To‘ra Bobolov Termizda sakkiz soat davomida 400 ga yaqin fuqaroning murojaatini eshitdi

Jamiyat 17:00 / 19.05.2022 12039

Qabulda Xalq deputatlari viloyat kengashi deputatlari, viloyat sektorlar rahbarlari, viloyat hokimining o‘rinbosarlari, Termiz shahri hokimi, boshqarma va tashkilotlar, Xalq qabulxonasi hamda shahardagi korxona va tashkilotlar rahbarlari ishtirok etdi.

Sayyor qabul sakkiz soat davom etdi.

Xususan, Termiz shahridagi Mehrobod mahallasida istiqomat qiluvchi Munavvar Xolto‘rayeva uyining qurilish-ta’mirlash masalasida yordam so‘radi. Xolto‘rayevaning oilaviy sharoiti o‘rganildi va ehtiyoji uchun so‘ralgan 30 dona shifer yetkazib berildi.

Pattakesar mahallasidan Nigora Xudoyberdiyeva farzandini davolatish uchun yordam so‘radi. Ushbu oilaga ham kerakli maslahat berilib, davolanishi uchun so‘ralgan mablag‘ homiylik asosida to‘landi. Shuningdek, Do‘stlik mahallasidan Umida Jo‘rayeva tikuvchilik qilib daromad qila olishini ma’lum qildi. Unga tikuv mashinasi berildi va o‘zi arzon, imtiyozli uy-joylar ro‘yxatiga kiritildi.

Maftuna Hayitova turmush o‘rtog‘i jazo muddatini o‘tayotganini bildirdi. Shu sababli oila moliyaviy og‘ir vaziyatga tushib qolgan. Hayitova moddiy yordam so‘radi va unga homiylik asosida bir martalik mablag‘ ajratildi.

Qabul davomida 367 nafar fuqaroning 448 ta murojaati o‘rganildi.

Murojaatlarning 83 tasi mas’ullar tomonidan joyida hal etilgan bo‘lsa, 37 tasiga huquqiy tushuntirish berildi. Vaqt talab etiladigan 328 ta murojaat ijrosini ta’minlash uchun muddat belgilanib, mas’ullar biriktirildi.

Viloyat hokimining sayyor qabullari davom etmoqda.

Surxondaryo viloyati hokimligi matbuot xizmati Ⓣ

Ko‘proq yangiliklar: