“Bu bizga nisbatan adolatsizlik” - Navoiyda 16 ta bog‘chaning mingdan ortiq xodimi diskriminatsiyaga uchramoqda

Jamiyat 15:50 / 16.05.2022 24700

Bir qarashda mumkin bo‘lmagan holat. Ammo Uchquduq va Konimex tumanlari hamda Zarafshon shahridagi 16 ta bolalar bog‘chasida mingdan ortiq xodim o‘z hududlaridagi boshqa bog‘chada ishlovchi hamkasblaridan kam maosh olishmoqda. Ular Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi hamda Moliya vazirligining qaroridan norozi.

Bu qanday yuzaga kelgan?

Navoiy kon-metallurgiya kombinati tarkibida bo‘lgan 16 ta bolalar bog‘chasi 2020 yilda Maktabgacha ta’lim vazirligi tizimiga o‘tkazilgan. Ungacha mazkur bog‘chalarda faoliyat yuritib kelgan xodimlarga kombinat maosh to‘lagan. Mehnat va aholini ijtimoiy muhofaza qilish vazirligi hamda Moliya vazirligining 2001 yil 5 apreldagi qarori bilan tasdiqlangan Nizomga ko‘ra, Uchquduq, Zarafshon, Nurobod shaharlari va shahar tipidagi Zarafobod posyolkasi budjet muassasalari va tashkilotlari xodimlariga muayyan davr ishlaganlik uchun oylik ustama to‘lovlar to‘langan.

Xususan, ish staji 3 yilgacha bo‘lgan xodimlar oylik tarif stavkasi yoki lavozim okladining 0,25 foizi, 3-5 yil ish stajiga ega bo‘lgan xodimlar 0,5 foizi, 5 yildan ortiq ish staji borlar esa 0,75 foizi miqdorida maoshiga qo‘shimcha oylik to‘lovlar olgan.

Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi hamda Moliya vazirligining 2019 yil 15 avgustdagi qarori bilan oldingi qarorga o‘zgartirish kiritilgan.

Jumladan, yuqoridagi Nizomning 3-bandiga qo‘shimcha kiritilib, mulkchilik shaklidan qat’i nazar boshqa tashkilotdagi (Uchquduq, Zarafshon, Nurobod shaharlari va shahar tipidagi Zafarobod posyolkasidagi budjet tashkilotlaridan tashqari) ish, budjet tashkilotlari xodimlariga muayyan davr ishlaganlik uchun oylik to‘lovlar to‘lanishi huquqini beradigan ish stajiga kiritilmasligi belgilab qo‘yilgan. Ayni shu cheklov tufayli NKMK tarkibidan Maktabgacha ta’lim vazirligi tizimiga o‘tkazilgan bolalar bog‘chalarida ishlovchi xodimlar ish staji “g‘oyib bo‘lgan”. Oqibatda bitta shahardagi ikkita bog‘chada (NKMK tarkibidan Maktabgacha ta’lim tizimiga o‘tgan va oldindan Maktabgacha ta’lim tizimida bo‘lgan) bir xil ish uchun ikki xil maosh to‘lanmoqda.

“Bu bizga nisbatan diskriminatsiya”

Ushbu holatga tushgan aksariyat tarbiyachilar buni o‘zlariga nisbatan kamsitish, deya baholashmoqda.

Shuncha yil osmonda ishladikmi? NKMK tarkibida bo‘lsa ham, davlat bog‘chasi bo‘lsa ham soha bir. Biz ham hudud bolalarini tarbiyalaganmiz. Konchi bo‘lib, endi tarbiyachiga aylangan bo‘lsak-ku, ikki xil ish deyishsa. Bu ochiqchasiga adolatsizlik. 15-20 yil shu sohada ishlaganmiz. Shuncha ish stajimiz hisobga olinmasdan, barchasi noldan boshlandi. Oldindan davlat bog‘chasida ishlagan hamkasblarimiz bilan oylik maoshimizda katta farq bor: bitta shahar, bitta tizim, bir xil ish, ammo maosh har xil. Biz xususiy bog‘chada ishlamaganmiz, NKMK tarkibidagi bog‘chada ishlaganmiz. NKMK esa uchga bo‘lingungacha qadar davlat korxonasi edi. Mantiqsizlik emasmi bu?” – deydi Zarafshon shahridagi maktabgacha ta’lim tashkilotlaridan birining tarbiyachisi.

“Biz masala ijobiy hal qilinishi tarafdorimiz”

Navoiy viloyati Maktabgacha ta’lim boshqarmasi boshlig‘i O‘tkir Tillayev masala yuzasidan Kun.uz'ga shunday izoh berdi:

NKMKdan 16 ta bog‘chani 1 000 nafardan ortiq xodimi bilan qabul qilib olganmiz. 10 tasi Zarafshon shahrida, 5 tasi Uchquduq va yana 1 tasi Konimex tumanida joylashgan. Hozirda davlat bog‘chasida 10 yil stajga ega bo‘lgan xodim NKMK tarkibidan bizning tizimga o‘tgan bog‘chada 10 yil ishlagan xodimdan ko‘p maosh olyapti. Bu bo‘yicha ko‘plab murojaatlar bo‘lgan, mas’ullar ishtirokidagi sayyor qabullarda ham masalani ko‘targanmiz. Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi hamda Moliya vazirligining qarori o‘zgarsa masala yechilishi mumkin, bo‘lmasa yo‘q. Biz ham masala ijobiy hal qilinishi tarafdorimiz”.

Moliya vazirligi “tejamkorlik” qilyaptimi?

Zarafshon shahar hokimligi Moliya vazirligiga mazkur masalada murojaat qilib, muayyan davr ishlaganlik uchun oylik to‘lovlar to‘lanishida NKMK tarkibidan Maktabgacha ta’lim vazirligi tizimiga o‘tkazilgan bog‘chalar xodimlari ish stajini inobatga olishni so‘ragan. Ammo Moliya vazirligi negadir buni rad qilgan.

Moliya vazirligining Zarafshon shahar hokimligiga javob xatida mazkur hududlarda ish stajidan kelib chiqib to‘lanadigan oylik to‘lovlarni to‘lashda faqatgina budjet tashkilotlarida ishlangan davr hisobga olinishi maqsadga muvofiqligini ma’lum qilgan. Biroq vazirlik bu cheklov nima maqsadda kiritilganini izohlamagan.

Navoiylik minglab tarbiyachilar bir necha yildan buyon tugal yechimini topmay kelayotgan bu masala Hukumat darajasida ko‘rib chiqilishini istashmoqda.

Ruslan Saburov,
Kun.uz muxbiri.

Ko‘proq yangiliklar: