Bosh prokuratura huzuridagi Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamentining xabar berishicha, departamentning Navoiy viloyati boshqarmasi tomonidan tergovga qadar tekshiruv o‘tkazilgan. Jarayonda viloyat xalq ta’limi boshqarmasi va “I.A.” MChJ moddiy javobgar shaxslari “Davlat xaridlari to‘g‘risida”gi qonun talablariga zid ravishda 8 turdagi sport anjomlarini haqiqiy bahosidan 787,8 mln so‘m qimmat narxlarda xarid qilganliklari aniqlangan.
Shuningdek, departamentning Navoiy shahar bo‘limi tomonidan o‘tkazilgan tergovga qadar tekshiruvda oldingi viloyat Turizm va sport bosh boshqarmasi moddiy javobgar shaxslari 2021 yilning dekabr oyida 22 turdagi sport anjomlarini haqiqiy bahosidan 598,9 mln so‘m qimmat narxlarda sotib olganliklari ma’lum bo‘lgan. Qolaversa, 2021 yilning dekabr oyida 8 nafar o‘quvchining Moskva shahrida o‘tkazilgan Xalqaro musobaqaga borib-kelish xarajatlari garchi ota-onalar tomonidan to‘lab berilgan bo‘lsa-da, soxta hujjatlar rasmiylashtirilib, 80 mln so‘m budjet mablag‘i o‘zlashtirish yo‘li bilan talon-toroj qilingan.
Mazkur holatlar yuzasidan Jinoyat kodeksining 167-moddasi (o‘zlashtirish yoki rastrata yo‘li bilan talon-toroj qilish) va 205-moddasi (hokimiyat yoki mansab vakolatini suiiste’mol qilish) bilan jinoyat ishlari qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari o‘tkazilmoqda.