Surxondaryoda o‘qituvchi 9-sinf o‘quvchisini do‘pposladi

Jamiyat 11:39 / 16.05.2022 33221

Ijtimoiy tarmoqlarda Surxondaryo viloyatidagi maktablardan birida o‘qituvchi o‘quvchilardan birini do‘pposlab tepgani tasvirlangan video tarqaldi. Holat yuzasidan Bosh prokuratura matbuot xizmati ma’lumot berdi.

Aniqlanishicha, 2022 yil 22 aprel kuni Bandixon tumani Xalq ta’limi bo‘limiga qarashli 4-maktabning ingliz tili fani o‘qituvchisi 9-sinf o‘quvchisi dars mashg‘ulotlariga tayyorgarlik ko‘rmasdan kelgani uchun uni urib, tepgan.

Holat yuzasidan Bandixon tumani IIB tomonidan tergovga qadar tekshiruv harakatlari boshlangan. Tekshirish doirasida o‘qituvchining xatti-harakatlari yuzasidan xizmat tekshiruvi tayinlangan.

Qayd etilishicha, tekshiruv harakatlari Surxondaryo viloyati prokuraturasi tomonidan alohida nazoratga olingan.

Hodisa yuzasidan Xalq ta’limi vazirligi matbuot xizmati ham munosabat bildirib, vazirlik o‘qituvchilarning o‘quvchilarga nisbatan kuch ishlatishini qattiq qoralashini ma’lum qildi.

«Xalq ta’limi vazirligi o‘qituvchi tomonidan o‘quvchilarga kuch ishlatish holatini keskin qoralaydi. Bugungi zamon o‘qituvchilar o‘quvchilar bilan faqat do‘stona munosabat o‘rnatish orqali natijaga erishish mumkinligini taqozo etadi. Har bir o‘quvchi bilan muammoni birgalikda ijobiy hal etish – bugungi kun pedagogining burchi hisoblanadi. Agar do‘stona munosabat orqali natijaga erishishning imkoni bo‘lmasa, buni hal etish uchun bolaning ota-onasi yoxud uchastka noziri jalb etish to‘g‘ri sanaladi. Vazirlik, maktabda bunday holatlarning barcha ko‘rinishlarini bartaraf etib, o‘qituvchilarni bosiqlikka va o‘zaro kelishmovchiliklarni tinch yo‘l bilan hal etishga chaqirib qoladi», deyiladi munosabatda.

Ko‘proq yangiliklar: