Senatorlar davlat fuqarolik xizmati to‘g‘risidagi qonunni ko‘rib chiqadi

O‘zbekiston 12:07 / 21.05.2022 7322

Majlisda Senatning yigirma oltinchi yalpi majlisini 2022 yil 28 may kuni chaqirish to‘g‘risida qaror qabul qilindi. Video-konferens-aloqa shaklida bo‘lib o‘tadigan yalpi majlisda bir qator masalalar ko‘rib chiqilishi nazarda tutilgan.

“Davlat fuqarolik xizmati to‘g‘risida”gi, “Yer uchastkalarini kompensatsiya evaziga jamoat ehtiyojlari uchun olib qo‘yish tartib-taomillari to‘g‘risida”gi, “Yer munosabatlarida tenglik va shaffoflikni ta’minlash, yerga bo‘lgan huquqlarni ishonchli himoya qilish va ularni bozor aktiviga aylantirish tizimi takomillashtirilishi munosabati bilan ayrim qonun hujjatlariga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida”gi, “Giyohvandlik vositalari va psixotrop moddalar to‘g‘risida”gi qonun 19-moddasiga qo‘shimcha va o‘zgartish kiritish haqida”gi qonunlar shular jumlasidan.

Shuningdek, senatorlar tomonidan iqtisodiyot tarmoqlari, ijtimoiy soha obektlari hamda aholi turar joylarida quyosh va shamol energiyasidan foydalanish bo‘yicha Qoraqalpog‘istonda amalga oshirilayotgan ishlar to‘g‘risida Vazirlar Mahkamasiga yuborilgan parlament so‘rovi natijalari ham ko‘rib chiqiladi.

Bundan tashqari, internetda yoshlar va voyaga yetmaganlar uchun milliy kontentni rivojlantirish, ularning ijtimoiy tarmoqlardan foydalanish madaniyati va zararli axborotdan himoya qilish masalalari yuzasidan Vazirlar Mahkamasiga yuborilgan parlament so‘rovi natijalari ham muhokama etiladi.

Shuningdek, yengil sanoat va charm sanoati korxonalarida xotin-qizlarning mehnat huquqlarini himoya qilishning holati yuzasidan Vazirlar Mahkamasiga yuborilgan parlament so‘rovi natijalarini ham ko‘rib chiqish nazarda tutilgan.

Yalpi majlisda Senat Orolbo‘yi mintaqasini rivojlantirish masalalari va ekologiya qo‘mitasining 2021 yil va 2022 yilning birinchi choragidagi faoliyati to‘g‘risidagi hisobotini ham eshitish rejalashtirilgan.

Ko‘proq yangiliklar: