“O‘zbekgidroenergo” AJ rahbariyati tashabbusi bilan yangicha yondashuv va yangi konsepsiya asosida ilg‘or zamonaviy texnologiyalar va metodlar joriy etilib, murakkab loyiha ishlari “Gidroproyekt” AJ tomonidan ishlab chiqilgan texnik topshiriqqa asosan, mahalliy va xorijiy korxonalar mutaxassislari tomonidan belgilangan me’yorlar asosida qurilish ishlari olib borilmoqda.
Alohida aytib o‘tish lozimki, “Pskem daryosida Pskem GESni qurish” investitsiya loyihasi doirasida qabul qilingan texnik yechimlar bo‘yicha “Tractebel Engineering GmbH.” (Germaniya) xalqaro injiniring kompaniyasi tomonidan olingan ijobiy xulosalar asosida ish olib borilmoqda.
Birinchi bosqichda amalga oshirilishi belgilangan gidrotexnika inshootlari, yerosti suv o‘tkazuvchi tunnellar, GES binosi va 222 km uzunlikdagi elektr energiyasini uzatish tarmoqlari hamda infratuzilma obektlarini qurish ishlari, jumladan, birinchi yarus suv qabul qilish inshooti, 1288 metr uzunlikdagi suv o‘tkazuvchi yerosti tunneli, 1-2-agregatlarga suv olib keluvchi 285 metr yerosti tunneli va 2 dona suv o‘tkazuvchi zatvorlarni boshqarish inshooti, daryoga suv tashlash inshootlari hamda ishchi-mutaxassislar uchun 80 o‘rinli 2 qavatli yotoqxona, 10 dona kottej qurib bitkazildi.
Shu bilan birga, 2021 yil 25 noyabr kuni Pskem daryosida “To‘g‘onning yuqori suv to‘sish inshooti” qurilishini boshlash uchun daryo oqimi berkitilib, kelayotgan suvlar “birinchi yarus suv qabul qilish inshooti” orqali yana daryoga yo‘naltirildi. Loyiha doirasida to‘g‘on uzunligi 200 metr va pastki belgisi 983,00 metr yuqori belgisi 1044,5 metr, ya’ni 61,5 metr balandlikka ega bo‘lgan “To‘g‘onning yuqori suv to‘sish inshooti” qurilishi natijasida Pskem daryosida Pskem suv omborining birlamchi bosqichiga (1-navbatiga) suv yig‘ish imkoniyati yaratiladi.
To‘g‘onning yuqori suv to‘sish inshooti 998,0 metr belgiga qadar 10 metr chuqurlikdan temir-beton tayanch to‘siq bilan ko‘tarilib, temir-beton va tosh oralig‘idagi bo‘shliqlar maxsus sementli qorishma yordamida yuqori bosim ostida to‘ldirilib chiqildi.
Respublikamizdagi gidrotexnika inshootlari qurilishi tarixida birinchi marotaba sohada xavfsizlik nuqtai nazaridan yuqori chidamlilikka ega, rivojlangan davlatlarda keng qo‘llanib kelinayotgan filtratsiya suvlariga qarshi sintetik mahsulot hisoblanuvchi yuqori sifat darajasiga ega bo‘lgan Italiya davlatida ishlab chiqarilgan “KARPI” (CARPI) kompaniyasining SIBELON® CNT 5900 UV geokompozit gidroizolyatsiya mahsuloti keng qo‘llanilmoqda. Mazkur geokompozit gidroizolyatsiya mahsuloti to‘g‘onning yuqori suv to‘sish inshootidagi filtratsiya jarayonlarining oldini olish maqsadida foydalaniladi.
“To‘g‘onning yuqori suv to‘sish inshooti”ning 998,1 metrdan 1026,5 metrgacha bo‘lgan oralig‘ida butun to‘g‘on ekrani bo‘ylab t=4 mm qalinlikdagi SIBELON® CNT 5900 UV geokompozit gidroizolyatsiya materialini 11 129,0 m2 yuzada qoplash ishlari joriy yilning aprel oyida to‘liq yakunlandi.
Shuningdek, birinchi yarus suv qabul qilish inshooti oldida suv sathlarini doimiy ravishda kuzatib borish, sel va toshqin suvlari ta’sirida suv sathi keskin ko‘tarilishining oldini olib, 1-darvozalarni boshqarish inshooti (KRZ-1) orqali toshqin suvlarini boshqarish maqsadida suv qabul qilish inshootiga maxsus elektron datchiklar o‘rnatilib, “onlayn” rejimda monitoring va kuzatuvlar olib borilmoqda. Darvozalarni boshqarish inshooti binosidagi barcha qurilmalar avtomatlashtirilib, avtomatik tizim asosida boshqarib borilmoqda.
E’tiborli jihati shundaki, Pskem daryosida “To‘g‘onning yuqori suv to‘sish inshootida olib borilgan qurilish ishlari natijasida bugungi kunda suv sathi 1010 belgiga (otmet) ko‘tarildi. Buning natijasida to‘g‘onning “KARPI” (CARPI) kompaniyasining SIBELON® CNT 5900 UV geokompozit gidroizolyatsiya mahsulotlari bilan qoplangan maxsus qismi hozirgi kunda 9 metr suv ostida. Bu esa o‘z navbatida murakkab muhandislik loyihasida o‘z vaqtida qabul qilingan konstruktiv yechim va xulosalarning ijobiy natijasidir. Shuningdek, yirik qurilish obektida mavjud gidrotexnik inshootlarning xavfsiz ishlatilishini ta’minlash bo‘yicha sel-toshqin suvlarini betalafot o‘tkazish choralarini ko‘rish, suv omborlaridagi suv hisob-kitobini zamonaviy texnologiyalar asosida suv omboriga suvning kirishi, chiqishi va kunlik monitoringini olib borish, nazorat o‘lchov qurilmalari kuzatuv natijalarini tahlil etib borish maqsadida ekspluatatsiya guruhi tuzilgan.
Mazkur loyihalarning amaldagi ijrosi mamlakatimizdagi mavjud suv omborlarini qurish va modernizatsiya qilishda katta tajriba bo‘ladi. Yangi texnologiyalar va innovatsiyalaridan samarali foydalanishda mustahkam zamin bo‘lishi shubhasiz.
“O‘zbekgidroenergo” AJ Axborot xizmati Ⓣ