Dunyoda turli ko‘rinishda doimiy o‘tkaziladigan lotereyalar juda ko‘p. Oson pul topish, jon koyitmasdan bir zumda katta miqdordagi pullarni yutib olish umidida bo‘lgan ko‘plab insonlar lotereya o‘ynaydi. Tabiiyki, yutuqlar sanoqli va ular millionlab insonlardan bir nechtasiga chiqadi.
Lotereyadan katta pullarni yutganlarning hayotida avvaliga muammolar hal bo‘lib, barcha qiyinchiliklar ortda qolganday tuyuladi. Aksariyat hollarda esa bunday insonlar katta pulga ega bo‘lgandan so‘ng turli muammolarga duch kela boshlaydi. Oradan biroz o‘tgach ularning ayrimlarida bir tiyin pul qolmaydi va hayotlari yana o‘sha «eski tos, eski hammom»ga qaytadi. Ayrimlari esa hatto katta miqdorda qarzga botishadi.
Quyida lotereyalardan katta mablag‘larni yutgan va pullarni isrof bilan sarflash oqibatida ulardan ayrilib, yana «yirtiq chorig‘i» bilan qolgan insonlarning taqdiri bilan tanishamiz.
Endryu Uittaker (AQSh)
G‘arbiy Virjiniya shtatida joylashgan qurilish kompaniyasining 55 yoshli prezidenti Endryu Uitakker 2002 yil dekabr oyida lotereyadan 315 million dollar yutib olgan paytda o‘zining hisobraqamida ham 17 million dollar puli bor edi. Shunday bo‘lsa ham katta pul yutgach, Endryuning halovati yo‘qoladi.
AQShda odatda lotereyadan katta mablag‘ yutgan odamning ism-sharifi oshkor qilinsa, barcha jinoyatchilar uni tunashni xohlab qolishadi. Endryu bilan ham shunday bo‘ladi.
2003 yilda uning avtoturargohda turgan mashinasidan yarim million dollardan ko‘proq pulini o‘g‘irlab ketishadi. Biroz o‘tib u politsiyaga o‘g‘rilar hisobraqamidagi barcha pullarni yechib olishganini ma’lum qiladi.
2004 yilda Endryuning qiz nabirasi va uning yigiti giyohvand moddalarni ko‘p iste’mol qilish ortidan vafot etishadi. Biroz o‘tib qizi ham vafot etadi. O‘shanda u yig‘lab «Qani edi o‘shanda u la’nati chiptani yirtib tashlasam edi», deydi.
Shundan so‘ng o‘g‘rilar Endryuni yana bir necha bor tunashadi. Bundan tashqari qimor o‘ynashga berilib, kazinolarda katta pullarni yutqazadi. Oxir-oqibat oradan to‘rt yil o‘tib qarzga botadi va bankrot bo‘ladi. Katta miqdordagi pul unga bor-yo‘g‘i 4 yilga yetadi xolos.
Edrian Beyford (Buyuk Britaniya)
Edrian Beyford kichik do‘kon egasi bo‘lgan oddiy yigit edi. U «Yevromillion» lotereyasidan eng yirik yutuq – 148 million funt sterling yutib olgach bir kunda hammasi o‘zgarib ketadi.
Beyford katta puldan o‘zini yo‘qotib qo‘yib, ularni behudaga sarflay boshlaydi. Eng avval 19-asrda qurilgan eski qasrni bir necha barobar qimmatga sotib oladi va katta mablag‘ sarflab u yerda ikkita rok festivalini uyushtiradi.
Shundan so‘ng Beyford xotini bilan ajrashadi va yolg‘iz qolgach pullarni behudaga sarflashda davom etadi.
U yangi ma’shuqasiga otlar podasi bilan birga ot sporti maydonini sotib olib beradi. Ammo OAV e’tiboriga tushgan qiz ularning doimiy ta’qibiga dosh bera olmay Beyfordni tark etadi.
Bayford uchun oxirgi zarba sobiq xotinining yana turmushga chiqib ketishi bo‘ladi. Shundan so‘ng Beyford otlarini, do‘konlarini sotib yuboradi. U haqda Britaniya OAVda chiqqan so‘nggi xabarda yigit o‘z boyligining katta qismidan ayrilib bo‘lgani va omma e’tiborida bo‘lishdan qochish uchun Avstraliyaga ko‘chib ketmoqchiligi haqida xabar beriladi.
Billi Bob Harrell (AQSh)
Billi Bob Harrel 1997 yil iyun oyida Texas shtatida lotereyadan 31 million dollar yutadi. O‘shanda u barcha muammolarim hal bo‘ldi, deb o‘ylagandi. Ammo aksi bo‘ladi.
U yutuq pullarini isrof bilan sarflay boshlaydi. Oilasi va do‘stlari uchun uylar, mashinalar sotib oladi. Xayriya so‘rash niqobi ostida ishlovchi firibgarlarga chuv tushadi. Shu tariqa u 31 million dollarni 20 oyda sarflab tugatadi.
1999 yilda o‘g‘li uni yotog‘ida o‘qotar qurol o‘qi bilan yaralanib vafot etgan holda topadi. Surishtiruvlardan so‘ng u o‘z joniga qasd qilgani aniqlanadi. Billi Bob Harrel o‘limidan biroz oldin moliyaviy maslahatchisiga «lotereyada katta pul yutib olishim hayotimda men bilan sodir bo‘lgan eng yomon ish edi» degani ma’lum bo‘ladi.
Jyefri Dampir (AQSh)
1996 yilda Jyefri Dampir Illinoys shtatida o‘tkaziladigan lotereyadan 20 million dollar yutib oladi. Oson kelgan mablag‘ uning boshini aylantirib qo‘yadi.
Dampir 20 million dollarni popkorn biznesini yo‘lga qo‘yish, oila a’zolari va ma’shuqasiga sovg‘a sotib olish uchun sarflab yuboradi. U 20 million dollarni 9 yilda batamom sarflab tugatadi.
Jyenit Li (AQSh)
Kelib chiqishi Janubiy Koreyadan bo‘lgan AQSh fuqarosi 52 yoshli Jyenit Li 1993 yilda lotereyadan 18 million dollar yutadi. U ham boshqalar kabi oson kelgan pulni isrof bilan sarflay boshlaydi. Qimmatbaho mashinalarni ijaraga oladi, qimmat kiyimlar sotib oladi. Naqd sotib olishga imkoniyati bo‘lgan holda ipotekaga qimmatbaho uy oladi. Pulning bir qismini xayriya qiladi.
2001 yilda Jyenit batamom pulsiz qoladi va ipoteka kreditini to‘lash uchun kredit oladi. Biroz o‘tib unda kreditni to‘lashga ham mablag‘ qolmaydi va o‘zini bankrot deb e’lon qiladi. Bu paytda Jyenitning gardanida 2,5 million dollar qarzi bor edi. Shundan so‘ng uyni tortib olishadi va u hech narsasiz qoladi.
Uilyam Post (AQSh)
Uilyam Post 1988 yilda Pensilvaniya shtatida o‘tkaziladigan lotereyada 16,2 million dollar yutib oladi. Katta puldan boshi aylanib qolgan Post yutuqni behuda ishlarga sarflay boshlaydi. Restoran, eski mashinalar parki va samolyot sotib olish uchun katta pul sarflaydi.
Bundan tashqari qarindoshlari uni foyda keltirmaydigan biznesga katta pul tikishga ko‘ndirishadi. Oxir-oqibat u lotereyada yutuq chiqqandan uch oy o‘tib barcha pulni tugatadi va 500 ming dollar qarz bo‘lib qoladi. Shundan so‘ng u o‘zini bankrot deb e’lon qilishlarini so‘rab ariza beradi.
«Hamma pul yutishni orzu qiladi, lekin hech kim uning ortidan paydo bo‘ladigan muammolarni tushunib yetmaydi», degan edi Post 1993 yilda gazetalardan biriga bergan intervyusida.
Maykl Kerroll (Buyuk Britaniya)
Maykl Kerroll 2002 yilda 19 yoshida lotereyadan 9,7 million funt sterling (15,5 million dollar) yutadi.
Birdaniga boyib qolgan Kerrol pullarni yengiltabiat ayollarga sarflay boshlaydi. Giyohvand moddalar iste’moliga ruju qo‘yadi. Holat shu darajaga yetadiki, 2003 yilda kuniga 3 ming dollarlik kokain cheka boshlaydi. O‘sha paytda u 500 ming dollarlik uyida tinimsiz kechki ziyofatlar uyushtiradi.
Oradan sakkiz yil o‘tib Kerroll pullarni sarflab tugatadi va ishsizlik nafaqasiga yashay boshlaydi. Giyohvand moddalarga berilgan paytda uni xotini va qizi tashlab ketadi.
Kerroll 2010 yilda Daily Mail gazetasiga bergan intervyusida: «Kechki ziyofatlar tugadi va men haqiqiy hayotga qaytdim. Endi bir-biriga urishtiradigan tangalarim yo‘q va bu menga ma’qul. Har holda millionga qaraganda 42 funtga yashash osonroq», degandi.
Biroq oradan biroz muddat o‘tib boshqa intervyusida Kerroll o‘z millionlarini sovurib bo‘lganidan keyin, oddiy hayotga ko‘nika olmay ikki marta o‘z joniga qasd qilishga uringanini tan oladi.
Sheron Tirabassi (Kanada)
Kanadalik ko‘p bolali ona Sheron Tirabassi 2004 yilda lotereyadan 10,5 million dollar yutadi. Qo‘liga katta pul tushgach ayol ularni ayamasdan sarflay boshlaydi.
Sheron eng avval uy va birdaniga to‘rtta mashina sotib oladi. Shuningdek, turli sayohatlarga chiqadi va qimmat kiyimlar sotib oladi. Shu tariqa Sheron pulning ozroq qismini 6 nafar farzandining nomiga qo‘yib, qolgan qismini sarflab tugatadi.
Shundan so‘ng Sheronning eri mast bo‘lib mashina boshqarib halokatga uchraydi. U bir necha kishining tan jarohat olishiga sabab bo‘lgani uchun hibsga olinadi. Erini garov evaziga hibsdan olib chiqish uchun Sheronning qo‘lida qolgan pullar yetmaydi va u mashinalarni sotishga majbur bo‘ladi.
Shundan so‘ng Sheronda faqat ta’mirtalab mashinadan boshqa hech narsa qolmaydi.
Keyt Gof (Buyuk Britaniya)
2005 yilda oddiy novvoy bo‘lib ishlovchi Keyt Gofning rafiqasi Luiza lotereyadan 9 million funt sterling yutadi. Shundan so‘ng rafiqasidan pullarning tasarrufiga ijozat olgan Gof pullarni behudaga sarflay boshlaydi.
U uyi bo‘la turib yana uy sotib oladi. 560 ming funtga Aston Villa futbol jamoasi stadionidagi VIP lojadan yillik abonoment sotib oladi.
Oradan biroz o‘tib, Gof firibgarlarga aldanadi va katta pulini yo‘qotadi. 2007 yilda Gofni xotini tashlab ketadi. Shundan so‘ng u mast qiluvchi ichimliklarga ruju qo‘yadi.
Gof 2010 yilda mast qiluvchi ichimlik va stress ta’sirida vafot etadi. O‘sha paytda uning hisob raqamida 1 million funt sterling pul qolgan edi xolos.
Tonda Dikerson (AQSh)
Tonda Dikerson oddiy kafeda ofitsiant bo‘lib ishlardi. Kafening doimiy mijozlaridan biri lotereya jinnisi edi. Bir marta u barcha ofitsiantlarga ham lotereya chiptalaridan sovg‘a qiladi. Ana shunda Tondaga sovg‘a qilingan chiptaga katta miqdorda pul yutug‘i chiqadi.
Tondaning lotereyadan 5 million dollar yutganini eshitgan hamkasblari yutuqni teng taqsimlashni talab qilishadi. Rad javobini olgach ular Tongani sudga berishadi, ammo yutqazishadi.
Shundan so‘ng qiz jamg‘arma fondi ochadi va pulni fondga o‘tkazib, undan qarindoshlariga hissa ajratadi. Uning bu ishi soliq xodimlarining e’tiborini tortadi. Soliqchilar Tonga qarindoshlariga bergan pulidan soliq to‘lashi lozimligini aytib, uni sudga berishadi. Sudda yutqazib soliqlarni to‘lagach, Tonganing hisobida bor-yo‘g‘i million dollar qoladi. Qiz tez orada uni ham sarflab, tugatadi.
Evelin Beyshor (AQSh)
Evelin lotereyadan ikki marta katta miqdorda pul yutgan sanoqli odamlardan biri hisoblanadi. U ilk marta 1985 yilda 3,9 million dollar yutadi. Oradan 5 o‘tib yana 1,4 million dollar yutib oladi.
Katta puldan boshi aylanib qolgach Evelin yutuqning bir qismini do‘stlariga tarqatadi. Qolganini esa qimorda boy beradi. 2000 yilda Evelin bankrot bo‘lib, treyler parkka ishga kiradi.
«Lotereyadan yutuq chiqishi – bu barcha muammolaring hal bo‘ldi, degani emas. Barcha pullarimga ega bo‘lishni xohlardi va menga o‘z yordamini taklif etardi», degan edi keyinchalik Evelin.
Oradan bir necha yil o‘tgach u New York Post gazetasiga bergan intervyusida keyinchalik ham ko‘p mablag‘ini lotereya uchun sarflaganini, biroq boshqa yutuq chiqmaganini aytadi.
Kelli Rojyers (Buyuk Britaniya)
2003 yilda Angliyaning Uorkington shahrida yashovchi Kelli Rojyers lotereyadan 1,8 million funt sterling yutadi. O‘sha paytda u 16 yoshda edi. Kelli o‘zini asrab olgan oila bilan birga yashar va savdo do‘konida kassir bo‘lib ishlardi.
Yutuqni olgach Kelli o‘ziga uy sotib oladi. So‘ng uchrashib yurgan yigiti bilan unga ko‘chib o‘tadi va pullarni isrof bilan sarflay boshlaydi. U o‘ziga qimmatbaho kiyim-kechaklar xarid qiladi. So‘ng tanasining turli qismlarini bir necha marta plastik jarrohlik qildiradi.
Kelli xaridlar bilan cheklanib qolmaydi, u o‘z vaqtini tungi klublarda o‘tkaza boshlaydi va giyohvand moddalar hamda spirtli ichimliklarga ruju qo‘yadi. Shu tariqa u 4-5 yilda barcha mablag‘larini sarflab tugatadi. Kelli 22 yoshga kirganida uning ikki nafar farzandi bor edi.
«Yutuqni o‘z hisobimga o‘tkazib olganimda birdaniga ulg‘ayib qolganday bo‘ldim. Shundan so‘ng tezda atrofimda «do‘stlar»im ko‘payib qoldi. Ular qarz so‘rar va men saxiylik bilan pul tarqatardim.
Keyin esa tanamni to‘g‘rilatishni istab qoldim. Ancha pul sarflab tanamni yomon ahvolga solganimni keyin tushunib yetdim. Giyohvand moddalar va mast qiluvchi ichimliklar sevimli ovunchog‘im bo‘lib qoldi. Barchasi meni jarlik tomonga tortayotganini bilardim, ammo o‘zimni tiyishga ojiz edim», degandi u keyinchalik.
Holat shu darajaga yetadiki, Kelli o‘z joniga qasd qilishga urinadi. Oqibatda sud qarori bilan uni onalik huquqidan mahrum qilishadi va majburan davolanishga jo‘natishadi. Keyinchalik, Kelli sog‘ayib ketadi va farzandlarini qaytarishadi. U turmushga chiqib yana bir farzand ko‘radi. Kelli hozir oddiy hayot kechirmoqda.
G‘ayrat Yo‘ldosh tayyorladi.