Vodiyning uch viloyatidagi holat bilan tanishadigan bo‘lsak, Andijonning 48 ming, Farg‘onaning 30 ming va Namanganning 11 ming ayoli migratsiyada.
Vaholanki, ayol – yangi zurriyod tarbiyachisi. Aksariyat hollarda ular o‘z farzandlarini qarindoshlariga tashlab ketishgan. Ota tarbiyasini ko‘rmay o‘sayotgan bolalar muammosi yoniga onasining bevosita mehr-e’tiboridan ayro murg‘aklar muammosi ham qo‘shilyapti.
Sabablar esa, aniqki, iqtisodiy asoslarga ega. Ishsizlik va iqtisodiy muammolar oilalardagi muhitga ta’sir qilmay qolmayapti. Biz bu borada vodiy aholisi o‘rtasida ijtimoiy so‘rov ham o‘tkazdik. Andijon, Farg‘ona va Namangan shahri ko‘chalarida yuqoridagi savollarni aholi vakillariga berganimizda odamlarning javoblari deyarli bir-biriga yaqin bo‘ldi.
Unga ko‘ra, ayollarimiz avvalo oiladagi yetishmovchilik, farzandlar uchun sharoit yaratish, munosib ish o‘rni yo‘qligi, turmush o‘rtog‘ining ro‘zg‘or yukini xotiniga tashlab qo‘ygani sabab chet elga yo‘l oladi.
Xo‘sh, qayta tashkil etilgan Xotin-qizlar qo‘mitasining hududiy rahbarlari bu borada qanday fikrda? Ayollar migratsiyasi bo‘yicha savollarimizga Andijon, Farg‘ona va Namangan viloyatlari hokimlarining o‘rinbosarlari – hududiy Oila va xotin-qizlar boshqarmalari boshliqlari Gulnora Abdullayeva, Kamila Kavlanova va Dinara Yakubova javob berishdi.
Mas’ullarga quyidagi savollar bilan murojaat qildik:
— Viloyat xotin-qizlarining chet elga chiqib ketishining asosiy sabablari nimada?
— Xorijda ishlayotgan ayollarning oilaviy ahvoli monitoring qilib boriladimi? Ularning bolalari kimning qaramog‘ida qoladi, tarbiyasi va ta’limiga kim javobgarligi haqida aniq ma’lumotlar shakllantiriladimi?
— Chetda bir necha yil ishlab kelgan ayol viloyatga qaytsa, uning shu yerda ish topishiga yordam berish uchun biror mexanizm ishlab chiqilganmi?
— Qishloq hududlarda ayollarning ish bilan bandligini ta’minlash uchun qanday loyihalar bor? Bor bo‘lsa, bunday loyihalar biror natija beryaptimi yoki yo‘qmi?
— Tuman-shaharlarda yillar davomida o‘tkazib kelinayotgan bo‘sh ish o‘rinlari yarmarkalarining samarasi bo‘lganmi yoki yo‘q? Uning o‘rniga qanday loyiha taklif qilgan bo‘lar edingiz?
— Nega ayollarga berilayotgan imtiyozli kreditlar o‘zini oqlamayapti?
— O‘zbek ayoli qancha maosh olsa va qanday sharoitda yashasa, chet elga ketmaydi?
— Bugungi kunda taklif etilayotgan ish o‘rnida nega ayollarimiz ishlashni xohlamaydi?
Mas’ullar nuqtayi nazari bilan videoko‘rsatuvimiz orqali tanishishingiz mumkin.
Ta’kidlashni istardikki, ayollar bandligini ta’minlash masalasi ortida millat kelajagi – farzandlar taqdiri yotibdi, desak mubolag‘a bo‘lmaydi. Migratsiya va yana ko‘plab ijtimoiy muammolar yechimi esa adolatli siyosat va inklyuziv iqtisodiy o‘sishni taqozo qiladi.
Elmurod Ermatov,
Kun.uz muxbiri
Tasvirchi va montaj ustasi –
Azizbek Ismoilov