib, ongli ravishda Erling Holand transferidan voz kechishgandi. Ular Mbappening barcha istaklarini qondirishga, unga shartnomaga rozi bo‘lgani uchun 130 million yevrolik bonusni kafolatlashga tayyor edi, shuningdek imij huquqini fransuzning o‘zida saqlab qolish va’da qilingandi. Bunday istisno o‘z vaqtida faqat Ronaldu uchun qilingan, ammo hatto portugaliyalik yulduz ham imij huquqiga 100 foiz egalik qilmagandi.

Barchasi so‘nggi lahzalarda o‘zgarib ketdi, Marca manbalari tasdiqlashicha, Mbappe va uning oilasiga Qatar amiri Hamad Ol-Soniy va Fransiya prezidenti Emmanuel Makron tomonidan doimiy bosim bo‘lgan. Bu omil bahona sifatida aytilayotgan bo‘lishi mumkin, ammo Madriddagilar ulardan «PSJ»dan maksimal sharoitlar chiqarib olinishi uchun foydalanildi, degan fikrda.

Mbappening spikerga aylangan onasi Fayza Lamari juma kuni o‘g‘li «Real» bilan ham, hozirgi klubi bilan ham kelishuvga egaligini aytgani bejiz emas. Bir kun o‘tib u o‘g‘li ispanlar bilan kelishuvni buzgani haqidagi ayblovlarni rad etib chiqdi va shunday dedi: «Klub hech qachon to‘liq kelishuvni tasdiqlamagan». Shuningdek, futbolchining atrofidagilarga tayanib berilgan ma’lumotda u hayotidagi eng og‘ir qarorni qabul qilgani aytiladi.

Florentino Peres Foto: AFP

Jahon futbolidagi asosiy insayderlardan biri Fabritsio Romanoning so‘zlariga ko‘ra, Mbappe «Real» prezidenti Florentino Peresga qo‘ng‘iroq qilib, o‘z sabablarini aytib, tushuntirish berishni to‘g‘ri yo‘l deb hisoblagan. Ammo madridliklar klubiga yaqin bo‘lgan va klub ichidagi vaziyatdan yaxshi xabardor Xosep Pedrerolga ko‘ra, bu faqat kichik bir xabar bilan cheklangan. Unga ko‘ra, futbolchi Peresga «Real»da o‘ynash imkoniyatini bergani uchun minnatdorchilik bildirgan va YeChL finalida omad tilagan. 

Madridliklar xo‘jayini ham bunga qisqacha javob qaytargan. «So‘nggi kunlarda yuz bergan voqealardan juda ham afsusdaman. Bolalik orzungni barbod qilishdi. Nima bo‘lgan taqdirda ham, senga eng yaxshisini tilayman», deya Florentino Peresning so‘zlarini keltirmoqda Ispaniyadagi El Chiringuito nashri. 

La liga prezidenti Xaver Tebas odatiga ko‘ra tanqid bilan shug‘ullandi. «So‘nggi mavsumlarda 700 million yevro yo‘qotib, maoshlarga 600 million yevrodan ortiq mablag‘ sarflagan «PSJ»ning Mbappe bilan yangi shartlarda shartnoma qilishi futbol uchun haqorat hisoblanadi. Bu xuddi Superliga kabi xavfli», degan u.

Oltin qafas

Aftidan, Gari Lineker voqealarning bunday rivojidan umuman hayratda emas. U tvitterida shunday yozadi: «Mbappe ajoyib mavsum o‘tkazdi, ikki buyuk futbolchi bilan o‘ynadi va bu uning ona shahri. O, endi u amalda bu klubni boshqaradi».

Uning so‘nggi gapi — pisanda qilish emas. Bir necha manbalar Mbappe «PSJ» loyihasining markaziy figurasi bo‘lishi haqida yozishdi. Doimo Argentina terma jamoasida kiyim almashtirish xonasini boshqargani aytiladigan Leo Messida ham bunday katta ta’sir bo‘lmagan. Agar Mbappening klubdagi roli haqidagi xabarlarning bir qismi rost bo‘lib chiqsa ham — bu futbol uchun mutlaqo aql bovar qilmas ssenariy.

Umuman olganda, forvardning yangi uch yillik shartnomasida barchasi mutlaqo aql bovar qilmas darajada. Shartnoma imzolashga rozi bo‘lgani uchun 300 million yevrolik bonus ham, yiliga 100 million yevrolik maosh ham. Vakolatlarga kelsak, bosh murabbiy va klub sport direktorini tanlashda Mbappe ham o‘z ovoziga ega bo‘ladi, shuningdek, futbolchilar sotib olish va sotib yuborish, Chempionlar ligasini yutishga qodir bo‘lgan tarkibni tanlashda uning fikri so‘raladi.

Maurisio Pokettino ham, Leonardo ham Parijda qolmasligi aniq bo‘lib ulgurgan. Katta ehtimol bilan klubning yangi bosh murabbiyi Zidan bo‘ladi, bu Mbappeni saqlab qolish bo‘yicha amaliyotdagi asosiy omillardan biri bo‘lgan. Xuddi o‘tgan yili Messi transferi borasida ham shunday deyishgandi, bunday futbolchi bilan birga o‘ynash imkoniyatidan keyin forvard boshqa klubga ketishni istamaydi.

Kilian Mbappe Foto: AFP

Tribuna.uz kolumnisti Qahramon Aslanov oldindagi mavsumda Fransiya chempionatida o‘ynashda davom etsa-da, Kilian Mbappe e’tibordan chetda qolmasligi haqida fikr yuritdi.

«Fransiya chempionatida «Mets» yoki «Renn»ga ko‘plab gol urib yurish mumkin, dunyo qayrilib ham qaramaydi. Buni «Barselona»dan Parijga borgan Neymar ham o‘z tanasida his qilgan, bir muddat o‘zini baxtsiz qilib yurgandi ham. Nahotki bolalikdagi «Qirollik klubi» orzusi, El Klassikolarning yangi qahramoni bo‘lish imkoniyatini qanchadir yuz millionga almashsa-ya? 

Ammo bir qaraganda shunday, xolos. Manimcha, Mbappe agar Parijda yana o‘ynash uchun aql bovar qilmas pul olish taklifiga ko‘nmoqchi bo‘lsa ayni vaqti hozir. Ideal palla. Sababi, bu mavsum unikal. Shu ma’nodaki, kelayotgan mavsum o‘z ichiga jahon chempionatini oladi. Mundial mavsum boshida yoki oxirida emas, aynan mavsum ichida bo‘lib o‘tadi. Bu nima degani?

Birinchi va yagona marta Fransiya chempionati vakili mavsum davomida rakursimizdan yo‘qolib qolmaydi. «PSJ»ning o‘z yulduzlarini mahrum qilib qo‘yadigan yagona status shu edi - qancha gol uring, qancha assist amalga oshiring, qanchalik zo‘r o‘ynang - shu ishni Mbappe qildi ham shu yili - baribir dunyo e’tiboridan chetdasiz. Sizni Benzema, Saloh yoki hatto Sandro Tonali darajasida ham eslashmaydi. Mbappe haqida xabarlar faqat Chempionlar Ligasida gol urganda va «Real»ga o‘tishi haqidagi mish-mishlar bo‘lganida o‘qildi xolosdek go‘yo. To‘g‘rimi?

Bu safar unaqa bo‘lmaydi. Kuzda Mbappe «PSJ»da o‘ynamay tursayam bo‘ladi - jahon chempionati bor. Qatardagi turnirning o‘zi futbolchi uchun yarim mavsumga yetadi. Baribir barcha chempionatlardagi birinchi davra, u yerda boksing dey bo‘ladimi, boshqami, farqi yo‘q, mundial soyasida qolib ketadi. Mundial qahramonlari asosiy planga chiqishadi.

Bahorda esa, Chempionlar Ligasi. Katta ehtimol bilan u yerda «PSJ» ham bo‘ladi. Benzemadan so‘rang, YeChL o‘yinlari o‘z darajasi bilan har qanday chempionatning chempionlik intrigalariga soya solishga qodir. Shubhasiz.

Ya’ni Mbappe bu safar endi «PSJ»da o‘ynasayam, xuddi Benzema, Saloh, De Bryuyne va boshqa, go‘yoki kattaroq ligalardagi hamkasblari bir bir qatorda ko‘z o‘ngimizda bo‘ladi. Qayerdadir chetda, Fransiya chempionatida yurgandek tasavvur bo‘lmaydi.

Boshqa oddiy yillarda «Real» yoki «Barselona» Mbappega Parij bera olmayotgan nimadirni taklif qila olardi, albatta. Ammo bu safar emas. Jahon chempionati mezbonligini yutvolib, uni qishga ko‘chirishga erishgan qatarliklar qaysidir ma’noda, bilmagan holda, Mbappeni kelajakda bir kun olib qolishga zamin hozirlagan bo‘lib chiqishdi».

Mbappe haqida hali ko‘p gapirishadi. Uning foydasiga ko‘plab omillarni keltirish mumkin, ammo u ko‘pchilik uchun u bolalikdagi orzusidan voz kechib, oltin qafasda hamda top-5 chempionatlarining eng oxirgisida qolishga rozi bo‘lgan odam sifatida qoladi. «Santyago Bernabeu»ga yangi qirol kelmaydigan bo‘ldi, ammo u yerda Karim Benzema bor. Mbappening atrofidagilarning xabarlariga ko‘ra, «Real» eshiklari — klubni kim boshqarishidan qat’i nazar, — endi uning uchun abadiyga yopildi.

Ko‘proq yangiliklar: