Erdo‘g‘an Turkiya Finlandiya va Shvetsiyaning NATOga a’zo bo‘lishiga qarshi chiqishini aytdi 

Jahon 23:34 / 16.05.2022 27225

Turkiya prezidenti Rajab Toyyib Erdo‘g‘an Anqara Finlandiya va Shvetsiyaning NATOga a’zo bo‘lishiga rozilik bermasligini aytdi

"Ular bizga terrorchilarni bermasliklari to‘g‘risida xabarlar bor. Biz bu ikki mamlakatning NATOga kirishiga "ha" demaymiz", - dedi Turkiya prezidenti Jazoir prezidenti Abdulmajid Tabbun bilan Anqarada o‘tkazilgan muzokaralardan keyingi matbuot anjumanida.

U Shvetsiya va Finlandiya delegatsiyalariga ularning NATOga qabul qilinishiga Anqarani ko‘ndirish uchun Turkiyaga kelib ovora bo‘lmasliklarini maslahat berdi.

"Hattoki ularning parlamentlarida ham terrorizm tarafdorlari bor. Bizni ko‘ndirishga kelishyaptimi? Ovora bo‘lishmasin", - deb ta’kidladi Erdo‘g‘an.

Uning qo‘shimcha qilishicha, agar Turkiya Finlandiya va Shvetsiyaning NATOga a’zo bo‘lishiga rozilik bersa, alyans "terrorchilar yig‘ilgan joy"ga aylanib qoladi.

"Biz Turkiyaga nisbatan sanksiyalar kiritganlarning NATOga a’zo bo‘lishiga ijobiy javob bermaymiz. Xavfsizlikni ta’minlaydigan tashkilotga. U holda NATO xavfsizlikni ta’minlaydigan tashkilot bo‘lmay qoladi va terrorchilar yig‘ilgan joyga aylanib qoladi", - dedi Turkiya prezidenti. 

2019 yilda Helsinki va Stokholm Turkiyaning Suriyadagi transchegaraviy operatsiyalari sababli mamlakat mudofaa sanoati mahsulotlari eksportiga nisbatan cheklovlar kiritgan. 

Avvalroq Finlandiya va Shvetsiya Turkiyaning terrorizmda gumonlanayotgan 33 kishini ekstraditsiya qilish to‘g‘risidagi so‘rovini bajarmagani xabar qilingandi

Ma’lumot berilishicha, Turkiya hukumati Kurdiston ishchi partiyasi va FeTO a’zolarini topshirishni so‘ragan. 

Biroq Helsinki va Stokholm Anqaraning so‘roviga javob bermagan. 

Turkiya Finlandiyadan Kurdiston ishchi partiyasi va FeTO a’zosi bo‘lgan 12 kishini va Shvetsiyadan 31 kishini ekstraditsiya qilishni so‘ramoqda. 

13 may kuni Rajab Toyyib Erdo‘g‘an Istanbulda bu ikki davlatning qabul qilinishi haqida “ijobiy fikr”ga ega emasligini aytgandi

“Skandinaviya davlatlari terrorchilik tashkilotlari uchun mehmon uyiga o‘xshaydi”, - deya o‘z pozitsiyasiga izoh bergan Erdo‘g‘an. 

Turkiya uzoq vaqtdan beri Skandinaviya mamlakatlarini, xususan, ko‘plab turk muhojirlari yashaydigan Shvetsiyani ekstremistik kurd guruhlari, shuningdek, Erdo‘g‘an Turkiyadagi isyon tashkilotchisi deb e’lon qilgan, AQShda istiqomat qiluvchi turk yozuvchisi, islom ulamosi va voiz Fathulloh Gulen tarafdorlariga boshpana berganlikda ayblab keladi.

Ko‘proq yangiliklar: