Qashqadaryoda kuchli shamol oqibatida yiqilgan daraxt mashinani bosib qoldi

Jamiyat 22:35 / 21.05.2022 1045

Qashqadaryo viloyatida esayotgan kuchli shamol joylarda chang bo‘ronlari bilan birgalikda elektr energiyasi ta’minotida uzilishlar yuzaga kelishiga sabab bo‘lyapti.

Qarshi shahar hokimligi axborot xizmatining xabar berishicha, bugun 2022 yil 21 may kuni tushdan keyin sodir bo‘lgan kuchli shamollar shaharning ko‘plab hududlarida elektr ta’minotining uzilishiga olib kelgan.

Jumladan, «Kamandi», «Bo‘ston», «Qilichbek» qo‘rg‘oncha MFY va Qarshi Siti hududlari elektr ta’minotida uzilishlar kuzatilgan.

Bundan tashqari, ijtimoiy tarmoqlarda Qarshi shahridagi Geolog sport majmuasi avtoturargohida turgan Lacetti mashinasi ustiga daraxt qulab tushgani tasvirlangan video tarqaldi.

Videoda shamol daraxtni ildizi bilan qo‘porib olganini ko‘rish mumkin.

Bugun, 2022 yil 21 may kuni kuchli shamol va uning oqibatida havoga ko‘tarilgan chang bo‘ronlari Qoraqalpog‘iston, Xorazm, Buxoro, Navoiy, Surxondaryo, Qashqadaryo va Samarqand viloyatlarida kuzatilyapti. Joylarda shamolning tezligi sekundiga 25 metr va undan oshiqroqni tashkil etgan.

«O‘zgidromet» 21 may kuni ayrim hududlarda shamolning tezligi sekundiga 15-20 metrgacha, shimolda va cho‘l hududlarida esa 23-28 metrgacha kuchayishi mumkinligini, joylarda chang-to‘zon kuzatilishini ma’lum qilgandi.

Ko‘proq yangiliklar: