O‘zbekiston Senati raisining birinchi o‘rinbosari Sodiq Safoyev 16 may kuni Toshkentda boshlangan «Deklaratsiyalar muloqoti» xalqaro forumida so‘zga chiqdi. Bu haqda Daryo.uz xabar bermoqda.
«Xorijiy hamkorlarimiz bilan muloqot uchun tizimli platforma yaratish muhim va bugun o‘z ishini boshlagan forum aynan shu maqsadga qaratilgan. Chunki bugungi kunda bashariyat yuzlashayotgan keskin ziddiyatlarni yechish, birinchi navbatda dunyodagi asosiy muammo – o‘zaro ishonch defitsiti, madaniyat va sivilizatsiyalar o‘rtasida o‘zaro tushunish tanqisligini bartaraf etish bilan bog‘liq.
Shak-shubha yo‘qki, hozirgi zamondagi nizolar, xalqaro terrorizm, ekstremizm va zo‘ravonlikning tubida, eng avvalo, jaholat va adovat, irratsional, oldingi davrlardan meros qolgan, dunyoqarash yotibdi. Ularga qarshi kurash, birinchi navbatda, ma’naviyat, ma’rifat, ta’lim, muloqot evaziga olib borilmog‘i lozim.
Yana va yana takrorlashdan toymasligimiz kerak: terrorizm, tajovuzkor ekstremizmni muayyan bir din bilan bog‘lash zinhor va zinhor mumkin emas. Tadqiqotlar shuni ko‘rsatadiki, diniy e’tiqod radikal oqimlarga qo‘shilishning asosiy omili emas. Dinlar, madaniyatlararo bag‘rikenglik va uyg‘unlikni qaror toptirish, o‘rnashib qolgan stereotiplar va yanglish fikrlarga qarshi kurashish – umumiy vazifamizdir. Aminmanki, ushbu forum aynan shu maqsadga xizmat qiladi», – dedi Safoyev.
Ma’lumot uchun, 16-20 may kunlari Toshkent, Samarqand va Buxoro shaharlarida Shimoliy Amerika, Yevropa, Osiyo, Yaqin Sharq va Afrikaning turli diniy konfessiyalari vakillari, taniqli ulamolar, dinshunos olimlar va huquqshunoslar ishtirokida «Deklaratsiyalar muloqoti» xalqaro forumi o‘tkazilmoqda.
Forum doirasidagi tadbirlardan birida AQSh elchisi Deniyel Rozenblyum erkaklarning soqoli IIBda olib tashlangani borasida fikr bildirib, O‘zbekistonda «ba’zi narsalar orqaga ketayotgandek tuyulayotgani»ni aytdi.
Eslatib o‘tamiz, may oyi boshida Toshkentda o‘nlab erkaklar IIB binosiga olib kelinib, ularning soqoli olindi. Ichki ishlar vazirligi Kun.uz savoliga javoban buni «jamoat xavfsizligini ta’minlash jarayonida o‘tkaziladigan tezkor-profilaktik tadbirlar» deb atadi va ularni «diniy e’tiqod bilan bog‘lash mutlaqo noto‘g‘ri» ekanini uqtirdi. Vazirlik, shuningdek, fuqaro huquqi poymol etilgan deb hisoblasa, tegishli joyga shikoyat qilishi mumkinligini bildirdi.