Ijtimoiy tarmoqlarda G‘uzor tumanidagi mahallalardan birida hokim yordamchisi bo‘lib ishlayotgan shaxs 300 dollar pora olganida huquqni himoya qilish organlari tomonidan qo‘lga olingani haqida xabarlar tarqaldi. Tuman hokimligi axborot xizmati mazkur xabarlar yuzasidan munosabat bildirdi.
Ma’lum qilinishicha, 12 may kuni G‘uzor tumani “Jonbuloq” MFYda hokim yordamchisi bo‘lib ishlayotgan E.F. Qarshi tumanida yashovchi fuqaroni Respublika shoshilinch tibbiy yordam ilmiy markazi Qashqadaryo filialiga feldsher lavozimiga ishga kiritib qo‘yishini aytib, evaziga firibgarlik yo‘li bilan 300 dollar olgan vaqtda qo‘lga olingan.
Hokimlik E.F.ning bu jinoyati uning hokim yordamchisi lavozimi bilan bog‘liq emasligini qayd etgan.
Hokimlik bunga sabab qilib, E.F. muqaddam viloyat Bandlik boshqarmasida bo‘lim boshlig‘i lavozimida ishlagani, 2022 yil 12 yanvardan “Jonbuloq” MFYda hokim yordamchisi lavozimida ish boshlagani, u hokim yordamchisi lavozimiga ishga qabul qilinishida faoliyat ko‘rsatib kelgan ish joyidan ijobiy tavsiflanganini keltirgan.
“Korrupsiya holatlarining oldini olish maqsadida hokim yordamchilari faoliyati tuman hokimligi, sektor rahbarlari hamda mahallabay ishlash va tadbirkorlikni rivojlantirish tuman markazi tomonidan doimiy nazorat qilib borilib, bu borada uchrashuv va targ‘ibot ishlari o‘tkazilgan. Uchrashuvlar davomida hokim yordamchilaridan kafolat xatlari olinib, jarayonlar tegishli tartibda rasmiylashtirilgan.
Shu bois, hokimlik E.F. tomonidan sodir etilgan firibgarlik jinoyatini oqlab bo‘lmasligini ta’kidlash bilan bir qatorda, uning mazkur jinoiy harakati “Jonbuloq” MFY hokim yordamchisi lavozimi bilan bog‘liq emasligini ma’lum qiladi”, deyiladi munosabatda.