Ukrainadagi urush: tomonlarning bayonotlari, dunyo munosabati, yordam va sanksiyalar

Jahon 07:29 / 13.05.2022 23576

Ukraina tomonining bayonotlari

Volodimir Zelenskiy an’anaviy tungi murojaatida Rossiyaning strategik mag‘lubiyati ochiq-ravshan ekanligini ta’kidlagan.

Ukraina prezidenti Volodimir Zelenskiy. Foto: president.gov.ua

«Ruslarning strategik mag‘lubiyatga uchraganini butun dunyo ahli ochiq-ravshan ko‘rib turibdi. Shunchaki, Rossiyada buni tan olish uchun hozircha jur’at yetishmayapti. Ular qo‘rqoq. Haqiqatni raketa, aviatsiya va artilleriya zarbalari ortiga berkitmoqda. Shu sababli, bizning bosh vazifamiz — toki o‘z maqsadimizga yetishmagunimizcha kurashishdan iborat. Tuprog‘imizni, odamlarimizni himoya qilib, xavfsizligimizni ishonchli ta’minlashimiz lozim», — degan Zelenskiy urushning 78-kunidagi o‘zining tungi murojaatida.

Ukraina tashqi ishlar vaziri Dmitro Kuleba nemis kompaniyalarini Rossiyani tark etib, Ukrainaga kelib joylashishga chorladi.

Kulebaning Tvitter akkauntidagi yozuvdan skrinshot.

«Rossiya Ukrainada qabih ishlarni davom ettirayotgani bois Rossiyada hamon biznes yuritayotgan xorijiy kompaniyalarning daromadi ukrainlarning qoniga bulg‘angan. Men nemis biznesini Rossiyani tark etib, Ukrainaga ko‘chib o‘tishga chaqiraman. Bu Yevropada tinchlik o‘rnatilishi ishiga samimiy hissa bo‘ladi», — degan Kuleba.

Ukraina urush boshlanganidan buyon harbiy maqsadlarga 8,3 mlrd dollar sarflagan. Bu haqda Ukraina moliya vaziri Sergeya Marchenkoga tayanib, Reuters agentligi xabar bermoqda.

Vazirning so‘zlariga ko‘ra, bu mablag‘larni Moliya vazirligi budjetda avvalboshda rivojlanish uchun ajratilgan mablag‘lardan olgan. Pullar hamma narsaga — qurol-yarog‘ sotib olish va ta’minlashdan tortib, mamlakat ichida ko‘chgan insonlarni shoshilinch qo‘llab-quvvatlashgacha sarflangan.

Xorijga juda ko‘p ayollar va bolalar chiqib ketganligi sababli Ukrainani demografik inqiroz kutishi mumkin, deya ogohlantirgan Ukraina demografiya instituti direktori Ella Libanova. Shuningdek, tushunarli sabablarga ko‘ra, Ukrainada tug‘ilish ham kamayib ketishi mumkin. Libanovaning so‘zlariga ko‘ra, bundan xalos bo‘lish uchun ukrainalik qochqin ayollar bilan aloqani yo‘qotmaslik, ularni mamlakatga qaytishga rag‘batlantirish kerak.

Ukraina qurolli kuchlari birlashgan operatsiyasi o‘tgan sutka ichida erishilgan natijalar haqida quyidagicha ma’lumot bermoqda (eslatib o‘tamiz, urush davrida e’lon qilingan ma’lumotlarni mustaqil manbalar orqali tekshirishning imkoni yo‘q):

·        Dushmanning 18 ta hujumi muvaffaqiyatli bartaraf etilgan.

·        13 ta tank, 8 ta artilleriya tizimi (ularning 1 tasi birvarakayiga o‘t ochish raketa tizimi), 27 ta harbiy zirhli texnika, 2 ta maxsus injyenerlik texnikasi, 5 ta transport vositasi yo‘q qilingan.

·        Havo hujumidan mudofaa bo‘linmalari Donbass osmonida ko‘pmaqsadli Ka-52 vertolyoti va 4 ta «Orlan-10» tipidagi pilotsiz uchar qurilmalarni urib tushirgan.

Harbiy havo kuchlari qo‘mondonligining ma’lumotlari:

·        Rossiyaning «Orlan-10» tipidagi 5 ta pilotsiz uchar qurilmasi, 1 ta Ka-52 vertolyoti, 1 ta qanotli raketasi urib tushirilgan.

«Sxid» («Sharq») tezkor-taktik guruhining ma’lumotlari:

·        Rossiya qo‘shinlarining 6 ta hujumi bartaraf etilgan. Dushmanning yo‘qotishlari: 180 nafargacha shaxsiy tarkib, 6 ta tank, 6 ta piyodalar zirhli mashinasi (BMP), 2 ta zirhli transportyor (BTR), 2 ta yengil zirhlangan ko‘p maqsadli tyagach-transportyor, 3 ta o‘ziyurar artilleriya qurilmas, 1 ta birvarakayiga o‘t ochish reaktiv tizimi, 4 ta minomyot hisobi, 3 ta artilleriya nuqtalari.

Rossiya tomonining bayonotlari

Rossiya Federatsiyasi Xavfsizlik kengashi raisining o‘rinbosari Dmitriy Medvedev G‘arb davlatlari Rossiyaga qarshi proksi-urush (ishonchnoma asosida urush) olib borayotganini ta’kidladi.

«Ukrainani qurol-yarog‘ bilan to‘yintirish, ularning qo‘shinlarini g‘arb texnikasidan foydalanishga o‘rgatish, yollanma jangarilarni jo‘natib, Rossiya chegaralari yaqinida harbiy mashg‘ulotlar o‘tkazish NATOning Rossiya bilan to‘g‘ridan to‘g‘ri to‘qnashuvi ehtimolini oshiradi. Bunday mojaroning esa to‘laqonli yadroviy urushga aylanib ketishi ehtimoli katta»,deb yozgan Medvedev.

Dmitriy Medvedev. Foto: tsargrad.tv

Rossiya Finlandiyaning NATOga a’zo bo‘lishi haqidagi bayonotiga o‘z munosabatini bildirdi.

«Rossiya Finlandiyaning NATOga a’zo bo‘lishi ortidan keladigan tahdidni yo‘qotish uchun harbiy-texnik va boshqa xarakterdagi javob qadamlarini qabul qilishga majbur bo‘ladi», — deyiladi Rossiya TIV bayonotida.

Rossiyaning BMTdagi doimiy vakili o‘rinbosari Dmitriy Polyanskiyga ko‘ra, Shvetsiya va Finlandiyaning NATOga a’zo bo‘lishi RF xavfsizligiga zarba bo‘lmaydi, Rossiya alyansdan keladigan tahdidga turib berishga tayyor.

Polyanskiyning aytishicha, Finlandiya va Shvetsiya NATO a’zosi bo‘lgan zahoti alyans bo‘linmalari u yerga kelib joylashadi va bu hududlar RF harbiylari uchun ehtimolli nishonga aylanadi.

Rossiya Mudofaa vazirligining maxsus vakili Igor Konashenkovning tungi brifingida e’lon qilingan ma’lumotlar (eslatib o‘tamiz, urush davrida e’lon qilingan ma’lumotlarni mustaqil manbalar orqali tekshirishning imkoni yo‘q):

·        RFning havoda bazalashgan raketalari Ukrainaning 38 ta jonli kuchlari va texnikalari joylashgan nuqtalarga zarba berdi, 4 ta o‘q-dori omborlari, 170 dan ortiq askarlar yo‘q qilindi.

·        Xarkov hududida AQShda ishlab chiqarilgan kontrbatareya kurashining radiolokatsion stansiyasi yo‘q qilindi.

·        Tezkor-taktik va armiya aviatsiyasi tomonidan 45 ta jonli kuchlar va texnikalar joylashgan punktlar, yonilg‘i ombori yo‘q qilindi.

·        Artilleriya bo‘linmalari tomonidan 14 ta boshqaruv punkti, o‘t ochish pozitsiyalarida turgan 7 ta artilleriya bo‘linmalari, 358 ta jonli kuchlari va texnikalari jamlanmasi o‘qqa tutilgan. Xarkovda S-300 ZRKning uchirish qurilmasi yo‘q qilingan.

·        Havo hujumidan mudofaa kuchlari Ukrainaga tegishli 5 ta pilotsiz uchar qurilma, «Smerch» birvarakayiga o‘t ochish reaktiv tizimining 10 ta reaktiv snaryadini urib tushirgan.

·        Zmeiniy oroli uzra bitta pilotsiz uchar qurilma va 3 ta «Tochka-U» ballistik raketasi urib tushirilgan.

·        Maxsus operatsiya boshidan buyon 164 ta samolyot, 125 ta vertolyot, 827 ta pilotsiz uchar qurilma, 304 ta ZRK, 3022 ta tank va boshqa jangovar zirhli mashinalar, 366 ta birvarakayiga o‘t ochish reaktiv tizimi qurilmalari, 1479 ta dala artilleriyasi qurollari va minomyotlar, shuningdek 2832 birlikdagi maxsus harbiy avtomobil texnikasi yo‘q qilingan.

Ukrainaga ko‘mak

AQSh vakillar palatasi ikki kun muqaddam Ukrainaga 40 mlrd dollar ko‘mak puli ajratilishi to‘g‘risidagi qonun loyihasini qo‘llab-quvvatlagan edi. Hujjatni Kentukkidan saylangan senator Rend Pol bloklagan. Senator ushbu yordam berilishiga qarshi emas, biroq bu qadar ulkan mablag‘ ustidan nazorat zarurligini ta’kidlagan.

Senator Rend Pol. Foto: NBC News

«Sizlar 40 mlrd dollarni hech qanday nazoratsiz berib yubora olmaysizlar. Afg‘oniston bo‘yicha bosh nazoratchi tayinlaganimizda ham bu chora mablag‘lar talon-toroj bo‘lishini to‘xtatolmagan, biroq nazorat o‘g‘rilarni o‘g‘rilikka qo‘l urishdan oldin o‘ylashga majbur qiladi», – degan senator.

Senator kiritgan tuzatish kelgusi haftada qonun loyihasi matniga qo‘shiladi.

Ukraina prezidenti ofisi rahbarining o‘rinbosari Andriy Sibiga Buyuk Britaniya — Kiyev shahri va Kiyev oblasti, Daniya — Nikolayev oblasti, Boltiqbo‘yi davlatlari — Jitomir oblastini tiklashni o‘z zimmasiga olganini ma’lum qildi.

Sanksiyalar va Rossiyaning qarshi choralari

Yaponiya Rossiyaning «Sberbank» va «Alfa-bank» banklarining aktivlarini muzlatib qo‘ydi. Yangi sanksiyalar doirasida 141 nafar shaxs, jumladan RF bosh vaziri Mixail Mishustinning ham aktivlari muzlatilgan.

Finlandiyaning NATOga a’zo bo‘lish niyatiga qarshi chora sifatida Rossiya 13 maydan boshlab bu mamlakatga gaz yetkazib berishni to‘xtatishi mumkin, deb yozadi Iltalehti nashri.

Avstriya kansleri Karl Nehammer. Foto: unitycms.io

Avstriya kansleri Karl Nehammer agar Zalsburgdagi gaz ombori xomashyo bilan to‘ldirilmasa, uni «Gazprom»dan tortib olishi bilan tahdid qildi, deb Kronen Zeitung gazetasi xabarini keltirmoqda TASS.

Rossiya gazining Ukraina orqali Yevropaga tranziti sutkasiga 53 mln kub metrgacha tushib ketgan. 11 may kuni «Gazprom» gazning Ukraina orqali Yevropaga tranziti 34 foizga kamayganini ma’lum qilgan edi.

Chrome brauzeri Rossiyadagi foydalanuvchilarning Android qurilmalarida 9 maydan buyon yangilanmayotgani ayon bo‘ldi.

Apple rossiyalik foydalanuvchilarni AppStore onlayn do‘konida mobil telefon orqali to‘lov qilish imkoniyatidan mahrum qila boshladi.

Rossiyada 165 yildan buyon faoliyat ko‘rsatib kelayotgan Siemens kompaniyasi bu davlatda o‘z faoliyatini yig‘ishtirishini rasman e’lon qildi.

Yevropaning eng yirik Allianz SE sug‘urta kompaniyasi katta ehtimol bilan yaqin kunlarda Rossiyani tark etishini e’lon qildi.

Nike kompaniyasi Moskvaning «Spartak» futbol klubi bilan hamkorlikni bas qildi.

Moskva birjasida AQSh dollarining kursi 2020 yilning fevralidan buyon ilk marta 64 rubldan past darajaga tushdi. Yevro kursi esa 2017 yilning iyunidan buyon ilk marta 66 rublgacha pastladi.

Bloomberg Rossiya rublini 2022 yildagi eng samarali valuta deb e’lon qilgan. Biroq agentlikning tahlilchilari rus valutasining qurbi mustahkamlanishini ishonchga sazovor emas, deb hisoblashmoqda. Chunki ko‘plab treyderlar uning «monitordagi» kursi real narxiga mos emasligi ortidan u bilan savdo qilishni to‘xtatgan.

Rossiyaning neft savdosidan daromadlari cheklovlarga qaramasdan, yil boshidan buyon 50 foizga oshgan, deb yozadi Bloomberg. «2022 yilning boshidan buyon Rossiya sutkasiga 8 mln barrel eksport hajmida neft va neft mahsulotlari umumiy savdosidan oyiga taxminan 20 mlrd dollar ishlab topgan», deyiladi nashr xabarida.

Financial Times gazetasi tahlilchilarining hisob-kitoblariga ko‘ra, yaqin 5 yil ichida Yevropa Ittifoqi Rossiyadan gaz va neft importidan to‘liq xalos bo‘lish va muqobil energiya manbalariga o‘tish uchun qo‘shimcha 195 milliard yevro sarflashlariga to‘g‘ri keladi.

Xalqaro hamjamiyatning munosabati

AQSh ma’muriyati Ukrainaga yadro qurolini yetkazish imkoniyatiga yo‘l qo‘ymaydi, bu haqda gap-so‘z bo‘lishi mumkin emas, degan AQSh davlat kotibining Yevropa va Yevrosiyo masalalari bo‘yicha yordamchisi Karen Donfrid.

«AQSh Ukrainaga qurol-yarog‘ yetkazib, faqat xavfsizlik sohasida yordam bermoqda. Biroq yadro quroliga kelsak, bu haqda gap-so‘z bo‘lishi mumkin emas», — degan Donfrid Senatdagi eshituvlar chog‘ida.

«Rossiya Yevropada navbatdagi tajovuzlar yuz bermasligi uchun NATO doirasida jips va doimiy muvofiqlashtiruvni talab etuvchi tahdid sifatida qolmoqda. Rossiyaning yadroviy salohiyati ayni paytda ham, kelajakda ham katta muammolar yaratadi», — deya Pentagon rahbari Lloyd Ostinning so‘zlarini keltirmoqda Newsweek.

Lloyd Ostin. Foto: Brendan Smialowski / AFP

Buyuk Britaniya mudofaa vaziri Ben Uolles London butun dunyo bo‘ylab Ukrainaga topshirish uchun sovet va Rossiya qurol-yarog‘larini yig‘ishini ma’lum qilgan, deb yozadi WSJ. Vazirning so‘zlariga ko‘ra, dunyoda 23 ta davlat Rossiya texnikasi zaxiralariga ega.

Yevrokomissiya raisi Ursula fon der Lyayyen payshanba kuni Tokioda o‘tgan Yeroittifoq-Yaponiya sammitida Rossiyani jahondagi tartib-intizomga tahdid, deb atadi va RF o‘zboshimcha xalqaro munosabatlarga chorlayotganini ta’kidladi.

Yevrokomissiya raisi Ursula fon der Lyayyen. Foto: Al Jazeera

UNICEF birgina aprel oyida Ukrainada 100 ga yaqin bolalar o‘ldirilganini tasdiqladi. Haqiqiy raqamlar ancha kattaroq bo‘lishi mumkin, chunki Rossiyaning Ukrainaga qarshi urushi bolalarni himoya qilish sohasini tanazzulga uchratgan. Bu haqda BMT Xavfsizlik Kengashida payshanba kuni UNICEF ijrochi direktori o‘rinbosari Umar Abdiy ta’kidlab o‘tgan.

Ko‘proq yangiliklar: