Human Righs Watch: Rossiya va Ukraina kassetali o‘q-dorilardan foydalanyapti

Jahon 11:46 / 12.05.2022 9673

Human Righs Watch (HRW) inson huquqlari tashkiloti hisobotiga ko‘ra, Rossiya qo‘shinlari Ukrainada xalqaro konvensiya tomonidan taqiqlangan kassetali o‘q-dorilardan foydalanmoqda

Bunday snaryadlardan foydalanish natijasida Ukrainada yuzlab tinch aholi halok bo‘ldi, maktablar, kasalxonalar va turar joy binolari zarar ko‘rdi, deya xabar qildi tashkilot vakillari 12 may, payshanba kuni. Huquq faollariga ko‘ra, Ukraina armiyasi ham kamida bir marta bunday quroldan foydalangan. 

Human Righs Watch Rossiyaning bir qancha shaharlarda, jumladan Xarkov va Nikolayevda bunday o‘q-dorilardan foydalanganini hujjatlashtirib olgan. Nikolayevda, mahalliy OAV xabarlariga ko‘ra, 13 mart kuni Rossiya kassetali o‘q-dorilari hujumi natijasida bankomatga navbatda turgan to‘qqiz nafar tinch aholi halok bo‘lgan. 

Rossiya jami nechta bunday snaryad otganini taxmin qilish qiyin, biroq tashkilot tomonidan yuzlab bunday holatlar kuzatilgani aytiladi. Ukraina tomoniga ko‘ra, 9 mayga qadar 100 mingga yaqin mina va kassetali o‘q-dorilarning bo‘laklari topilgan va zararsizlantirilgan.
 
Shu bilan birga, HRW hisobotiga ko‘ra, Ukraina ham kamida bitta holatda kassetali quroldan foydalangan bo‘lishi mumkin. Xabar qilinishicha, bu Xarkov viloyatining Rossiya nazoratidagi Gusarovka qishlog‘ida 6 yoki 7 mart kuni sodir bo‘lgan. «Ukraina hozirgi mojaroda kassetali o‘q-dorilardan foydalangani haqidagi ishonchli dalillarni inkor etmadi», — deyiladi hisobotda. 

Kassetali o‘q-dorilar havoda ochilib, keng maydonga turli xil portlovchi qurilmalar yoki kichik kalibrli bombalarni sochadigan konteynerlardan iborat. Ikkinchisining soni bir necha o‘ndan 600 birlikkacha bo‘lishi mumkin. Kassetali o‘q-dorilar samolyotdan tashlab yuborilishi yoki artilleriya va raketalar yordamida nishonga yetkazilishi mumkin. Kassetali o‘q-dorilar 2010 yil 1 avgustdan kuchga kirgan konvensiya bilan taqiqlangan. Rossiya va Ukraina uni imzolamagan.

Ko‘proq yangiliklar: