JSST, shuningdek yo‘lda ehtiyotkorlikni oshirish bo‘yicha o‘ziga xos ijtimoiy videolavhalarni ham muntazam e’lon qilib boradi.
BMT ma’lumotlariga ko‘ra, dunyo bo‘ylab yiliga 50 milliondan ortiq odam YTH sabab jarohat oladi va majruh bo‘lib qoladi. Har yili 1,3 mln inson, shu jumladan bolalar qurbon bo‘ladi. Har kuni 3,5 ming kishining joni yo‘llarda uziladi.
Bu raqamlarni shunchaki aytib ketish oson. Lekin chuqurroq tafakkur qilinsa, dunyoda aholisi 1,3 mln kishiga yetmaydigan saksondan ortiq davlat bor. Ya’ni har yili kichikroq bo‘lsa-da bitta davlat aholisi g‘ildiraklar ostida yanchilib nobud bo‘lmoqda.
Kunlik ko‘rsatkichlar ham dahshatli. O‘zbekistonning o‘rtacha qishloqlarida 3,5 ming aholi yashaydi. Har kuni bitta qishloq ahli o‘lib ketaverishini tasavvur qilish muammo ko‘lamini anglab olishda qo‘l keladi.
Ekspert muammo yechimiga kompleks yondashishni tavsiya etadi. Yo‘l harakatining barcha ishtirokchilarida yo‘l madaniyatini shakllantirishga qaratilgan targ‘ibot, yo‘l infratuzilmasi va undagi harakatni oqilona tashkil etish, qoidalar buzilgani uchun jazo muqarrarligi, sohaga zamonaviy texnologiyalarni olib kirish, avtomobillarga muayyan talablar qo‘yish kabilar shular jumlasidan.
BMT va JSSTning maqsadlari ulkan bo‘lishiga qaramay, zamonaviy dunyoda har 24 soniyada bir inson YTH natijasida halok bo‘lishda davom etmoqda. Afsuski, O‘zbekistondagi vaziyat ham o‘ta og‘ir. 2021 yil yakunlariga kelib YTHlar soni 10 mingdan ortgan va oldingi yilga nisbatan 43,24 foizga ortib, ular natijasidagi o‘lim ko‘rsatkichi 23,65 foizga qadar oshgan.
Eng dahshatlisi, bu hodisalar oqibatida bir yil ichida 9230 kishi jarohatlangan bo‘lsa, 2426 inson hayotdan ko‘z yumgan.
Abror Zohidov