Bayden Ukrainaga 40 mlrd dollarlik yordam ko‘rsatish to‘g‘risidagi qonun loyihasini imzoladi 

Jahon 16:54 / 21.05.2022 5557

AQSh prezidenti Jo Bayden Ukrainaga 40 mlrd dollarlik yordam ko‘rsatish to‘g‘risidagi qonun loyihasini imzoladi. Bu haqda Oq uy matbuot xizmati xabar berdi.

Avvalroq AQSh Senati mazkur qonun loyihasini tasdiqlagandi. 

Bungacha ham Amerika hukumati Ukrainaga 3,9 mlrd dollar miqdorida yordam yuborgan. Urush uzoq davom etadi deb hisoblagan Jo Bayden Kongressdan Ukrainaga yordam uchun qo‘shimcha 33 mlrd dollar so‘ragandi. Qonunchilar yordam paketini 40 mlrd dollargacha oshirishdi. 

Hujjatga ko‘ra, 4 mlrd dollar Ukraina va urushdan jabrlangan boshqa davlatlarning gumanitar ehtiyojlariga sarflanadi. Xususan, muhtojlarni oziq-ovqat va uy-joy bilan ta’minlashga. Ukrainadan boshqa davlatlarga qochib yashashga majbur bo‘layotgan qochoqlarni qo‘llab-quvvatlash uchun 350 million dollar ajratiladi.

9 mlrd dollar to‘g‘ridan to‘g‘ri Ukrainani qo‘llash fondiga o‘tkaziladi. Bu pullarning aksar qismi oziq-ovqat xavfsizligini ta’minlashga ishlatilishi kutilmoqda.

Qonun loyihasida 15 mlrd dollarga yaqin mablag‘ harbiy ko‘makka qaratilishi belgilangan. Xususan, 6 mlrd dollar Ukraina xavfsizligini ta’minlashga, 8,7 mlrd dollar AQSh Ukrainaga yuborgan qurol-yarog‘ zaxirasini to‘ldirishga sarflanadi. Yordam doirasida harbiy texnikalarga texnik xizmat ko‘rsatish ham ko‘zda tutilgan.

100 million dollar alohida yadro quroli tarqalishining oldini olish, terrorizmga qarshi kurashish va hududlarni minalardan tozalash bo‘yicha ishlab chiqilgan dasturga ishlatiladi. Diplomatik sohaga ham 200 million dollar qo‘shimcha mablag‘ ajratiladi. AQShning Ukrainadagi elchixonasi xavfsizligini ta’minlashga qo‘shimcha 110 million dollar beriladi.

Qonun loyihasida qayd etilgan eng muhim bandlardan biri shuki, Jo Bayden istalgan vaqtda Ukrainaga yordam uchun yuborishga mo‘ljallangan 11 mlrd dollardan iborat zaxiraga ega bo‘ladi. Ya’ni, bu pullar Kongress tasdig‘isiz urushning borishiga qarab Ukrainaga yordam uchun yuboriladi.

Ko‘proq yangiliklar: