Ziroat Mirziyoyeva Andijon viloyatida amalga oshirilayotgan loyihalar bilan tanishdi

Jamiyat 15:51 / 21.05.2022 14954

Xo‘jaoboddagi maktablar yaqinda “Zamin” fondi ko‘magi bilan to‘siqlarsiz muhitda sifatli ta’lim olishga xizmat qiluvchi zamonaviy assistiv jihozlar bilan ta’minlandi.

“Zamin” fondi tomonidan Tibbiy-ijtimoiy xizmatlar agentligi bilan birgalikda amalga oshirilayotgan “Eshitishni xohlayman!” xayriya loyihasi doirasida bu maktablarning barcha o‘quvchilari tashxisdan o‘tkazildi. 402 nafar o‘quvchi zarur miqdorda raqamli eshitish moslamalari bilan ta’minlandi.

Ushbu loyiha davom ettiriladi, joriy yilning o‘zida eshitishida nuqsoni bo‘lgan bolalarga yana 5600 ta raqamli eshitish moslamasi yetkazib beriladi.

Ziroat Mirziyoyeva ikkala maktabda ham bo‘lib, bu yerdagi yangi jihozlar bilan tanishdi, bolalar bilan dildan suhbatlashdi.

17-sonli maktab negizida “Zamin Education” loyihasi doirasida inklyuziv IT-oromgoh tashkil etilgan. Besh kun davomida katta sinf o‘quvchilari dasturlash va robototexnika ko‘nikmalarini faol o‘zlashtirdi, kompyuter ilovalarini yaratdi.

Fond vasiylik kengashi raisi bolalarni oromgohni muvaffaqiyatli tugatgani bilan tabriklab, o‘qishda yangi muvaffaqiyatlar, o‘z kasbining yetuk mutaxassisi bo‘lib yetishishini tiladi. 

Oromgoh navbati yakuniga yetgani munosabati bilan o‘tkazilgan tadbirda bolalar uchun yana bir xabar - www.zamineducation.uz IT-platformasidagi resurslar kontenti yanada kengaygani haqida e’lon qilindi. Bu axborot texnologiyalarini chuqurroq o‘rganish hamda sohadagi zamonaviy professional talablarga mos bo‘lishga yordam beradi.

Ziroat Mirziyoyeva “Zamin Creative” ijod studiyasida ham katta xursandchilik bilan kutib olindi. Studiya yaqinda Andijondagi Muhammad Yusuf nomidagi maktab qoshida ochildi. Bu mamlakatdagi uchinchi shunday studiya bo‘lib, birinchisi Qarshidagi Abdulla Oripov, ikkinchisi Toshkentdagi Abdulla Qodiriy nomidagi maktablarda o‘z ishini boshlagan.

Studiya uchta yo‘nalish: teatr san’ati, fashion design (kiyim dizayni) va mediasavodxonlikka ixtisoslashgan. O‘quv kursi 3 oydan 7 oygacha davom etadi. Har bir yo‘nalish dasturi o‘ziga xos bo‘lib, o‘qituvchilar va yurtimizdagi yetakchi mutaxassislar bilan birgalikda ishlab chiqilgan.

Ziroat Mirziyoyeva bilan birgalikda studiyaga Toshkentdagi “Zamin Creative” o‘quvchilari ham keldi, ular qabuldan muvaffaqiyatli o‘tgan tengdoshlarini tabrikladi, o‘z ijodiy ishlarini ko‘rsatdi, to‘plagan tajribasi va o‘qishdan olgan taassurotlari bilan bo‘lishdi.

Yil yakuniga qadar “Zamin Creative” ijod studiyalari Namangan, Farg‘ona va Jizzax viloyatlarida ham ochilishi rejalashtirilgan.

PS: Mirziyoyeva Ziroát Maxmúdovna (1964 yil 4 dekabr kuni tug‘ilgan, Qo‘qon shahri, Farg‘ona viloyati, O‘zbekiston SSR) – jamoat arbobi, muhandis-iqtisodchi, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Miromonovich Mirziyoyevning rafiqasi.

Ziroat Mirziyoyeva 1964 yil 4 dekabr kuni Farg‘ona viloyati Qo‘qon shahrida tug‘ilgan. 1986 yilda Toshkent irrigatsiya va melioratsiya institutini (hozirda “Toshkent irrigatsiya va qishloq xo‘jaligini mexanizatsiyalash muhandislari instituti” Milliy tadqiqot universiteti) muhandis-iqtisodchi ixtisosligi bo‘yicha tamomlagan. O‘zbek, rus va ingliz tillarini biladi. Ikki nafar qizi va bir nafar o‘g‘li bor. Mumtoz va milliy musiqani xush ko‘radi, tarix bilan qiziqadi.

2020 yildan buyon O‘zbekistonda ochiq va inklyuziv muhitni yaratish orqali aholining yordamga muhtoj qatlamlarini ijtimoiy himoya qilish, sog‘liqni saqlash va ta’limni rivojlantirish masalalari bo‘yicha qator xayriya loyihalarini amalga oshirayotgan “Zamin” xalqaro jamoat fondi Vasiylik kengashi raisidir.

Fond faoliyatining ustuvor yo‘nalishi atrof-muhitni muhofaza qilishdan iborat. Ko‘kalamzorlashtirish, havo sifati monitoringini avtomatlashtirish, tabiiy resurslardan oqilona foydalanish, yoshlar orasida ekologik ta’limni rivojlantirish, olis hududlarda toza ichimlik suvi bilan ta’minlash kabi masalalar bo‘yicha loyihalar amalga oshirilmoqda.  

Ijtimoiy va ekologik sohalardagi dolzarb masalalarga ko‘proq e’tibor qaratish maqsadida ham milliy, ham xalqaro darajada qator tadbirlarni o‘tkazmoqda.

Ko‘proq yangiliklar: