Ukraina tashqi ishlar vaziri Dmitriy Kuleba Kiyev Moskva bilan muzokaralarga tayyorligini, ammo Rossiya tomonining ultimatumlarini qabul qilmasligini aytdi.
"Biz muzokaralarga tayyormiz. Ammo Rossiyaning ultimatumlarini qabul qilishga tayyor emasmiz", - dedi u Die Welt nashriga bergan intervyusida.
Shu bilan birga, Kuleba Rossiya muzokaralar stoliga o‘tirishni istamayotgani, balki harbiy harakatlarni davom ettirmoqchiligini ta’kidladi.
"Asl muammo shundaki, Rossiya real va mazmunli muzokaralarga tayyorligini ko‘rsatmayapti", - dedi Ukraina tashqi ishlar vaziri.
Uning so‘zlariga ko‘ra, "Kiyevga g‘alaba uchun uchta narsa kerak: ukraincha matonat, fe’l-atvor va jangovar qudrat, kerakli qurollarning yetkazib berilishi va Rossiyaga qarshi sanksiyalar".
"Agar uchala omil birlashsa, biz bu urushda g‘olib chiqamiz", - dedi Kuleba.
Ukraina tashqi ishlar vazirining fikricha, Yevropa "Rossiya nefti va gazini sotib olishda davom etadigan bo‘lsa, Rossiya harbiy mashinasini to‘xtatib bo‘lmaydi".