Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
Turkiya Shvetsiya va Finlandiyaning NATOga kirishiga e’tiroz bildirdi
Turkiya prezidenti Rajab Toyyib Erdo‘g‘an o‘z pozitsiyasini shunday izohladi: «Skandinaviya davlatlari terrorchilik tashkilotlari uchun xuddi mehmon uyidek».

Foto: AFP
Turkiya Shvetsiya va Finlandiyaning Shimoliy Atlantika alyansiga kirishiga qarshi chiqqan NATOning birinchi a’zosi bo‘ldi.
Turkiya prezidenti Rajab Toyyib Erdo‘g‘an 13 may, juma kuni Istanbulda bu ikki davlatning qabul qilinishi haqida «ijobiy fikr»ga ega emasligini aytdi. Stokholm va Helsinki Turkiya vakillari bilan muzokaralar boshlanganini e’lon qildi. AQSh ham chetda qolmadi. Ayni paytda, Rossiya Finlandiyaga elektr energiyasi yetkazib berishni to‘xtatmoqda.
Erdo‘g‘anning ta’kidlashicha, u Gretsiyaning NATOga a’zo bo‘lgan paytdagidek «xatolar»ga yo‘l qo‘yilishini istamaydi. Turkiya va Gretsiya munosabatlari murakkab hisoblanadi va bu hatto Shimoliy Atlantika alyansiga qo‘shma a’zolikdan keyin ham o‘zgarmadi.
«Skandinaviya davlatlari terrorchilik tashkilotlari uchun mehmon uyiga o‘xshaydi», - deya Erdo‘g‘an o‘z pozitsiyasiga izoh berdi.
Turkiya uzoq vaqtdan beri Skandinaviya mamlakatlarini, xususan, ko‘plab turk muhojirlari yashaydigan Shvetsiyani ekstremistik kurd guruhlari, shuningdek, Erdo‘g‘an Turkiyadagi isyon tashkilotchisi deb e’lon qilgan, AQShda istiqomat qiluvchi turk yozuvchisi, islom ulamosi va voiz Fathulloh Gulen tarafdorlariga boshpana berganlikda ayblab keladi.
12 may kuni rasmiy Helsinki Finlandiya Rossiyaning Ukrainadagi agressiv urushi munosabati bilan «kechiktirmasdan» NATOga a’zo bo‘lish uchun ariza topshirishi kerakligini e’lon qildi. Yakshanba kuni Shvetsiya ham xuddi shunday qaror qabul qilishi kutilmoqda.
O‘nlab yillar davomida Stokholm va Helsinki qat’iy betaraflik va hech qanday harbiy bloklarga qo‘shilmaslik siyosatini olib borgani hisobga olinsa, bu Shvetsiya va Finlandiya mudofaa siyosati yo‘nalishidagi tub o‘zgarish bo‘ladi.
Yangi a’zolarning qabul qilinishi NATOga a’zo barcha davlatlar tomonidan bir ovozdan ma’qullanishi kerak. Hozircha ittifoqchilarning aksariyati Shvetsiya va Finlandiyaning alyansga qo‘shilish istagini olqishlagan. NATO bosh kotibi Yyens Stoltenberg har ikki davlat ham «quchoq ochib» kutib olinishini bir necha bor ta’kidladi.
AQSh prezidenti Jozef Bayden juma kuni Shvetsiya bosh vaziri Magdalena Andersson va Finlandiya prezidenti Sauli Niinistyo bilan suhbatlashdi. U «NATOning ochiq eshiklar siyosatini qo‘llab-quvvatlashini» ta’kidladi», — deyiladi Oq uy xabarida. Vashington hozir «Turkiya pozitsiyasini aniqlashtirish» ustida ishlamoqda.
Shvetsiya tashqi ishlar vaziri Ann Linde Turkiya tashqi ishlar vaziri Mavlud Chavusho‘g‘li bilan hafta oxirida Berlinda Shvetsiya va Finlandiya taklif qilingan NATO tashqi ishlar vazirlari yig‘ilishida gaplashishini bildirdi. Finlandiya tashqi ishlar vaziri Pekka Haavisto ham shunday qilmoqchi.
Turkiya ham Ukraina, ham Rossiya bilan yaxshi munosabatda. Shu paytgacha mamlakat Ukrainadagi urush bo‘yicha ikki tomonlama pozitsiyani egallab kelgan: Anqara Ukrainani jangovar uchuvchisiz uchoqlar bilan ta’minlaydi, biroq ayni paytda Rossiyaga qarshi g‘arb sanksiyalariga qo‘shilmadi. So‘nggi haftalarda Erdo‘g‘an Moskva va Kiyev o‘rtasida vositachi sifatida o‘z nomzodini qayta-qayta taklif qildi.
Rossiya Finlandiyaning bayonotiga darhol tanqid va tahdidlar bilan munosabat bildirdi. Kreml matbuot kotibi Dmitriy Peskovning aytishicha, Rossiya «albatta» qo‘shni davlatning NATOga a’zoligini o‘z xavfsizligiga tahdid sifatida ko‘radi. Rossiya Tashqi ishlar vazirligi Moskva javob qadamlarni, jumladan, «harbiy-texnik» xarakterdagi choralarni ko‘rishga majbur bo‘lishini ma’lum qildi.
Juma kuni Rossiyaning «InterRAO» guruhi Helsinkidagi shu’ba korxonasi RAO Nordic Oy energetika kompaniyasi Finlandiyaga Rossiya elektr energiyasini yetkazib berishni to‘xtatganini e’lon qildi. Kompaniya yetishmayotgan to‘lovlar haqida ma’lumot berib, «yaqin kelajakda» vaziyat yaxshilanishi va savdo qayta tiklanishi mumkinligiga umid bildirgan.
Finlandiyaning Fingrid elektr tarmog‘i kompaniyasi vaziyatga xotirjam munosabatda bo‘lib, ta’minot xavfsizligi xavf ostida emasligini ta’kidladi. «Biz bunga tayyor edik», dedi Fingrid rahbari Timo Kaukonen AFP axborot agentligiga bergan intervyusida. «Biz Shvetsiya va Norvegiyadan import hajmini biroz oshirish orqali vaziyatga yechim topishimiz mumkin», deya aniqlik kiritdi u.
Shvetsiyaning NATOga a’zo bo‘lish yo‘lidagi muhim bosqichga xavfsizlik siyosati bo‘yicha parlamentning yangi hisoboti aylandi. Unda qo‘shilish bo‘yicha aniq tavsiyalar keltirilmagan, ammo boshqa hamkorlik variantlari «Shvetsiyaga mamlakat jiddiy tahdid yoki hujumga uchragan taqdirda yordam berishini» kafolatlamasligi haqida ogohlantirish berilgan.
Bundan tashqari, Shvetsiya parlamentining xavfsizlik siyosati haqidagi hisobotida aytilishicha, Shvetsiyaning Shimoliy Atlantika alyansidagi a’zoligi Shimoliy Yevropadagi mojarolar xavfini keskin kamaytiradi.
Tavsiya etamiz
20 iyuldan boshlab 1-2 kunga xorijga chiqqanlar O‘zbekistonga bojsiz tovar olib kirolmaydi
Iqtisodiyot | 19:31 / 15.07.2025
Bolalarni itdek vovullatgan «defektolog»ga yangi jinoiy ish ochildi
Jamiyat | 18:06 / 15.07.2025
Etihad Airways O‘zbekistonga parvozlarni yo‘lga qo‘yadi
O‘zbekiston | 15:18 / 15.07.2025
Bank kartalardan 1 mlrd so‘mga yaqin pullarni o‘zlashtirgan jinoiy guruh qo‘lga olindi
Jamiyat | 21:42 / 14.07.2025
So‘nggi yangiliklar
-
«Barselona» dunyoning eng qashshoq davlatidan 44 million yevro oladi
Sport | 23:49 / 16.07.2025
-
AQSh xavotirda: BRICS G‘arb gegemoniyasini yiqitadimi?
Jahon | 23:14 / 16.07.2025
-
Ko‘kdaladagi portlash, Qoraqalpog‘istonda anomal harorat va Mirobodda ushlangan podpolkovnik – mahalliy dayjest
O‘zbekiston | 23:06 / 16.07.2025
-
Germaniyani jahon chempioni qilgan murabbiy O‘zbekiston bilan ishlashi mumkin
Sport | 22:44 / 16.07.2025
Mavzuga oid

18:35 / 16.07.2025
Tramp Ukrainaga qurol va’da qildi, ammo uni kim va qanday yetkazib berishi - tushunarsiz

21:23 / 15.07.2025
Qurollanishning yangi davri boshlandi. Harbiy budjeti eng katta davlatlar qaysi?

00:58 / 15.07.2025
«Ruslar qandaydir tarixchi bilan keldi». NATO bosh kotibi Istanbuldagi Rossiya delegatsiyasi tarkibini tanqid qildi

21:58 / 14.07.2025